Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muxtor Umarov: O‘zbekistonning xorijiy investitsiya bo‘yicha mintaqaviy yetakchiligi tasodif emas
09:05 / 2025-07-07

So‘nggi yillarda diyorimizda investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash borasida jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

E’tiborli jihati, xalqaro tashkilotlar va investorlar O‘zbekistonni barqaror iqtisodiy o‘sishga ega, mintaqadagi muhim strategik davlat sifatida ko‘rayotgani quvonarli. Qolaversa, ochiq tashqi siyosat, qonuniy kafolat va nufuzli investitsiyaviy forumlarga muntazam mezbonlik xorijiy sarmoyadorlarni jalb etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Yaqinda BMT Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (YUNCTAD) tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya (FDI) yillik hisoboti e’lon qilindi. “World Investment Report 2025”da qayd etilishicha, O‘zbekiston 2024 yil to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilingan xorijiy investitsiya miqdori bo‘yicha ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilik qildi.

Mazkur yillik hisobotda investitsiya oqimi mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha tahlil qilinadi, iqtisodiy, siyosiy va texnologik omillarning sarmoyaviy muhitga ta’siri baholanadi, hukumatlar, investorlar uchun taxmin va tavsiyalar beriladi.

O‘zA muxbiri xorijiy investitsiya jalb qilishda ichki va tashqi bozorlarning o‘rni, shuningdek yurtimizning iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishidagi tashqi siyosati xususida Iqtisodiyot Assambleyasi raisi Muxtor Umarov bilan suhbatlashdi.

– O‘zbekiston 2024 yil to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi bo‘lishiga qanday omillar sabab, deb hisoblaysiz?

– Bu muvaffaqiyat eng avvalo yurtimizda olib borilayotgan quyidagi maqsadli islohotlar majmuasi bilan izohlanadi:

2017 yildan buyon amalga oshirilayotgan iqtisodiy liberallashuv va ochiqlik siyosati;

Tartib-taomil soddalashtirilishi, yangi soliq va bojxona islohoti;

Energetika, transport, logistika kabi muxim sohalarda strategik infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi va Erkin iqtisodiy zonalar faol rivojlanishi;

Geosiyosiy nuqtayi nazardan O‘zbekistonning tashqi bozorlarga chiqish uchun qulay joylashuvi;

Mintaqadagi siyosiy barqarorlik va faol diplomatik aloqa.

Umuman, respublikamiz xorijiy investitsiya jalb etish bo‘yicha mintaqada yetakchi davlatga aylanishi tasodifiy emas. Yuqoridagi omillar mamlakatni xalqaro sarmoyadorlar uchun ishonchli va jozibador sherik sifatida namoyon etmoqda.

– Bu natija muvaqqatmi yoki yaxshi tendensiyaga aylanadimi?

– Hukumat islohotni izchil davom ettirsa, huquqiy kafolat, mulk himoyasi, shaffoflik ta’minlansa, yuqori natija barqaror tus olishi mumkin. Mabodo tashqi siyosiy xavf-xatar va ichki ma’muriy to‘siq kuchaysa, ko‘rsatkich ortga ketishi mumkin.

– Hisobotda qayd etilgan islohotlar – tartib-taomilni soddalashtirish, ishbilarmonlik muhiti, shaffoflik qay darajada amaliy samara berdi?

– Avvalo, tartib-taomil amaliyoti qisqartirilishi, elektron xizmat turlari joriy qilinishi tadbirkorlar uchun ancha yengillik yaratdi. Ishbilarmonlik muhiti yaxshilangani, ayniqsa sanoat va agrar klasterlar tashkil etilishi ko‘proq ijobiy natija berdi.

– Yana qanday qo‘shimcha islohotlar investitsiya oqimini tezlashtiradi?

– Bu borada ham bir necha omilni sanab o‘tish mumkin. Masalan, sud-huquq tizimida mustaqillik va adolatni mustahkamlash, yer resursi, mulk huquqi va qurilish sohasida aniq kafolat, valyuta bozoridagi shaffoflik, konvertatsiya imkoniyatini kengaytirish, xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish, xorijiy investorlarga kengroq soliq va bojxona imtiyozi berish orqali mamlakatimizga investitsiya oqimini yanada oshirish mumkin.

– Respublikamiz iqtisodiyotida sanoat, agrar sektor va raqamli texnologiyalar sohalari qaysi yo‘nalishdagi investorlarni ko‘proq jalb qilmoqda?

– Sanoatda – qayta ishlash, to‘qimachilik, kimyo, qurilish materiallari va energetika sohalari.

Agrar sektorda – zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, intensiv bog‘dorchilik, eksport uchun qayta ishlash zavodlari.

Raqamli texnologiyalarda – telekommunikatsiya, moliyaviy va axborot texnologiyalari, autsorsing, ma’lumot markazi va elektron hukumat loyihalari.

– Qaysi tarmoqlar hozircha nisbatan kam sarmoya jalb qilmoqda va nima sababdan?

– Fundamental ilm-fan va R&D – Tadqiqot va innovatsiya.

Ekologiya va yashil energetika – me’yoriy baza yetarli darajada rivojlanmagani uchun.

Turizm infratuzilmasi – hamon logistika va xizmat sifatida kamchiliklar bisyor.

Muvaqqat infratuzilma yetishmasligi va mahalliy mutaxassislar tanqisligi bois ayrim yuqori texnologiyali sohalarda ham qiyinchilik bor.

– Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan taqqoslaganda O‘zbekiston investitsiya muhitining o‘ziga xosligi nimada?

– Qayd etish joiz, 2024 yil O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib kelgan xorijiy investitsiya oqimi 2,8 milliard dollarga yetdi va bu raqam mamlakatni birinchi marta mintaqada yetakchi o‘ringa olib chiqdi. Bu borada o‘tgan yil Qozog‘iston katta ulushga ega edi, Turkmaniston 1,6 milliard, Qirg‘iziston 705 million, Tojikiston 291 million dollar jalb qilgan.

Ayni payt jahon miqyosida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoya oqimi 11 foiz qisqarib, 1,5 trillion dollarni tashkil etgan. Ekspertlar fikricha, joriy yil global investorlar aniq me’yoriy-huquqiy baza va uzoq muddatli strategiyaga ega barqaror va taxmin oqlanadigan makro mintaqalarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Ma’lumki, ishchi kuchi va ichki bozor hajmi bo‘yicha O‘zbekiston mintaqada ustunlikka ega. Geografik joylashuv, ya’ni qo‘shni davlatlar, xususan Afg‘oniston orqali Janubiy bozorlarga chiqish imkoniyati, ayniqsa siyosiy barqarorlik va hukumatning ochiq siyosati bu jarayonda asosiy o‘rin egallaydi.

– Yurtimiz tajribasidan qo‘shni mamlakatlar qanday saboq olishi mumkin?

– Tartib-taomilni raqamlashtirish va litsenziyalash jarayonini soddalashtirish;

Iqtisodiy zonalar va klaster siyosatini joriy etish;

Tashqi siyosatda faol betaraflik va ko‘p vektorli yondashuv;

Qonunchilikni tez va investorlar talabiga mos ravishda yangilash amaliyoti.

– Global beqarorlik sharoitida mamlakatimiz investorlar uchun qay darajada jozibador bo‘lib qolish imkoniga ega?

– Energetika xavfsizligi, resurs bazasi va logistik joylashuv biz uchun eng asosiy strategik ustunlik hisoblanadi, albatta. Siyosiy betaraflik va mintaqadagi barqarorlik ham jozibadorlikni oshiradi. Tashqi kapitalga yuqori darajada bog‘liqlik va global xavf esa investitsiya oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun ichki bozorimiz va eksport salohiyatini kuchaytirish lozim.

– Ayni payt O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan xorijiy investorlar uchun qaysi sohalar eng istiqbolli, deyish mumkin?

– Qayta ishlash va ishlab chikarish sanoati – agrar mahsulotlar, kimyo, qurilish materiallari;

Energetika, ayniqsa yashil energiya va qayta tiklanuvchi manbalar;

IT, telekommunikatsiya va raqamli iqtisodiyot;

Turizm va mehmonxona, logistika va transport infratuzilmasi;

Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sanoati.

– Investitsiya oqimini saqlab qolish uchun davlat qanday uzoq muddatli strategiyaga amal qilishi lozim?

– Qonunchilik va mulk huquqini kafolatlash, infratuzilmani yanada rivojlantirish, logistika zanjirini mustahkamlash, yirik mintaqaviy loyihalarni tayyorlab, tadbirkorlarga tayyor holda takdim etish, xorijiy investorlar uchun aniq va shaffof qoida yaratish, ayniqsa IT va muhandislik sohalarida inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali davlatimiz iqtisodiy jihatdan jadal taraqqiy etishda davom etaveradi.

O‘tkir Alimov suhbatlashdi.

O‘zA