Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muxlisa tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi
16:24 / 2023-11-27

Andijon davlat universitetida “Nodirai davronlar” respublika ko‘rik-tanlovining Andijon viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tanlovning viloyat bosqichida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Qizlarjon” hamda Yoshlar ishlari agentligi qoshidagi “Qizlar ovozi” klublariga a’zo bo‘lgan, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan siyosatga qiziquvchi, yetakchilik qobiliyatiga ega, jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarda faol qatnashayotgan xotin-qizlar ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.  

Tanlov ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi Hamidjon Omonov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquqiy bilim va madaniyatini, yetakchilik qobiliyatini yuksaltirish, ularda milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, xususan, o‘tkazilayotgan tanlov ham ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.  

Nizomga muvofiq, tanlov ikki bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqich ishtirokchilari orasidan saralab olingan 10 nafar xotin-qiz viloyat bosqichida belgilangan shartlar – bexato va chiroyli diktant yozish, shuningdek, milliy qadriyatlarni asrash, targ‘ib qilish va yanada boyitishga qaratilgan “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” mavzusidagi loyihalari taqdimotlari bo‘yicha o‘zlarining bilim va mahoratlarini  namoyish etdi. 

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Andijon pedagogika instituti talabasi Muxlisa Karimova 1- o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Tanlovda ikkinchi o‘rin Andijon davlat universiteti magistranti  Mohinur Sotvoldiyevaga, uchinchi o‘rin esa Andijon davlat universiteti talabasi Nilufar Ibragimovaga nasib etdi.  

[gallery-14785]

– Belgilangan shartlar, ayniqsa, milliy qadriyat va an’analarga oid bilimlarimizni sinovdan o‘tkazdik, – deydi tanlov g‘olibasi Muxlisa Karimova. – Men yozgan diktant hamda namoyish etgan taqdimot hakamlar tomonidan yuqori baholanib, g‘olib bo‘lganligimdan behad xursandman. G‘oliblik menga kuch-shijoat berish bilan birga, zimmamga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Endi tanlovning respublika bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga astoydil harakat qilaman.  

Tanlov g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari