Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muxbirimiz Afg‘oniston chegarasidan xabar qiladi: Surxondaryoda osayishta hayot davom etmoqda
14:50 / 2021-08-15

Afg‘onistonda yuz berayotgan harbiy-siyosiy voqealar haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar yuritilmoqda. "Tolibon" Afg‘oniston shimolidagi yirik shahar Mozori Sharifni egallagach, afg‘on fuqarolarining "Termiz-Hayraton" ko‘prigining Afg‘oniston qismida to‘planib qolgani haqida ham xabarlar tarqaldi.

Ayni paytda ko‘prikning Afg‘oniston tarafiga to‘plangan qo‘shni davlat fuqarolari olib borilgan diplomatik siyosat va tushuntirish ishlari natijasida ko‘prik va unga tutash hududdan chekingan.

Afg‘onistonda yuzaga kelgan bu vaziyatda mamlakatimizning Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda. Termizda xavfsizlik idoralari rahbarlari va davlat hokimiyati organlari vakillaridan iborat tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Barcha zarur xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Qo‘shni davlatning Balx viloyati bilan chegaradosh Surxondaryoda tinch, osuda hayot davom etmoqda. Bugun, yakshanba dam olish kuni bozorlar, savdo do‘konlari, oshxona, restoran va boshqa xizmat ko‘rsatish nuqtalari, muzeylar va ziyoratgohlar odatdagidek ishlamoqda.

“Termiz¬ Hayraton” ko‘prigi Termiz tumanidagi Ayritom mahallasi hududida joylashgan. Amudaryoning narigi qirg‘og‘ida notinchlik yuzaga kelgan bo‘lsa-da, Ayritom mahallasida osayishtalik. Barcha o‘z yumushi bilan band. Dehqonlar shundoqqina chegara hududdagi dalalarda xotirjam mehnat qilayotir.

¬-Amudaryoning narigi qirg‘og‘iga afg‘on fuqarolari kelgani bor gap,¬ deydi Ayritom mahallasi raisi Musurmonqul Hazratqulov.¬  - Biroq, bu holatning bizga umuman aloqasi yo‘q. Buni umr bo‘yi shu yerda yashab kelayotgan xalqimiz yaxshi tushunadi. Mana, bugun mahalladoshlarimizdan biri farzandlariga to‘y berdi. Odamlar karantin qoidalariga amal qilgan holda xotirjam to‘yga kirib chiqdi. Chunki, ular chegaralarimiz mustahkamligiga ishonadi. Yanayam xalqimiz orasida “chegarachilar bu yerni bir, besh yoki o‘n yil qo‘riqlasa, biz bir umr himoya qilamiz” degan hazilomuz gap yuradi. Buni dehqonlarimizning Amudaryoning bu qirg‘og‘ida paxta parvarishlayotgani, yeryong‘oq, ko‘kat yetishtirayotganida ham ko‘rish mumkin. Ular bugun ham odatdagidek dala yumushlari bilan shug‘ullanmoqda. Xalqimizning tinchligimiz barqarorligiga ishonchi mustahkam.

Afg‘onistonda yuz bergan harbiy-siyosiy holat og‘irlashganidan kelib chiqib, viloyatdagi chegarachilar kuchaytirilgan tartibda xizmatga o‘tkazilgan. Shuningdek, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari va Milliy gvardiya bo‘linmalari ham jangovar vazifalarini bajarish uchun shay holatga keltirilgan. Chegarachi harbiy xizmatchilar tunu-kun chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlamoqda. Davlat chegarasini quriqlikda va suvda qo‘riqlash uchun barcha imkoniyat mavjud. Chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash ishonchli qo‘llarda.

Shu kunlarda Termiz dala o‘quv maydonida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi tasarrufidagi Oliy Harbiy ta’lim muassasalarini tamomlab, Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlarda xizmat qilishni boshlagan yosh ofitserlar yig‘ini bo‘lib o‘tmoqda.

O‘quv yig‘inining dam olish kuni rejasiga asosan yosh ofitserlar erta tongdan Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyi va “Termiz” davlat muzey qo‘riqxonasi bilan tanishib, boy tariximiz va madaniyatimiz haqidagi tasavvurlarini boyitgani, Hakim Termiziy majmuasini ziyorat qilgani ham janubdagi vohada osayishta hayot davom etayotganiga yaqqol dalildir.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV (O‘zA)