Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muvozanatga kelayotgan Suriya: Eski yaralar qachon bitadi? (+video)
09:22 / 2026-01-31

Suriya asta-sekin mojarolar soyasidan chiqayotgandek.

Yangi hukumat shakllangandan buyon ayrim hududlarda markaziy boshqaruv tiklana boshladi, ichki kelishuvlarga erishildi, davlat institutlari faoliyatini tiklashga urinish kuzatilmoqda. Shunga qaramay, jarayon to‘liq va barqaror izga tushdi, deyishga hali erta – imkoniyatlar bilan birga ojiz nuqtalar ham ko‘rinib turibdi.

So‘nggi oylarda qurolli to‘qnashuv susaygandek taassurot uyg‘ondi. Bu holatni ayrimlar barqarorlik belgisi sifatida talqin qilinmoqda, boshqalar esa kuchlarni qayta joylashtirish va vaqtda yutishga qaratilgan strategiya, deya baholamoqda.

Ayniqsa, kurd kuchlari bilan yarashuv mamlakatning hududiy yaxlitligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida ko‘rilyapti. Shu bilan birga bu kelishuv kelajakda xavfsizlik bilan bog‘liq yangi siyosiy xatarlar tug‘dirishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ham saqlanib qolmoqda.

Tashqi omil hanuz hal qiluvchi ahamiyatga ega. AQSH, Turkiya va Rossiyaning manfaati va harbiy-siyosiy ta’siri Damashq tomonidan mustaqil qaror qabul qilinishi imkoniyatini cheklab turibdi. Radikal guruhlar muammosi ham to‘liq hal etilgani yo‘q. Ular zaiflashgan bo‘lsa-da, ochiq xavf sifatida hamon dolzarb.

Ayni holatda asosiy savol yana kun tartibiga chiqadi: Suriya haqiqatan xalqaro siyosatga mustaqil sub’ekt sifatida qaytdimi yoki yirik kuchlar raqobati vositasi maqomidan hali qutula olmadimi? Shu mubohasa atrofida O‘zA muxbiri mintaqaviy siyosat bo‘yicha ekspert Farhod Karimov fikrini eshitdi.

Suhbat davomida yangi hukumatning real imkoniyati, ichki barqarorlik nechog‘li mustahkamligi, tashqi kuchlar ta’siri va davlatning kelajakdagi o‘rni tahlil qilindi.

Xulosa shuki, Suriya muvozanat sari harakatlanmoqda. Afsuski, hanuz bitmagan eski yaralarni davolash vaqt, siyosiy iroda va tashqi bosimdan xoli qarorlarni talab qiladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CFrYpbJOzgA" title="Muvozanatga kelayotgan Suriya: Eski yaralarqachon bitadi? " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Musulmon Ziyo, Oybek Davronov, O‘zA