Yer sathidan yigirma besh, o‘ttiz metr balandlik. Bosh uzra faqat osmon, oyoq ostida esa ingichka arqon va minglab hayrat to‘la nigohlar. Faqatgina qo‘ldagi langar cho‘p va ruhiy xotirjamlikka tayanib harakatlanish – bu shunchaki tavakkalchilik emas, balki asrlar davomida sayqallanib kelgan yuksak falsafaning ko‘rinishidir. O‘zbek xalq tomosha san’atining eng xavfli va ayni paytda eng jozibali turi bo‘lgan dorbozlik, shubhasiz, millatning jasorat va muvozanat ramziga aylangan.
Tarix qatlariga nazar tashlansa, dor o‘yinlari – simbozlik yoki simdor – O‘zbekiston hududida shunchaki ko‘ngilochar mashg‘ulot emas, balki katta ijtimoiy hodisa bo‘lganini ko‘ramiz. Manbalarning guvohlik berishicha, hatto Sohibqiron Amir Temur saroyida ham xorijiy elchilarni hayratda qoldiruvchi ajoyib dor o‘yinlari namoyish etilgan. Bu fakt dorbozlikning o‘sha davrdayoq yuksak maqomga ega bo‘lganini, davlat tadbirlari darajasiga ko‘tarilganini anglatadi. O‘tmishda bu san’at turi O‘zbekistonning deyarli barcha yirik shaharlarida ommalashgan bo‘lsa-da, uning haqiqiy “akademiyasi” sifatida Quva va Asaka shaharlari tilga olinadi. Xususan, vodiy dorbozlarining dovrug‘i faqat Markaziy Osiyo bilan cheklanib qolmagan. XVIII – XIX asrlarga oid ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbek dorbozlari o‘z mahoratlarini Xitoy, Hindiston, Afg‘oniston, Eron va keyinchalik Rossiya hududlarida ham namoyish etib, o‘zbek nomini dunyoga tanitganlar.
Dorbozlik tomoshasi faqatgina arqon ustidagi yurishdan iborat bo‘lgan, deb o‘ylash xato. Bu – yaxlit, mukammal ssenariyga ega bo‘lgan haqiqiy teatrlashgan bayram edi. Dor ostida polvonlarning kuch sinashishi, raqqoslarning jozibali harakatlari, qiziqchi-masharabozlar va askiyachilarning xandalari tomoshabinni bir zum ham zerikishga qo‘ymagan. Karnay-surnay sadolari va doira usullari jo‘rligida ayiq, ilon, maymun, ot va echki kabi o‘rgatilgan hayvonlar ishtirokidagi chiqishlar namoyish etilgan. An’anaviy sirk janrlaridan hisoblangan yog‘ochoyoq, nayrangbozlik (illyuziya), besuyak (plastika) va muallaqchilik kabi elementlar dor o‘yinlarining ajralmas qismiga aylanib, uning ta’sir kuchini oshirgan. Bunday tomoshalar bozor maydonlarida, sayillarda, Navro‘z bayramlari va Registon kabi yirik ochiq maydonlarda minglab odamlarni o‘ziga jalb etgan.
XX asr dorbozlik san’ati uchun burilish davri bo‘ldi. Bu davrda sohaning rivoji va yangi bosqichga ko‘tarilishi bevosita Asaka dorbozlari sulolasining yorqin vakili Toshkanboy Egamberdiyev nomi bilan bog‘liq. Aynan ushbu sulola tashabbusi bilan dorbozlik ochiq osmon ostidan yopiq binolarga – professional sirk arenalariga ko‘chdi. 1930-yillardan boshlab repertuar jiddiy o‘zgarishlarga uchradi: xavfsizlik vositalarining joriy etilishi natijasida dor ustida avvallari ilojsiz tuyulgan yangi, o‘ta murakkab tryuklarni ijro etish imkoniyati paydo bo‘ldi. Toshkanboyevlarning xizmati shundaki, ular milliy an’analarni saqlagan holda, katta dor va kichik dor (simdor) o‘yinlarini sintez qilib, o‘zbek sirkini jahon andozalari darajasiga olib chiqdilar. Bu jarayon shunchaki shakl o‘zgarishi emas, balki mazmunan boyish, milliy koloritning professional san’atga integratsiyasi edi.
Bugungi kunda ham bu qadimiy san’at turi o‘z jozibasini yo‘qotmagan, aksincha, yangi avlod vakillari tomonidan qayta kashf etilmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda ko‘plab oilaviy dorbozlik guruhlari faoliyat yuritmoqda. Ular orasida Toshkanboyevlar, andijonlik Yunusali G‘oziyev va O‘ktam Yunusov, farg‘onalik Tursunali Madaminov hamda Bahodir Dadajonov kabi sulola vakillari alohida ajralib turadi. Quvonarlisi shundaki, bu guruhlarning asosiy tarkibini yosh yigit-qizlar tashkil etadi. Ular “ustoz-shogird” an’anasiga sodiq qolgan holda oilaviy muhitda, shuningdek, Respublika estrada va sirk kollejida professional ta’lim olish orqali o‘z mahoratlarini oshirmoqdalar.
Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan turli ko‘rik-tanlovlar, festivallar, shuningdek, Navro‘z va Mustaqillik bayramlaridagi chiqishlar bu san’atning xalq hayotidagi o‘rni naqadar muhimligini ko‘rsatadi. 25 metr balandlikdagi qil arqon ustida muvozanat saqlab turgan dorboz timsolida o‘zbek xalqining o‘z tarixiga, qadriyatlariga bo‘lgan hurmati va kelajakka intilishidagi qat’iyat mujassamdir. Zero, dorbozlik – bu faqat tana imkoniyatlari namoyishi emas, balki inson irodasining cheksizligi haqidagi hikoyadir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA