Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish jarayonlarini soddalashtirish va mahsulotlarni ichki bozorga tezroq chiqarishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday mexanizmlardan biri — muvofiqlik deklaratsiyasi tizimi hisoblanadi.
Muvofiqlik deklaratsiyasi — bu ishlab chiqaruvchi yoki importyor tomonidan mahsulotning belgilangan texnik reglamentlar va standartlar talablariga mos ekanligi rasman e’lon qilinishi hamda buning uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini anglatadi. Ushbu mexanizm mahsulotlarni baholash jarayonini soddalashtirish orqali tadbirkorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.
Muvofiqlik deklaratsiyasi tizimining joriy etilishi ishlab chiqaruvchilar va importyorlar uchun bir qator afzalliklarni ta’minlaydi. Jumladan, mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonlari ancha soddalashadi. Ortiqcha hujjatbozlik va tekshiruvlar qisqaradi. Mahsulotni bozorga chiqarish muddati kamayadi. Tadbirkorlarning vaqt va moliyaviy xarajatlari tejaladi. Shu bilan birga, mazkur tizim tadbirkorlik sub’ektlariga ishonch asosida yondashish tamoyilini mustahkamlaydi. Bu esa mamlakatda ishlab chiqarish faoliyatini yanada rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Qonunchilikka muvofiq, muvofiqlik deklaratsiyasi belgilangan mahsulot turlariga nisbatan qo‘llaniladi. Xususan, ro‘yxatga ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, maishiy tovarlar va sanoat mahsulotlari kiritilgan. Masalan, ayrim turdagi yong‘oq mahsulotlari, bodom, pista va o‘rik mag‘zi kabi qayta ishlangan mahsulotlar uchun sanitariya va xavfsizlik talablari belgilangan bo‘lib, ularning sifati va xavfsizligi maxsus talablar asosida baholanadi.
Deklaratsiya qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lib, tadbirkorlar ushbu ro‘yxat asosida o‘z mahsulotlarini rasmiylashtirish imkoniyatiga ega.
Muvofiqlik deklaratsiyasi tizimi, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun katta ahamiyatga ega. Chunki, an’anaviy sertifikatlashtirish jarayoni ba’zan vaqt va mablag‘ talab qiladi. Deklaratsiya mexanizmi esa bu jarayonni ancha tezlashtiradi.
Natijada yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish va bozorga chiqarish tezlashadi, tadbirkorlar raqobatbardoshlikni oshiradi. Ichki bozorda tovarlar tanlovi kengayadi. Shu bilan birga, mazkur tizim ishlab chiqaruvchi va importyorlar zimmasiga ma’lum darajada mas’uliyat ham yuklaydi. Chunki, deklaratsiya beruvchi tomon mahsulotning standartlarga to‘liq mosligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
Agar mahsulot belgilangan talablarga javob bermasa, qonunchilikka muvofiq tegishli choralar qo‘llanilishi mumkin.
Muvofiqlik deklaratsiyasi tizimi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, u tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Ushbu mexanizmning keng joriy etilishi, ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi, bozorda raqobatni kuchaytiradi. Aholini sifatli va xavfsiz mahsulotlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA