Ta’lim tizimida erishilayotgan muvaffaqiyatlar, avvalo davlatimiz rahbarining sohaga e’tibori va rahnamoligi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan pedagogik jamoaning yakdilligi, ilm-fanga va o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu qolaversa, o‘quv va pedagogik jarayonning tizimli asosda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bilan izohlanadi.
«Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti Oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingida eng yuqori natijani qayd etgani, ya’ni sharafli birinchi o‘rinni bu yil ham o‘z qo‘lida saqlab qolgani hammamizning iftixorimizdir.
Ta’lim tizimida, jumladan, oliy ta’limda amalga oshirilgan islohotlar natijasida yuz bergan o‘zgarishlar ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan katta tarixiy ahamiyatga ega. Amalga oshirilgan islohotlar nafaqat mamlakatimizda katta ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi, hatto xalqaro maydonda ham yurtimiz obro‘-e’tiborini yangi bosqichga olib chiqdi. Bu borada milliy tadqiqot universitetining alohida o‘rni bor.
Oliy ta’lim islohotlarining muhim qirralaridan yana biri yoshlarimizning bir vaqtda bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish masalasi edi. Mamlakatimizda ancha yillardan buyon faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim maskanlarining qabul jarayoniga havas bilan qarab kelar edik. Zero, bir vaqtning o‘zida yurtimizdagi hamma xorijiy oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish mumkin edi. Bu holat bizni ham hayratga solib havasimizni keltirgandi.
Prezidentimiz aynan ana shu masalada «Yoshlarimizga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berishimiz, o‘ylaymanki, ularning ta’lim olish huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladi», deb ta’kidlagan edilar. Buning isbotini aynan «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universitetining “International house Tashkent" akademik litseyi misolida ko‘rishimiz mumkin. Ana shu akademik litseyning o‘quvchisi Abdulaziz Vahobovning yakka o‘zi 95 ta universitetga onlayn hujjat va imtihon topshirib, talaba sifatida taklif etilgani buning yaqqol misolidir. U hozirda Arizona universitetining talabasi sifatida davlat granti asosida o‘z o‘qishini muvaffaqiyatli tarzda davom ettirmoqda.
Ta’lim sifatining alohida ko‘rsatkichlari bo‘yicha akademik litseylar reytingida eng yuqori ko‘rsatkichga Milliy tadqiqot universitetining “International house Tashkent" akademik litseyining ega bo‘lgani ham yuqoridagi fikrimizning tasdig‘idir.
Muvaffaqiyatlarning uchinchi ildizi mazkur universitetning Buxoro filiali birinchi o‘rinni egallagani ham sa’y-harakatlarimiz va iftixorimiz manbaidir.
Bu muvaffaqiyatlar muhtaram Prezidentimizning «Ta’lim-tarbiya — bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi. Shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q», degan fikrlariga javoban bo‘lgan izlanish va intilishlar hosilidir.
Rahimboy Jumaniyozov,
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universitetining dotsenti