Har bir o‘zbek bolasi nuroniylarning duolaridan tinchlik-xotirjamlik so‘rash arimasligiga guvoh bo‘lishgan. Bir qarashda oddiy tuyulgan tilakning nechog‘lik hikmatli ekanini ulg‘aygan sari anglaydi, kishi.
Ayniqsa, bugungi murakkab zamonda tinchlik qanchalik buyuk ne’matligini tushunib yetmoqdamiz. Xalqimizda och qornim, tinch qulog‘im, degan maqol bor. Darhaqiqat, kishi ochlikka chora topishi, yoki oz bo‘lsa-da, rizqiga sabr qilib yashamog‘i mumkin. Ammo urush atalmish insoniyat azaliy dushmanining sovuq nafasidan omon qolmog‘i dargumon.
Ba’zan atrofimizdagilarning turmush tarzidan noroziligi, ota-onalar yoki hukumatga bo‘lgan e’tirozlariga guvoh bo‘lamiz. Tinchlik qadriga yetmasdan, loqaydligi evaziga boshqalarga ham zarar yetkazayotganlarga hayron qolasan kishi. Vaholanki, tinch va farovon vatanimizda mehnat qilgan hech bir inson e’tibordan chetda qolmaydi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tinchlik bilan xotirjamlik hamisha yonma-yon yashaydi. Eng muhimi, ko‘ngil xotirjamligini donolar ham ko‘p e’tirof etishgan. Aslida muvaffaqiyatning siri ham xotirjamlikda.
Avvalo, har kim ham ko‘zlagan maqsadiga erishmog‘iga ishonib yashashi lozim. Shundagina u xotirjam bo‘lmog‘i mumkin. Bundaylar esa kamroq xato qiladilar.
Sherbek Islomov, O‘zA