Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muvaffaqiyatning siri toza muhitda
16:19 / 2025-12-15

Har bir inson hayoti davomida erishishni istagan maqsadiga ega. Ammo harakat va yo‘llar turlicha. Maqsadga erishishning qandaydir aniq formulasi bormi?

Ijtimoiy tarmoqlarning taraqqiy etgani kishilarning ommaga tanilishini osonlashtirdi. Kimdir erishgan kichkina narsasini ko‘z-ko‘z qilsa, kimdir hech narsani uddalamagani holda maqsad qo‘yish-u unga yetish yo‘llari haqida va’z o‘qiydi. Amalsiz gapning ta’siri ham bo‘lmaydi deganlaridek, bu yoshlarning saviyasini tushirish bilan birga, salohiyatini yuzaga chiqarishga ham jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.

Achinarlisi shuki, bir qancha yoshlar ana shunday saviyasiz “motivatorlar”ga ishonib, vaqti va pulini behudaga sarflashmoqda. Natijada yuksalishi kerak bo‘lgan ong va tafakkurning robotdan farqi qolmayapti.

Muammoni ko‘targach, tabiiyki, yechimi ham kutiladi.

—Bir narsaga erishmoqchi bo‘lgan kishi, avvalo uning o‘zi uchun ahamiyatini chuqur anglamog‘i lozim. Albatta, inson hamisha kimningdir xoh ruhiy, xoh jismoniy ko‘magiga muhtoj sanaladi. Shu ma’noda bir maqsad sari intilayotganlar ham atrofidagilarining munosabatiga befarq bo‘lolmaydi. Shuni hisobga olgan holda kishi maqsad sari undaydiganlarning yonida bo‘lmog‘i lozim, to‘sadiganlarning emas. Yo‘l-Yo‘riq ko‘rsatishga esa haqiqiy ilm kishilari, olimlargina haqli deb bilaman, — deydi folklorshunos olim, bir qancha ma’naviy-ma’rifiy kitoblar muallifi Abdumurod Tilovov.

Darhaqiqat, muvaffaqiyatning siri toza muhitda. Har qanday yuksak natija sohibini aynan yo‘lga qo‘yilgan to‘g‘ri yashash muhiti shakllantiradi. Shunday ekan, maqsadlarimizni to‘g‘ri manzillardan izlaylik.

Sherbek Islomov, O‘zA