Bugun “motivatsiya” deb atayotganimiz, aslida, biz uchun yangilik emas. Xalqimizda ustozlardan ruhlanish, o‘zgalar yutug‘idan shijoat olishga chorlovchi qanchadan-qancha hikmatlar bor. Qovunning qovundan rang olishi, kimlar bilan yurishimizga qarab ertaga qanday inson bo‘lishimizni eslatuvchi maqollar bejiz yaralmagan.
Joylarda turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan insonlarning yoshlar bilan uchrashib, o‘z tajribalarini o‘rtoqlashayotgani zamirida ham yaxshi niyat mujassam. Niyatki – ertamiz egalari safida tashabbuskor va izlanuvchanlar soni ortsin.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Euro Aziya Motors” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Akmal Ahmedov bilan hududdagi yoshlar o‘rtasida samimiy muloqot tashkil etildi.

Tadbirkor Akmal Ahmedov Prezidentning joriy yil 18 avgust kuni “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra taqdirlandi. U “Shuhrat” medaliga munosib ko‘rildi.
Yosh tadbirkor tumanda loyiha qiymati 5 milliard 200 million so‘mlik avtomobil sotish va texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasini barpo etgan. Natijada 18 nafar yoshning doimiy bandligi ta’minlandi.
Ishbilarmon tomonidan to‘rt yil avval yana bir tadbirkorlik yo‘nalishiga qo‘l urilgan. Tuman hududidan umumiy maydoni sakkiz gektar yer olinib, u yerda zamonaviy issiqxona tashkil etildi. Issiqxonada bir necha turdagi poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi. Bu mahsulotlar peshma-pesh ichki va tashqi bozorga yetkazib berilyapti.

Tadbirkor sohaga endi kirib kelayotgan yoshlarga mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti, berilayotgan imtiyozlar xususida atroflicha so‘zlab berdi. Faoliyati kengayib borayotgani, bunyodkorlik sohasidagi loyihalari haqida to‘xtaldi.
– Davlat biz, tadbirkorlarning faoliyatimiz kengayishini istab turganini his qilib turibmiz, – deydi Akmal Ahmedov. – Bu ishbilarmonga katta motivatsiya beradi. “Shuhrat” medali bilan mukofotlanganimni menga bildirilgan katta ishonch, deb qabul qildim. Safimizni kengaytirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga harakat qilamiz. Maqsadimiz xalqaro bozorga chiqish. Eksportga urg‘u beramiz. Buning uchun barcha sharoit bor. Tadbirkorlarning huquqlari qonun bilan kafolatlanib, faoliyatimiz davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapti. Bu esa biznesimiz rivojlanishining asosi sanaladi.
Uchrashuvda yoshlar, sohaga endi kirib kelayotganlar tadbirkorlik yo‘nalishida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA