Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mutolaa”: loyiha foydalanuvchilari 1,4 milliondan ortdi
16:51 / 2026-01-15

“Mutolaa” – eng sara kitoblarning elektron, audio hamda video shaklidagi sifatli va tizimli platformasi hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur tizim O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy tashabbus demakdir.

Loyiha yosh avlodni kitob o‘qishga rag‘batlantirish, milliy va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommaga taqdim etish orqali kitobxonlik muhitini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Yoshlar ishlar agentligi tomonidan tashkil etilgan.

Kuzatuvchilar telefoniga “Mutolaa” ilovasini yuklab olish orqali 3000 dan ortiq elektron va audio kitoblarni qo‘lga kiritishlari hamda ularni mutolaa qilishlari mumkin.

“Mutolaa” ikki yil davomida millionlab kitobxonlarni bir g‘oya atrofida birlashtirib, sinovlardan sharaf bilan o‘tdi, – dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev. – Bu jarayon bizga bir haqiqatni o‘rgatdi. Xususan, bilimli bo‘lishning o‘zi kam, ilm yo‘lida davomiylik kerak. Qat’iyat bu faqat xohish emas, bu – intizom. Iroda va intizom birlashgan joyda natija bo‘ladi: har kuni kitob, har kuni yangi fikr. Platformada 450 kundan ortiq uzluksiz mutolaa qilgan kitobxonlarning paydo bo‘lishi oddiy bir raqam emas, bu shakllanayotgan yangi madaniyatdir. Biz zamon bilan hamnafaslikni tanladik. Sun’iy intellekt imkoniyatlari, asarlarning vizual talqini – bularning bari chalg‘itish uchun emas, balki tafakkurni kengaytirish uchun xizmat qiladi. Maqsadimiz – kitobni sevganlarni qo‘llab-quvvatlash, sevib ulgurmaganlarni esa asta-sekin bu yorqin olamga yetaklashdir.

– Bugungi kunda yurtimiz aholisini kitob o‘qishga keng jalb etishga qaratilgan “Mutolaa” loyihasi foydalanuvchilari 1,4 milliondan ortdi, – dedi “Mutolaa” ilovasi media bo‘limi rahbari Jasurbek Anvarov.  – Hozirda “Mutolaa” ijodkorlari tomonidan yangicha uslubda tayyorlangan video-kitoblar ham taqdim etilmoqda.

Loyiha milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini elektron va audio formatlarda jamlaydi va ulardan bepul foydalanish imkoniyatini yaratadi. Yoshlarni qiziqtirish uchun kitoblarning mazmuni asosida yangicha uslubda tayyorlangan video-kitoblar taqdim etiladi. Kitoblar zamonaviy texnologiyalar yordamida raqamlashtirilib, keng ko‘lamdagi auditoriya uchun ochiq qilinadi.

Loyiha o‘z faoliyatini maxsus ishlab chiqilgan “Mutolaa” mobil ilovasi hamda You Tobe, instagram va telegram platformalari orqali amalga oshiradi. Bu orqali foydalanuvchilarga kitoblarni o‘qish va tinglash, video-kitoblarni ko‘rish va yangiliklardan xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan.  

Mazkur loyiha kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish, yoshlarning intellektual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishni ko‘zda tutadi.  

“Mutolaa” loyihasi yoshlar uchun intellektual muhit yaratish, ularni o‘z hayotlarini boyitishga chorlovchi noyob tashabbusdir. Kitob o‘qish endi nafaqat foydali, balki qulay va zamonaviy formatda ham amalga oshiriladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA