Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutolaa – asabni tinchlantirib, qalbni yumshatadi (+video)
21:20 / 2024-02-12

Hammamiz kitob o‘qishning foydali ekanini eshitganmiz. Lekin uning foydaliligi aynan nimada?

Kitob o‘qish, ya’ni mutolaa eng avvalo odam asabini tinchlantiradi. Atigi olti daqiqa kitob o‘qish asabiylashishga barham beradi. Qalbni yumshatadi. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, badiiy asar o‘qigan odam hayotda ham boshqalarning his-tuyg‘ularini yaxshi tushunar ekan. Doimiy ravishda kitob o‘qish boshqa tillarni o‘rganish, yangi so‘zlarni oson tushunish va yodda saqlab qolishga yordam beradi. Ya’ni, chet tilini o‘rganishni osonlashtiradi.  

Eng asosiysi, miya faoliyatini yaxshilab, tushkunlikka qarshi kurashishga yordam beradi, insonni go‘zallashtiradi. Chunki yuqori darajadagi aqliy salohiyat insonning tashqi ko‘rinishini ham go‘zallashtiradi. Har qanday mavzuda qiziqarli suhbat qura olish va o‘z bilimini namoyish etish suhbatdoshining mehrini qozonishga yordam beradi.  

Birgalikda kitob o‘qish esa ota-onalar va bolalarning o‘zaro munosabatlarini yaxshilaydi. Ayniqsa, tarixiy janrda yozilgan badiiy asarlar bola xotirasini mustahkamlab, fikrlash qobiliyatini oshiradi.  

Yoshlarning ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan e’tiborini oshirish, ular ijodini kengroq o‘rganish maqsadida respublikamiz bo‘ylab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Milliy gvardiya tomonidan tashkil etilgan kitobxonlik mavzusidagi tadbir ham yoshlarimiz uchun sermazmun bo‘ldi.  

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasiga tashrif davomida “Temurbeklar maktabi” va Harbiy musiqa akademik litseyi o‘quvchilari qiziqarli janrdagi turli xil kitoblar, kutubxonadagi sharoitlar va o‘quv zallaridagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.  

Buyuk ajdodlarimiz Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning kelajak avlod uchun qoldirgan boy ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishib, ulkan taassurotlar oldi. Shundan so‘ng, o‘quvchilar Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi.    

Unda buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arboblari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz, adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.   

— Tadbirda harbiy akademik litsey nomidan chiqishlar qildik. Alisher Navoiy hamda Bobur g‘azallarini turli tillarda yodlab, ularni tengdoshlarimizga ijro etib berdik, — deydi  o‘quvchi Zuhra Botirova.  

<iframe width="1600" height="700" src="https://www.youtube.com/embed/6cd3FI-2v9M" title="Mutolaa – asabni tinchlantirib, qalbni yumshatadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>  

Shu bilan birga, Bobur ijodiy merosining olamshumulligi hamda Alisher Navoiyning  g‘azallari-yu dostonlari borasida qiziqarli bahslarga boy suhbat qurilib, mavzuga oid sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.  G‘azal hamda ruboiylarga bastalangan qo‘shiqlar yangradi.

N.Rahmonova, A.Ahmedov (video), O‘zA