Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil mehnat stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilinadi
12:21 / 2022-03-11

Barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishi orqali ularni ma’nan yetuk insonlar qilib voyaga yetkazish jamiyat oldida turgan muhim vazifadir.

Bunday jarayonda esa farzand tarbiyasiga bevosita daxldor bo‘lgan onalarimizning roli beqiyos. Oila va jamiyatda yoshlarni barkamol qilib tarbiyalashda ularning tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan xotin-qizlarning ma’anaviy boy dunyoqarashga ega bo‘lishi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois xotin-qizlar ta’lim olishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ularga ta’limning har bir bosqichida zarur shart sharoit yaratib berish muhim sanaladi.

Yaqinda qabul qilingan «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni bilan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etilmoqda.

Jumladan, xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2022 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltiriladi.

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan, shu jumladan, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlar ijara huquqi asosida ijtimoiy uy-joylarga joylashtiriladi.

Uy-joyga muhtoj xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan «Ayollar daftari»ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi «Ayollar daftari» jamg‘armasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yangi boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million so‘mdan 10 million so‘mga oshiriladi. Xotin-qizlarga o‘z tomorqasida gul va meva-sabzavot yetishtirish uchun issiqxona qurish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni yo‘lga qo‘yish uchun 35 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Albatta, bu kabi imtiyozlarning berilishi minglab ijtimoiy muammolar girdobida yashayotgan xotin-qizlar turmushi izga tushib, oilasidagi farzand tarbiyasi bilan bemalol shug‘ullanish imkoniyatini yaratib beradi. 

Endilikda bunday toifaga kiruvchi xotin-qizlar nafaqat uy-joy bilan ta’minlanadi, shu bilan birga,o‘z xonadonida imtiyozli kredit va subsidiyalar orqali o‘z tadbirkorligini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ya’ni unda kundalik turmush tarzidan manfaatdorlik ortib, o‘z oilasi kelajagi uchun farzandlari tarbiyasiga ko‘proq vaqt sarflashi zarur ekanligini tushunib yetadi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bugungi kunda ko‘plab oilalardagi notinchliklar, farzandlarning o‘z vaqtida ta’lim ololmasligi, voyaga yetmasdan turib onasiga yordamchi bo‘lib og‘ir mehnat bilan shug‘ullanishiga sud tomonidan belgilangan aliment to‘lovining mas’uliyatsiz ota tomonidan o‘z vaqtida to‘lab berilmayotganligi ham sabab bo‘lmoqda.

Farmon bilan Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda «Aliment to‘lovlari» davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 50 milliard so‘m ajratiladi.

Endilikda, sud qarori bilan aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablag‘larni uch oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan hollarda «Aliment to‘lovlari» davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari aliment to‘lovlari bo‘yicha shakllangan qarzdorlikni biryo‘la to‘lash uchun yo‘naltiriladi hamda keyinchalik aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinadi. Bu esa o‘z navbatida oz bo‘lsa-da, asosiy boquvchisidan ayrilgan oilaning iqtisodiy ta’minoti o‘z vaqtida uzluksiz ta’minlanishida katta qadamdir.

Albatta, sog‘lom farzandni tarbiyalashda, uni dunyoga keltiruvchi onalarimiz salomatligi ham eng muhim mezonlardan biri sanaladi. Shu bois farmonda xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlarga xos bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida ikki oy muddatda yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ehtiyojmand 6 ming nafar xotin-qizlar, reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlanishga muhtoj bo‘lgan 10 ming nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxatlari shakllantiriladi.

Yakunda esa birgina 2022 yilda 3 million nafar xotin-qizlar onkologik skriningdan o‘tkaziladi. 2022-2025 yillar davomida 227 ta tug‘uruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni to‘liq ta’mirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining 105 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari jalb qilinadi. Barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tarkibidagi «Onko-nazorat» ayollar ko‘rikxonalari tashkil etilib, zaruriy tibbiy asbob-uskunalar va tibbiy vositalar bilan jihozlanadi.

Yana bir muhim yangilik, xotin-qizlarga ta’lim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan, sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari ajratiladi.

Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat byudjetidan qoplab beriladi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha – 50 nafar, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha – 10 nafar xotin-qizlarga har yili «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar hamda davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlar har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomalariga asosan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

 

Mavluda ATXAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati