Bugungi kunda har bir sohaning raqamli rivojlanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda bunga jiddiy yondashilmoqda. Aholiga qulayliklar yaratish, tizimdagi shaffoflikni ta’minlash hamda xalqaro maydonda raqobatbardosh sohaga aylanish uchun raqamli tizim yaratish ustuvor vazifaga aylandi.
Shu maqsadda ijtimoiy himoya sohasida “Maqsad – faoliyat – natija” tamoyilini amaliyotga joriy etish doirasida mutaxassislar uchun treninglar o‘tkazildi.
Qatnashchilar amaliy mashg‘ulotlar orqali yangi ishlab chiqilgan standart operatsion tartib-taomillar (Standard Operating Procedures, SOPs)ni qo‘llashni o‘rganib, diagnostik baholash, texnik maslahatlashuvlar, metodologik tahlillar o‘tkazish ko‘nikmalarini mustahkamladi.

Mazkur amaliy mashg‘ulotlarning afzalligi shundaki, unda ishtirokchilar IHMAning rejalashtirish va byudjetlashtirish jarayonlari izchilligi, shaffofligi va davlat moliyaviy boshqaruvining natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv (RBM) va dasturiy byudjetlash talablari bilan to‘liq uyg‘unligini ta’minlash haqida yanada kengroq tushunchaga ega bo‘ldi.
Shuningdek, ijtimoiy himoya dasturlarini o‘lchanadigan natijalar va dalillarga asoslangan holda tizimli ravishda loyihalash, moliyalashtirish va monitoring qilish imkonini beruvchi yaxlit asos ham ko‘rib chiqildi.
Ushbu treningdan ko‘zlangan maqsad inklyuziv byudjetlashtirishni ta’minlash, monitoring va hisobot yuritish amaliyotlarini kuchaytirish layoqatini yanada oshirishdan iborat.
Mutaxassislar joriy yondashuv asosida nafaqat natijaga yo‘naltirilgan boshqaruvning konseptual asoslarini anglash, balki ularni butun Agentlik bo‘ylab tizimli ravishda qo‘llaniladigan amaliy vositalarga aylantirish imkonini ham muhokama qilishdi.
Sherbek Islomov,
O‘zA