Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutaxassislar moylash materiallari sanoatini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi
15:30 / 2024-11-01

Toshkent shahrida “Saneg” neft-gaz kompaniyasining vertikal integratsiyalangan neft biznes operatori – “SEG Motol” kompaniyasi hamkorlar bilan birinchi anjumanini o‘tkazdi.

Anjumanda moylash materiallarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya distribyutorlari, O‘zbekistonning yirik sanoat moy iste’molchilari, avtomobil sanoati va avtomobil biznesi hamda yirik chakana savdo tarmoqlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda “SEG Motol” kompaniyasi direktori Baxtiyor Asatullayev, “Saneg Oil Italy” kompaniyasining ijrochi direktori Mauro Nochelli va boshqalar O‘zbekistonda moylash materiallari sanoatini rivojlantirishda o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish muhimligi, bunda tashkil etilgan mazkur anjuman shu maqsadga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shuni alohida qayd etish joizki, mamlakatimizning iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda mavjud sharoitlardan keng foydalanish va bu boradagi chora-tadbirlar ishbilarmonlar uchun yangidan yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda. Shu ma’noda, anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda moylash materiallari sanoatini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

“SEG Motol” kompaniyasi direktori Baxtiyor Asatullayev qayd etganidek, ushbu jarayonda hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish va o‘zaro muloqot uchun maydon yaratish muhim ahamiyatga ega.

– Ushbu konferensiya bizga bozor ehtiyojlarini anglash, eng yuqori sifat standartlari va sanoat talablariga mos mahsulotlar taklif qilish uchun noyob imkoniyatni taqdim etdi. Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, tajriba almashish va hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi, – dedi B.Asatullayev.

Anjuman davomida biznes va sanoat vakillariga moylarni rivojlantirish bo‘yicha “Saneg” va “SEG Motol” kompaniyalarining ikki brendli strategiyasi taqdim etildi. Masalan, “Saneg” brendi ostidagi mahsulotlar Italiyaning Bari shahridagi “Saneg Oil Italy” zavodida ishlab chiqarilgan zamonaviy yengil avtomobillar uchun premium sintetik moylarni o‘z ichiga oladi.

– Ushbu tadbirda ishtirok etayotganimdan xursandman, – dedi “Saneg Oil Italy” kompaniyasining ijrochi direktori Mauro Nochelli. – Bu mavzu yuzasidan muloqotga kirishish va kelgusi rejalarni amalga oshirish uchun puxta zamin yaratadi. Bugungi kunda ilg‘or texnologiyalar va ishlab chiqarish quvvatlari O‘zbekiston bozoriga Yevropa sifat standartlariga mos mahsulotlarni taqdim etish imkonini bermoqda. Bu soha ravnaqiga muhim qadamdir.

Shuningdek, tadbirda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan “SEG Motol” sanoat moylari va tijorat transporti uchun surkov materiallari hamda ularning raqobatbardosh afzalliklari haqida ma’lumot berildi.

Anjuman qatnashchilariga 2030 yilgacha “Saneg” moylari biznesini rivojlantirish strategiyasi taqdim etildi. Unga ko‘ra, kompaniya O‘zbekistonda yiliga 60 ming tonnagacha tovar moylari va 150 ming tonna bazaviy moylar, Italiyada esa 20 ming tonnagacha tovar moylari va 5 ming tonna surkov moylarini ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA