Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutaxassislar havo ifloslanishining sabablarini tushuntirdi
09:37 / 2026-01-31

So‘nggi kunlarda mamlakatimizning qator hududlarida havo sifati sezilarli darajada yomonlashdi. Soha vakillarining ta’kidlashicha, bu holatga noqulay meteorologik sharoitlar, xususan, shamolsizlik, past shamol tezligi hamda harorat inversiyasi sabab bo‘lmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, tungi va ertalabki soatlarda havo qatlamlari o‘rtasida inversiya holati yuzaga keladi, sovuq havo yerga yaqin qatlamda qolib, iliq havo esa yuqorida joylashadi. Shu sababli atmosferaga chiqarilgan mayda zararli zarrachalar yuqoriga ko‘tarilmasdan, yerga yaqin qatlamda to‘planib qoladi va shahar havosida ma’lum muddat saqlanadi.

Qolaversa, ertalabki soatlarda kuzatilayotgan tuman ham havodagi aerozol zarrachalar miqdorini oshiradi. Yuqori namlik sharoitida PM2.5 kabi mayda zarrachalar havoda uzoq vaqt saqlanib, ifloslanish darajasining ortishiga olib keladi.

Ayni paytda maxsus komissiya tomonidan ekologik reydlar va monitoring ishlari kunu tun davom ettirilmoqda. Havo sifatidagi o‘zgarishlar haqida Ekologiya milliy qo‘mitasi hamda uning tarkibidagi O‘zgidromet agentligining rasmiy manbalari orqali aholiga muntazam ma’lumot berib borilmoqda.

Mutaxassislar fuqarolarga imkon qadar ochiq havoda uzoq qolmaslik, niqob taqish va salomatlikka e’tiborli bo‘lishni tavsiya etmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA