Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yer sayyorasining 71 foizini dengiz va okeanlar, 29 foizini quruqlik tashkil etsa, shundan atigi 11 foizida insoniyat uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining 90 foizi yetishtiriladi.
BMTning Atrof-muhit dasturi (UNEP) bo‘yicha tayyorlangan “Global ekologik taraqqiyot” hisobotida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda yer sharida 2 milliard gektarga yaqin maydon turli darajada degradatsiyaga duchor bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilshodbek Nazirov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda istiqboldagi strategik vazifalar sifatida 2026 yilga qadar 1 million gektar ekin yer maydonlarida tuproqlardagi gumus miqdorini oshirish, sho‘rlangan yerlar miqdorini 100 ming gektarga kamaytirish, 1,7 million gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash, 26 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida ihotazorlar barpo qilish belgilab olingan.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, degradatsiyaga uchragan 232,8 ming gektar hududda o‘rmon barpo etish ishlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda saksovul, cherkez, qandim kabi sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat “yashil qoplamalar” barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Degradatsiyaga uchragan 232,8 ming gektar hududda o‘rmon barpo etish ishlari amalga oshirildi.
– So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini saqlash va oshirish, degradatsiyaga qarshi kurashish, eroziya, sho‘rlanish, botqoqlanish, cho‘llanish jarayonlarining oldini olish masalalari global miqyosda hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarga aylanib bormoqda, – deydi D.Nazirov. – Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan mazkur muammolarning oldini olish, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, yangi zamonaviy innovatsion texnologiyalarni sohaga joriy etish, tabiiy resurslardan ilmiy asoslangan holda oqilona va samarali foydalanishni tashkil qilish bo‘yicha xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda umumiy qiymati 50 million dollarga yaqin qariyb 15 ta loyiha amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA