Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutaxassis: Parlament palatalarining vakolatlari bir-birini takrorlamasligi zarur
11:09 / 2023-02-28

Ayni kunlarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning yanada xalqchil va puxta bo‘lishi uchun ko‘plab takliflar, mulohazalar bildirilmoqda. Shu paytgacha loyiha yuzasidan 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga yuridik fanlar doktori, professor Xushvaqt Hayitov parlament faoliyatini isloh qilish borasida quyidagi takliflarni bildirdi.    

— Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar “Inson qadri uchun” tamoyilini yanada yuksaltirish, davlat boshqaruvini yanada samarali va natijador qilib tashkil qilishda mustahkam asos bo‘ladi.    

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari davlatning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. O‘z navbatida, parlament palatalari vakolatlari o‘rtasida aniq taqsimot, chegara belgilanishi, takrorlashlar bo‘lmasligi ushbu organlar faoliyati samaradorligi va mas’uliyatini oshiradi. Shu ma’noda Konstitutsiya loyihasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining vakolat va mas’uliyatini aniq chegaralash lozim.    

Konstitutsiyamizda parlament palatalarining vakolatlari belgilangan. Parlament nazoratiga oid vakolatlari deyarli bir xil, takrorlangan. Palatalar qo‘mitalarining nomi va yo‘nalishlari ham bir-birini takrorlaydi. Bu esa bir xil muammoni ikki palatada bir xil tarzda qayta-qayta ko‘rilishiga olib keladi.    

Umumiy vakolatlar bilan birga, har bir palataning o‘z ixtisoslashuvi doirasidagi vakolatlari ajratib ko‘rsatilishi lozim. Masalan, quyi palata siyosiy partiyalarning fraksiyalaridan iborat ekan, xalq tomonidan saylangan vakillar partiyalarning siyosiy pozitsiyasi, elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda faoliyat ko‘rsatishi lozim.    

Senat esa o‘zining ustuvor faoliyat yo‘nalishlari sifatida hududlar manfaatlarini ifoda etadi. Bilvosita saylangan senatorlar hududlar manfaati uchun kurashadi, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati ustidan nazoratni, tashqi siyosatga oid muayyan vakolatlarni amalga oshiradi.  

Demak, mazmunan farq qiladigan vakolatlar nuqtai nazaridan parlament nazorati ham shunga yo‘naltirilishi kerak. Ana shunda bir-birining vakolatlaridagi takrorliklar bartaraf etilib, ikkala palata yo‘nalishlaridagi sifat va samaradorlik ortadi.  

 

O‘zA muxbiri  

Muhtarama Komilova  

yozib oldi