Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutaxassis: mevali bog‘larda 50 dan ortiq kasallik tarqalishi mumkin
13:11 / 2021-05-20

O‘zbekiston hududida 200 dan ortiq turdagi chigirtkalar uchraydi.

Shundan 6-7 turdagisi ularga qarshi kurash tadbirlari o‘tkazilmasa, qishloq xo‘jaligi ekinlari va yaylovlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zagrokimyohimoya» AJ tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekiston hududida tarqaladigan zararli chigirtkalar turlari, biologiyasi va ularga qarshi kurashish chora-tadbirlari» mavzuidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, mamlakatimizda xavfli chigirtkalarning «Marokash», «Italiya prusi», «Osiyo», «Otbosar», «Katta bukri», «Saksovul» kabi turlari mavjud.

Joriy yil mavsumida soha olimlarining ko‘p yillik ma’lumot va tahlillariga asosan respublikamizning 593 ming gektar maydonida zararli chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlov o‘tkazilishi taxmin qilingan.

– Mevali bog‘larda 50 dan ortiq kasalliklar uchraydi, – deydi O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Kamol Mamatov. – Bu kasalliklarni asosan zamburug‘, bakteriya va viruslar kabi mikroorganizmlar qo‘zg‘atadi. Ulardan asosiylari klyasterosporioz, parsha (kalmaraz), monilioz, un shudring, shaftolini barg bujmayish, qora rak, bakterial kuydirgi va bakterial rak kabi kasalliklar hisoblanadi.

Kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar zamburug‘lar yerga to‘kilgan barglarda, zararlangan gul bandlarida, kurtaklarda, novdalardagi yaralarda va mo‘miyolangan mevalarda qishlaydi. Kasallik qo‘zg‘atuvchi patogenlar yomg‘ir, shamol va asalarilar orqali tarqaladi. Klyasterosporioz kasalligi barcha danak mevali daraxtlarida va parsha kasalligi urug‘ mevali daraxtlarda uchraydigan eng xavfli kasalliklardan biri hisoblanib, ularga qarshi kurash tadbirlari o‘tkazilmasa, olinadigan hosil miqdori va uning sifatiga katta zarar yetadi.

 Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA