Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutaxassis: «Kibersport — eng tez rivojlanayotgan sanoat»
14:09 / 2022-11-17

Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi (ADNEC) tomonidan Birlashgan Arab Amirligi axborot agentligi (WAM) bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan «Jahon Media kongressi»da zamonaviy sohalardan biri — kibersport haqida ma’lumot berildi.

Kibersport bo‘yicha xalqaro musobaqalarni tashkil etuvchi «BLAST» kompaniyasi boshqaruv direktori Sharlotta Kenni kibersportning zamonaviy dunyodagi ahamiyati, uning an’anaviy sportdan farqli jihatlari hamda sohaning rivojlanish istiqbollari to‘g‘risida gapirdi.  

«Kibersport dunyodagi eng tez rivojlanayotgan sanoatlardan biridir. Endi uni butun dunyo bo‘ylab o‘ynashadi, kuzatishadi. Musobaqalar tashkil etish juda oson. Unda katta sovrinlar, professional sportdan unchalik ham ko‘p farq qilmaydigan mukofot summalari mavjud. Bu esa ko‘plab insonlarning qiziqishi ortishiga sabab bo‘luvchi samarali vositalardan biri, nazarimda», dedi u o‘z chiqishida.  

Sharlotta Kennining tushuntirishicha, insonlar bugun kibersport bilan professional tarzda shug‘ullanishmoqda. Sohaning millionlab auditoriyasi uchun «Twitter», «Facebook», «YouTube», «Twitch» kabi platformalar orqali muntazam ravishda «strim» (jonli efir)lar tashkil etilmoqda.  

«Kibersport pandemiya davrida juda tez rivojlandi. Buni qancha odam tomosha qilib, undan qancha daromad topganidan ham bilsa bo‘ladi. Musobaqalarga millionlab mablag‘lar sarflandi. Unda aylangan summalar miqdori an’anaviy sport o‘yinlaridan unchalik farq qilmaydi. Pandemiya davrida qiziquvchilar soni aqlga sig‘mas darajada oshdi. Endi kibersportni an’anaviy media va an’anaviy sport bilan tenglashtirishmoqda», deya ta’kidladi u.  

Mutaxassisning qayd etishicha, 2021 yilda kibersport bozorining qiymati 1 mlrd. dollarni tashkil etgan.  

«2022 yil yakuniga qadar ushbu summa 1,6 mlrd. dollarga yetishi kutilmoqda. Sohaning o‘sish ko‘rsatkichi har yili kamida 15 foizni tashkil etmoqda. Bu juda hayratlanarli», dedi u.  

«Masalan, BAAdagi har 10 kishidan 9 nafari qaysi o‘yin bo‘lishidan qat’i nazar, har kuni — «FIFA», «Counter Strike», «Dota», «Minecraft», «Call of Duty», «PES» kabi video-o‘yinlarni o‘ynashadi. Ushbu o‘yinlar 30 xil tilda 130 mamlakatda translyatsiya qilinadi. Kibersportning asosiy yosh auditoriyasi 18-35 yoshdagi shaxslardir. Chunki ular raqamli texnologiyani juda yaxshi tushunadi», deya qayd etdi u.  

Sharlotta Kennining ta’kidlashicha, birgina «Counter Strike» o‘yini bo‘yicha Abu-Dabi, Mayami, London, Kopengagen kabi shaharlarda har yili xalqaro turnirlar bo‘lib o‘tadi. Ko‘plab kibersport ishqibozlari tashrif buyurishadi, platformalar orqali jonli yoritilib borilganda esa millionlab kuzatuvchilar tomosha qilishadi.  

«Kuzatuvlarimiz davomida ma’lum bo‘ldiki, ishqibozlarning 45 foizi kibersport musobaqalarida reklama qilingan mahsulotlarni albatta sotib olishadi. Bu kichik raqam emas va shuning o‘ziyoq kibersportning katta bir sanoatga aylanib bo‘lganidan dalolat», deya so‘zini yakunladi kibersport bo‘yicha xalqaro musobaqalar tashkil etuvchi «BLAST» kompaniyasi boshqaruv direktori Sharlotta Kenni.  

Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonda ham kibersport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni talaygina. Ularning o‘ziga xos auditoriyasi, ishqibozlari bor. 16 noyabr kuni sohani rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori imzolandi.  

Hujjat bilan kibersport O‘zbekistonda rasman sport turi deb topildi va kibersport turlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.  

 Unga ko‘ra, O‘zbekistonda kibersport turlari bo‘yicha professional sportchilar (kibersportchilar), trenerlar, malakali hakamlar, sharhlovchilar hamda boshqa mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash tizimi joriy etiladi.  

2023 yildan boshlab esa O‘zbekistonda an’anaviy tarzda kibersport turlari bo‘yicha «Uzbekistan Esports Championship» respublika chempionati, «Vazirlar Mahkamasi kubogi» hamda «Yoshlar kubogi» musobaqalari tashkil etiladi.  

Bundan tashqari, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida «Sport faoliyati: kibersport» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ochiladi, kibersport turlari bo‘yicha ilmiy va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, adabiyotlar nashr etiladi.  

 

 

Shohrux NO‘’MONOV, Yoqubjon MELIBOEV (foto), O‘zA