Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutaxassis fikri: mamlakatimizdagi to‘qimachilik korxonalarini quyosh panellariga o‘tkazish vaqti keldi
17:15 / 2022-10-20

Sanoat tabiat bilan bevosita hamjixatlikda ishlaydigan tarmoq. Masalan, insoniyat xomashyo, aytaylik, paxta, kanop yetishtirish uchun eng sara, serhosil yerlarni tabiatdan "ijaraga" oladi. Sun’iy ip ishlab chiqarish uchun esa neft, gaz singari qayta tiklanmaydigan tabiiy boyliklarni o‘zlashtiradi. Yer bag‘rida qimmatga ega tosh borki, qazib oladi.

Bu munosabatlarni faqat odam bolasi "hamjixatlik" deb ataydi. Ko‘p asrlar mobaynida metallurgiya, kimyo va sellyuloza-qog‘oz sanoati, ko‘nchilik, mo‘ynado‘zlik, poyabzal ishlab chiqaruvchilardan yetayotgan zararni ichki zaxiralar evaziga to‘ldirib kelingan. Tabiatga zarar yetkazishda, afsuski, to‘qimachilik tikuv-trikotaj sohalarining ham hissasi bor. Bu, ayniqsa, mato bo‘yash, to‘qish, gul bosish, bo‘yoq tayyorlash singari jarayonlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Tan olish kerak, zamonaviy to‘qimachilik sanoati kislotalar, ishqorlar, oksidlovchi, tiklovchi moddalar, bo‘yoqlarsiz ishlolmaydi. Kimyoviy texnologiyalardan butunlay voz kechish deyarli imkonsiz. Zamonaviy sanoatning talabi shu.

Masalan, Yevropadagi matolarga pardoz beradigan eng oddiy, o‘rtahol fabrika o‘rtacha 100 turdagi bo‘yovchi moddalardan foydalanadi. Umuman olganda, turli manbalarga ko‘ra, to‘qimachilik sanoatida olti mingdan ortiq bo‘yoq turlari ishlatiladi. Ularning barchasi zararli bo‘lib, tarkibida og‘ir metallar ham mavjud.

To‘qimachilik sanoatining atrof-muhitga yetkazadigan zarari, birinchi navbatda, uning tuproq, suvga nisbatan ta’sirida ifodalanadi. Bilvosita ta’siri esa sohaning juda katta miqdorda elektr energiyasi ishlatishi va buning ortidan sayyoramizning eng og‘riqli muammosi – issiqxona effektini yanada kuchaytirishida namoyon bo‘ladi. Ayrim manbalarga ko‘ra, dunyodagi parnik gazlarining 8 foizi to‘qimachilik sanoati hissasiga to‘g‘ri keladi.

To‘qimachilik mahsulotlariga ishlov berish, bo‘yash, gul bosish juda katta miqdorda suv va elektr energiyasi talab qiladi. G‘arbiy Yevropa me’yorlariga ko‘ra, 1 kilogramm mato uchun o‘rtacha 100 litr suv, 0,5 kg kimyoviy modda va 15-20 kvt elektr energiyasi sarflanadi. MDH davlatlarida bu ko‘rsatkich yanada yuqori. To‘qimachilik korxonasi 1 kilogramm mahsulotga ishlov berishda 5 kilogramm kislorod ishlatadi va undan 7 kilogramm karbonat angidrid hosil bo‘ladi.

Matoni oqartirish, bo‘yash, unga gul bosish jarayonida ishlatilgan kimyoviy moddalarning katta qismi yuvish paytida suv bilan birga chiqib ketadi va oqova suvlarga qo‘shiladi. Mato bo‘yalganida, pardozlanganida, shuningdek, dastgohlar yuvilganida kimyoviy faol moddalar oqimga tushadi va oqova suvlar, suv omborlari, daryolarni zararlaydi, tuproqqa singib qoladi.

Albatta, deyarli har bir korxona o‘zining chiqindi suvlarni tozalash tizimiga ega. Lekin ular ham vaqti kelib eskiradi; almashtirishga esa mablag‘ yetishmaydi. Bu esa ekologik vaziyatni yanada yomonlashtiradi, inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi.

Bular yiliga O‘zbekistonda hosil bo‘layotgan va taxminan 80 million tonnani tashkil etadigan sanoat chiqindilari tarkibiga kirmagan ekologik muammolardir. Ularga qarshi nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning barcha mamlakatlari izchil kurash olib borayapti.

Masalan, turli qit’alarda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘qimachilik korxonalari bo‘yash, gul bosishda ishlatiladigan bo‘yoqlardan takroran foydalanish yo‘llarini qidirishyapti. Ba’zilari oqartirish, bo‘yash va yuvish uskunalaridan chiqadigan issiqlik, quritish dastgohlaridan ajraladigan gaz oqimlarini "jilovlab", yana va yana ishlab chiqarishga yo‘naltirish payida.

Qachonlardir to‘qimachilikda faqat tabiiy bo‘yoqlar ishlatilardi. Lekin 1850 yillarda – nisbatan arzon sun’iy bo‘yoqlar yaratilgach, tabiat bu jarayonni kimyoga boy bergandi. So‘nggi yillarda dunyoning turli mamlakatlarida sun’iy bo‘yoqlarni o‘simlik barglari, gullar, ildizlar, suv o‘tlari, baliqlarning ayrim turlari, xatto metabolizm davrida muayyan bo‘yoqlar chiqaradigan bakteriyalardan olingan moddalar bilan almashtirishga urinishlar avj olib boryapti. Bu albatta ijobiy jarayon.

Fransiya, Germaniya kabi davlatlar suv resurslarini ifloslanishdan saqlash maqsadida yirik sanoat shaharlarida ikkita suv quvuri tizimini yaratishdi. Bittasi ichimlik suvi bilan ta’minlashga xizmat qilsa, boshqasi sanoat ehtiyojlari uchun ishlaydi.

YeI tarkibiga kirgan davlatlarda esa, xatto, juda katta miqdorda suv va elektr energiyasi iste’mol qiladigan sohalar – to‘qimachilik, metallurgiya korxonalaridan ba’zilarini yopishgacha borishdi. Dunyo to‘qimachilik sanoatida rivojlangan mamlakatlarning ulushi kamayib, bu soha asosan rivojlanayotgan davlatlarda ko‘proq taraqqiy etayotgani sabablaridan biri ham shundadir.

To‘qimachilik sanoati milliy iqtisodiyotining strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlaridan biri hisoblangan O‘zbekistonda ham mahsulot bo‘yash, to‘qish, gul bosishga ixtisoslashgan korxonalardagi ekologik muammolarni hal qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, oqova suvlarni mukammal tozalash texnologiyalariga ega korxonalar soni ko‘paymoqda.

"O‘zbekto‘qimachiliksanoat" uyushmasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, 2023 yil yakuniga qadar yurtimizdagi qirqqa yaqin to‘qimachilik korxonasida ham kunlik umumiy quvvati 45,0 ming m3 dan ortiq oqova suvni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish va zamonaviylarini qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi. Albatta, bu kabi tashabbuslar ko‘lami kishini quvontiradi. Shu bilan bir qatorda, yanada ko‘proq e’tibor berishni taqozo etadigan boshqa masalalar ham bor.

Birinchidan, to‘qimachilik sanoatida ishlatiladigan suvga qayta tiklanuvchi resurs sifatida qarash kerak. Ya’ni, ishlatilgan suvni tozalab, undan takroran foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish lozim. Bu esa suv harakatlanishining aylanma tizimini yaratish, mavjudlarini takomillashtirishni talab qiladi.

Ikkinchidan, to‘qimachilik sanoati juda katta miqdorda elektr energiyasi iste’mol qiladigan tarmoqlardan sanaladi. Bu esa atmosferani ifloslantiradigan, global issiqlik effektini chuqurlashtiradigan ekologik xavflardan biridir. Qolaversa, sohada tabiiy gaz bilan ishlaydigan dastgohlar ham talaygina.

Mana shu ikki e’tibortalab masalani ijobiy hal qilishda muqobil energiya manbalari, jumladan, quyoshdan olinadigan sof energiyadan muvaffaqiyatli foydalanish mumkin. Bu esa 2030 yilgacha qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan elektr energiyasi hajmini 25 foizga yetkazishni rejalashtirgan O‘zbekiston va uning to‘qimachilk sanoati uchun haqiqiy inqilobiy yurish bo‘lgan bo‘lardi.

Shu bois mamlakatimizdagi to‘qimachilik korxonalarini bosqichma-bosqich quyosh panellariga o‘tkazishni boshlash kerak.

Muqobil energetikani rivojlantirishdan manfaatdor va to‘qimachilik sohasiga alohida g‘amxo‘rlik qilayotgan hukumat bu borada quyosh energiyasiga o‘tishni istagan korxonalar uchun yengilliklar taqdim etsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Oqova suvlarni tozalash, bo‘yash, gul bosishda ishlatilgan suvni tozalab, qayta foydalanish, quyoshdan olinadigan muqobil energetika ta’minotiga o‘tish sanoatning atrof-muhit, inson salomatligiga yetkazayotgan zararini keskin kamaytirishga imkon beradi.

Hech kimga sir emaski, tabiiy resurslarning tubi ko‘rinib qolgan hozirgi zamonda insoniyat kelajagi, tom ma’noda, muqobil energiya manbalariga bog‘liq. Lekin bu olamshumul masalalar yechimi hamjihatlikni, ya’ni ishtiyoqmand to‘qimachilik korxonalari, izlanuvchan olimlar, jonsarak ekologlar, muvofiqlashtiruvchi kuch sifatida hukumat, uning hududlardagi vakili sifatida mahalliy hokimliklarning bir maqsad yo‘lidagi hamkorligini talab qiladi.

Saidvali XAKIMXO‘JAEV,

"TURON TEX" MCHJ direktori o‘rinbosari.

O‘zA