Mamlakatimizda koronavirusga qarshi emlash ishlari qizg‘in sur’atlarda davom etmoqda.
Belgilangan tartibga ko‘ra, vaksina qabul qiluvchi fuqarolar dastlab shifokor nazoratidan o‘tadi, tibbiy ko‘rik davomida shifokor fuqaroning bugungi kundagi shikoyatlari, umumiy ahvolini o‘rganadi. Mavjud surunkali kasalliklari va bugungi kunda qabul qilayotgan dori vositalari haqida ma’lumot oladi. Organizmda kuzatilayotgan o‘zgarishlar: qon bosimi, tana vazni va bo‘y uzunligini o‘lchash, yurak urishi va nafas olish soni, saturatsiyani aniqlaydi, shuningdek, yurak, nafas a’zolarini auskultativ eshitadi. Shifokor tekshiruvida aniqlangan holatdan kelib chiqib, zarurat bo‘lganda klinik va laborator tekshiruvlar: umumiy qon va peshob tahlillari, qonda qand miqdori va biokimyoviy tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Fuqarolarning salomatlik holatidan kelib chiqib, organizmda o‘tkir shamollash yoki yallig‘lanish kasalliklari aniqlanmasa va surunkali kasalliklari avj olish yoki xuruj qilish ehtimoli bo‘lmasa, emlanish tavsiya etiladi.
Ayrim hollarda emlashdan keyin tana harorati ko‘tarilishi ham mumkin. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayevaning so‘zlariga ko‘ra, emlashdan so‘ng mabodo tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilsa, ortiqcha vahimaga tushmaslik kerak. Bunday holatda, avvalo, ko‘p suyuqlik ichish tavsiya etiladi va tegishli tavsiyalar olish uchun oilaviy shifokorga murojaat qilish kerak. Tana harorati davomli ravishda 38 darajagacha ko‘tarilishi kuzatilsa, uni keltirib chiqarayotgan omilni aniqlash uchun klinik laborator tekshiruvlar o‘tkazish lozim.
Mohigul Qosimova, O‘zA