Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutaxassis: elektron retsept tizimi aniqlik va tezkorlikni ta’minlaydi
18:06 / 2025-12-12

Xabaringiz bor, 2025 yilning 10 dekabridan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta hududda dorixonalarda elektron retsept tizimi joriy etildi. 2026 yilning yakuniga qadar esa respublikaning barcha hududlarida elektron retsept tizimi joriy qilinadi.

Aholi o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘layotgan ushbu tizim, uning afzalliklari haqida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilnoza Kamalova quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Joriy yilning 8 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiy yordam samaradorligini oshirish, bemorlar xavfsizligini ta’minlash hamda dori vositalarining aylanmasi boshqaruvini amalga oshirish maqsadida elektron retsept tizimini joriy etish belgilandi.  

Unga ko‘ra, dorixonalarning elektron retsept tizimida ishlashi litsenziya talab va shartlaridan biri bo‘ldi. Bunga amal qilinmasa, ya’ni dorixonalar ushbu elektron retsept tizimida faoliyat yuritmasa, litsenziyasi bekor bo‘lishiga ham olib keladi.  

Elektron retsept tizimining bir qancha afzalliklari mavjud. Ulardan biri aniqlik va tezkorlikni ta’minlab beradi. Bunda shifokor tomonidan yozib berilgan retsept bemorga taqdim etiladi va avtomatik tarzda dorixonaga yetkaziladi. Bemor dorixonadan retsept asosida dori vositalarini oladi. Ushbu tizim orqali aylanma yo‘llar bilan kirib kelayotgan sifatsiz, qalbaki dori vositalarining ham oldini olish imkoniyati bo‘ladi.  

Shifokor tomonidan 5 turdagigacha bo‘lgan dori vositasini yozib berish imkoniyati mavjud. Bu ortiqcha dori vositasi yozilishining oldini oladi. Qog‘oz ko‘rinishidagi retseptni o‘qish qiyin edi, hozir esa dorining dozasi, unga qancha buyurilganini o‘qish oson.  

Bugungi kunda Toshkent shahrining barcha tumanlari, deyarli barcha dorixonalari ushbu elektron retsept tizimiga ulandi va ushbu retsept asosida faoliyat amalga oshirilmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA