Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutaxassis bilan suhbat: Davlatning tashqi qarzi qachon xavotir uyg‘otishi mumkin?
11:40 / 2023-09-11

Davlatning tashqi qarzi masalasi keyingi paytlarda ko‘p gapirilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar qilinayotganiga guvohmiz. Fikr bildirayotganlar orasida mutaxassislar ham, sohadan uzoq bo‘lganlar ham talaygina.

O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi qoldig‘i 2023 yil 1 yanvarda 29,2 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan tashqi qarz 25,9 milliard dollar, ichki qarz 3,3 milliard dollarga teng. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan davlat qarzi holati va dinamikasi sharhida ma’lumot berilgan.

Vazirlik hisobotiga ko‘ra, davlat qarzi miqdori 2017 yilda 11,6 milliard dollar bo‘lgan va ko‘rsatkichlarda yildan-yilga o‘sish kuzatilgan. Xususan, 2018 yilda davlat qarzi miqdori 14,9 milliard dollarga, 2019 yilda 17,8 milliard dollarga yetgan. 2020 yilda 23,4 milliard dollarni, 2021 yilda esa qarz miqdori 26,3 milliard dollarni tashkil etgan.

Bu vaziyatga har kim o‘z bilganicha, o‘z qarichi bilan baho berishi tabiiy. Buning ortidan asosli va asossiz mulohazalar, xavotirlar bildirilayotgani rost. 

Shunday ekan mavzuning asl mohiyatini ochish, mutaxassislarning fikrlarini jamoatchilikka yetkazish har jihatdan muhim sanaladi.

Mavzu doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Ismoil Saifnazarov bilan suhbatlashamiz.

– So‘nggi yillarda davlatning tashqi qarzi bilan bog‘liq ma’lumotlar ochiq berib borilyapti. Bu muhim. Suhbatimizni shu jarayon haqidagi mulohazalar bilan boshlasak.

– Davlatning tashqi qarzi mamlakatni rivojlantiruvchi omillardan sanaladi. Buni jahon tajribasida ham ko‘rish mumkin. Bu mavzuni tushunmasdan noto‘g‘ri talqin qilinayotgan holatlar ham bo‘lyapti. Buning normal holat ekanini tushuntirishimiz kerak. Chunki jamiyat, mamlakat bir o‘zi, yopiq holatda rivojlana olmaydi. Mablag‘ aylanadi, qarz oladi, qarz beradi, iqtisodiyot o‘sadi. Tashqi qarz masalasining keng muhokama qilinishining sabablaridan biri – jamiyatimiz ochiq. So‘z va fikr erkinligiga e’tibor ortmoqda. Barcha sohalarda shaffoflik kuzatilmoqda. Tashqi qarz bo‘yicha ma’lumotlar ham ochiq berib borilyapti. Bir paytlar bunday ma’lumotni, hatto byudjet parametrlari ma’lumotlarini topib bo‘lmasdi. Faqat vakolati borlar xizmat doirasida ulardan xabardor bo‘lardi. Ochiqlik bo‘lganidan keyin odamlar fikr bildiradi-da. Ularning orasida mutaxassis bo‘lmaganlar bor, mavzuni chuqur tushunmaydiganlar bor. Biz ularga masalaning mohiyatini yetkazishimiz kerak.

– Tashqi qarz, jalb qilinayotgan investitsiyalar qanday loyihalarga yo‘naltirilyapti?

– Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan davlat qarzi holati va dinamikasi sharhida bu haqda aniq ma’lumotlar keltirilgan. O‘zbekistonning 2022 yil yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzidan 33,4 foizi davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgani ko‘rsatilgan.

Jami qarzlarning 11,6 foizi yoki 3 milliard dollari elektr energetikasi sanoatiga, 10,9 foizi energetika sanoatiga, 9,8 foizi qishloq va suv xo‘jaligiga, 9,7 foizi transport va transport infratuzilmasiga sarflangan.

Shu bilan birga, qarzlardan 8,9 foizi uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.

– Tashqi qarzni olish oson jarayonmi, uni qanday davlatlar olish imkoniga ega?

– Kundalik hayotimizdan misol keltiraman. Birovga qarz beradigan bo‘lsangiz o‘ylaysiz. Ertaga qaytara oladimi, yo‘qmi? Yashash sharoiti, doimiy ish joyi qandayligi, qo‘shimcha daromadi bor-yo‘qligiga qaraysiz. 

O‘zbekistonning imiji oshdi, iqtisodiyoti mustahkamlandi, ma’lum bir ishonchga ega bo‘ldi. Bu xulosalarni katta-katta reyting tashkilotlari, moliya muassasalari beryapti. Investorlar mablag‘ kiritishdan oldin davlatdagi holatini o‘rganadi. Bu yerdagi qonunchilikning tadbirkorlar uchun qanchalik qulayligi, korrupsion holatlar darajasi tahlili kabi parametrlarga e’tibor qiladi. Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston tanlagan yo‘l, olib borilayotgan siyosat xalqaro hamkorlarda qat’iy ishonch uyg‘otdi.

Shuni alohida ta’kidlashim kerak, tashqi qarz olinishida biz bitta davlat yoki bitta moliya muassasasiga bog‘lanib qolayotganimiz yo‘q. O‘zbekistonning asosiy kreditorlari Xitoy Eksimbanki, Xitoy Davlat taraqqiyot banki, Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

– Tashqi qarz qachon xavotir uyg‘otishi mumkin?

– Shuni alohida ta’kidlash kerak, mamlakatimizning bugungi kundagi tashqi qarzi me’yoriy darajada. Me’yorni esa yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlar, muassasalar va ekspertlar e’tirof etishmoqda. Tashqi qarz noto‘g‘ri sarflansa, yopiq loyihalar orqali o‘zlashtirilsa xavotirli bo‘ladi. Muhimi, bizda hammasi shaffof, uzoq o‘ylangan, maqsadli loyihalarga sarflanmoqda. Shunday ekan, behuda xavotir va noto‘g‘ri talqinlarga asos yo‘q.

Davlat qarzining eng yuqori miqdori yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerakligi belgilangan. Davlat qarzi hajmi YAIMning 50 foiziga yetganda, Vazirlar Mahkamasi parlamentda ushbu standartdan oshib ketishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha takliflarni kiritadi. 

– Suhbatimiz yakunida jahonda tashqi qarzi eng katta davlatlar, ularning iqtisodiy holati haqida fikrlaringizni bildirsangiz.

– AQSH – har jihatdan, xususan, iqtisodiyoti eng rivojlangan mamlakat. Uning tashqi qarzi juda katta, bu borada jahonda yetakchi. Bu safga Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya kabi davlatlarni qo‘shish mumkin. 

Umuman olganda, dunyo iqtisodiyotiga oid ma’lumotlar, statistikasiga e’tibor qilinsa, qarz ko‘pligi davlatning holati tang ekanligini anglatmaydi. Iqtisodiy tomondan yuqori natijaga erishayotgan mamlakatlar zarur paytda qarz olish imkoniyatidan samarali foydalanadi.

– Bugungi suhbat uchun sizga rahmat aytamiz. 

Bu mavzuda hali aytilishi kerak bo‘lgan fikrlar ko‘p. Keyingi suhbatlarimizga tegishli vazirlik va idoralarning ekspertlarini ham jalb qilamiz. 

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/JsiJqEHvo1k" title="Mutaxassis bilan suhbat: Davlatning tashqi qarzi qachon xavotir uyg‘otishi mumkin?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>ha

O‘zA muxbiri 

Ikrom AVVALBOEV suhbatlashdi.

Video operator Abror Sodiqov.