Internet nashrlarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar yakunida bir qator sport federatsiyalarida moliyaviy qoidabuzarliklar aniqlanayotgani borasida xabarlar tarqalmoqda. Bugun MOQda bunday noxush holatlarning sababini o‘rganish va kelajakda ularning oldini olish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosarlari Shahrullo Mahmudov hamda Murod Ismoilov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov hamda Sherzod Tashmatov, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalarning rahbarlari, mas’ul xodimlari, buxgalterlari va moliyaviy sarf-xarajatlarga javobgar mutaxassislari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda yuzaga kelayotgan bunday vaziyatlarning oldini olish, ularning kelib chiqish sabablarini o‘rganish kun tartibidagi asosiy masala sifatida joy oldi. O‘z navbatida, Vazirlik va Qo‘mita mutasaddilari sportchilarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlardan keyin sohada uchrayotgan bunday ko‘ngilsiz holatlar o‘zbek sporti imijiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgani, barcha xodimlar o‘z ishlarini vijdonan bajarishlari lozimligini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, mas’ullarga davlat byudjetidan yo‘naltirilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tadbir davomida davlatimizda qonun ustuvorligi, har qanday jinoyat uchun jazo muqarrarligi mas’ullarga yana bir bor eslatilib, o‘zbek sportini bunday illatlardan tozalash, yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosa chiqarib, uni takrorlamaslik zarurligi bildirildi.
O‘zA