Mutasaddilarga 25 turdagi oziq-ovqatni o‘zimizda ishlab chiqarishni boshlash topshirildi
Yig‘ilishda o‘tgan yilgi xomashyo, material va tayyor mahsulotlarning tashqi savdo dinamikasi tahlil qilindi. Mavjud resurslar, ayniqsa, oziq-ovqat sanoatidagi imkoniyatlarimizni ishga solib, ichki bozorni to‘ldirish uchun salohiyat yuqoriligiga qaramay, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari hajmi o‘tgan yili Surxondaryoda 16 foiz, Andijonda 21 foiz, Jizzaxda 3 foizga kamaygani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy va Samarqandda ishlab chiqarilgan makaron mahsulotlari hajmi hududiy ehtiyojning yarmini ham qoplamaydi. Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda 25 turdagi oziq-ovqatni o‘zimizda ishlab chiqarishni boshlash topshirildi.
Bu korxonalarda xalqaro standartlar joriy etiladi, ularga xorijdan malakali texnolog va marketologlar jalb qilinadi. Shuningdek, mas’ullarga xorijiy brendlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda bir qator oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi.
Vazirlar Mahkamasi oldiga hududlarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturini qabul qilish vazifasi qo‘yildi.
O‘zA