Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mutasaddilar saylovga tayyorgarlik yuzasidan axborot berdi
11:23 / 2023-07-06

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 4-Jizzax okrug saylov komissiyasida navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi (AK) Jizzax filiali, Milliy gvardiya, sog‘liqni saqlash viloyat boshqarmalari boshliq va o‘rinbosarlari, shuningdek, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi(DIIHB)ning uzoq muddatli kuzatuvchilari hamda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni 4-Jizzax okrug komissiyasi raisi Shavkat Sharipov olib bordi.

Yig‘ilishda “O‘zbektelekom” AK Jizzax filiali boshlig‘i Umurzoq Qarshiboyev, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Farhod Jonadilov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdurazzoq Umurzoqovlarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda amalga oshirilayotgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan sarf-xarajatlar smetasi, 4-Jizzax okrug saylov komissiyasi uchun ajratilgan mablag‘larning sarf-xarajatlari hamda  muddatidan oldin ovoz berganlar soni to‘g‘risida axborotlari tinglandi.

Yig‘ilish ishtirokchilariga YeXHT DIIHBning uzoq muddatli kuzatuvchilari janob Erlan Djunushev hamda Djoan Adel Braun xonim tomonidan saylov uchastkalari ko‘rib chiqilgani haqidagi ko‘rsatmalari o‘qib eshittirildi.

– Viloyatda joylashgan jami 524 saylov uchastkasining barchasida internet hamda telefon xizmatlari tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 524  saylov uchastkasiga tashkil etilgan telekommunikatsiya xizmatlarining barchasi ishchi holatda. Ularni sifatli hamda uzluksiz ishlashini ta’minlash, nazorat qilish bo‘yicha har bir uchastkaga filial hamda telekommunikatsiya bog‘lamlaridan mas’ul xodimlar biriktirilgan va har bir uchastkaga o‘rnatilgan qurilmalarning doimiy ishlab turishi qat’iy nazoratga olingan, – dedi “O‘zbektelekom” AK Jizzax filiali boshlig‘i Umurzoq Qarshiboyev.

Saylov tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, terrorchilik-qo‘poruvchilik va boshqa favqulodda vaziyatlarni oldini olish borasida ichki ishlar organlarining xizmati alohida o‘rin tutadi.  

[gallery-12614]

– Ichki ishlar organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, tashkil etish, nazorat qilish va zaruriy amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida, viloyat IIB Tezkor shtabi va ishchi guruhi tashkil etilib, ularning faoliyati to‘laligicha yo‘lga qo‘yilgan. Saylov okrugi va uchastkalarning texnik, evakuatsiya, yong‘in xavfsizligi va boshqa talablarga javob berishini o‘rganish maqsadida 4 maxsus ishchi guruhi tashkil etilib, joriy yilning 8-14 iyun kunlari mavjud saylov uchastkalari to‘liq o‘rganib chiqildi, – deydi Milliy gvardiya Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Farhod Jonadilov.  

Joriy yilning 23 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan viloyatga Jizzax temiryo‘l vokzali orqali yuborilgan 5 foiz 39 ming 854 dona byulleten soat 9:00 dan 12:00 ga qadar yo‘l patrul xizmati xodimlari nazorati ostida viloyat “Markaziy bank” binosiga joylashtirildi va ushbu byulletenlar 26 iyun kuni shahar va tumanlarga tarqatib bo‘lindi.

Tashkil etilgan 524 saylov uchastkalarining 8 tasi harbiy qismlarda va 2 tasi JIEMlarda joylashgan bo‘lib, harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘riqlovi tashkil etilgan. Qolgan 514 ta saylov uchastkasining 221 tasiga IIOlaridan, 123 tasiga Milliy gvardiyadan, 170 tasiga favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan xodimlar jalb etilib, xizmat 2 smenada tashkil etilgan.

Majlisda Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdurazzoq Umurzoqov, viloyat hududida saylovda tez yordam xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish, avtotransport vositalarini shay holatga keltirish, ularni zarur ehtiyot qismlar va yoqilg‘i moylash vositalari, belgilangan normativ asosida dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash to‘g‘risida atroflicha axborot berdi.

Tadbir so‘ngida yig‘ilish kun tartibidagi masalalar yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga 4-Jizzax okrug komissiyasi raisi Shavkat Sharipov va boshqa mutasaddilar batafsil javob berdi.

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA