Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustaqillikning 29 yilligi: Uchinchi Renessans davri poydevori
15:25 / 2020-09-01

Kecha Doʻrmondagi Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.


Kecha Doʻrmondagi Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. 

Unda Prezidentimiz nutq soʻzlab, Oʻzbekiston xalqini Ulugʻ va Buyuk bayramimiz bilan qutladi va bizning insoniy qadr-qimmatimizni, gʻurur va shaʼnimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa boʻlib qolishini taʼkidladi.

Mazkur tadbirda davlatimiz rahbari barcha jabhalardagi jadal olib borilayotgan islohotlarga, erishayotgan yutuqlarimiz natijasida tobora koʻrkamlashayotgan makonlarimizga, ayniqsa, xalqimizning ijobiy kayfiyatiga, sinovli davrdagi sabru shijoatiga alohida toʻxtalib, “Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni koʻra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib oʻtib kelmoqdamiz” dedilar.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda keng jamoatchilik barcha ijobiy oʻzgarishlarning tashabbuskori va bunyodkoriga aylanmoqda. Qaysi sohani olmaylik, qaysi jabhaga nazar solmaylik, ilgari surilayotgan xalq tashabbusi albatta qoʻllab-quvvatlanmoqda, sharoit yaratilmoqda, investitsiya kiritilmoqda, ragʻbatlantirilmoqda, bir soʻz bilan aytganda, xalqning roziligi yoʻlida tinmay izlanmoqda. Zero, iqtisodiyotni siyosatdan, maʼnaviyatni taʼlim-tarbiyadan ayro koʻrib boʻlmaganidek, yerga ishlov berishdan tortib, ijtimoiy xizmatni badastir qilayotgan tadbirkorni “siz”lamasak, dasturxonimizdan qut-baraka ariydi. Oʻqituvchini maktab ostonasidan “siz” demasak, kelajagimizdan ayrilamiz.

Aynan shu masalalarga toʻxtalib, “xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, dedi davlat rahbari.

Taʼkidlash joizki, bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi takror-takror tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofi, jahon hamjamiyatining yurtimizga jiddiy eʼtiboridir. Chunki bizga mustaqillik gʻoyasi, istiqlol ruhi togʻdek tayanch boʻlmoqda. Bizni ilgʻor niyatlar, buyuk maqsadlar, ulkan marralar yoʻlida adashmaslikka undamoqda, tanlagan yoʻlimiz toʻgʻriligiga inontirmoqda.

Yurtboshining “Men turli sinov va kurashlarda toblangan, iymon-irodasi mustahkam xalqimizning aql-zakovati va azmu shijoatiga ishonaman” degan murojaatlari har bir inson qalbini junbushga keltiradi.Chunki taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻyilayotgani, yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davri poydevorini yaratish bizning, har birimizning zimmamizda ekanligini bildiradi.

Xususan, Oʻzbekiston “Adolat”SDP oʻzining saylovoldi dasturlarida oʻsib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalash, haq-huquqini tanitish maqsadida maktablarda Tarbiya, Huquq fanlarini kiritish, yoshlarni OTMga kengroq jalb qilish maqsadida cheklovlarni yoʻq qilish, oliy taʼlim tizimini qayta koʻrib chiqish, OTMlarining oʻzini oʻzi moliyalashtirishi, kvotalardan voz kechish kabi bir qator ustuvor vazifalarni belgilagan edi.

Bugunga kelib, yangi oʻquv yilidan boshlab maktablarda “Tarbiya fani”ning kiritilishi, yoshlarimiz, ayniqsa, qizlarimiz uchun davlat granti asosida alohida 970 dan ortiq oʻrinlarning ajratilishi partiyaning oʻz elektorati oldidagi vaʼdalariga sodiqligi isbotidir.

Tantanali marosimda Prezident tomonidan “Koʻz qoʻrqoq – qoʻl botir” xalq maqoli esga olindi. Partiyamizning ilgari surgan gʻoyalaridan biri aqlli tibbiyot edi. Mana bugun koʻrib turibmizki, tibbiyotni rivojlantirish hayotiy zarurat. Shu boisdan qisqa vaqt davomida yillarga tatigulik ishlar, haqiqiy maʼnodagi hayotbaxsh hujjatlar qabul qilindi va amaliyotga tatbiq etildi. Ammo bu xotirjamlikka berilish uchun asos boʻla olmaydi. Hali oldimizda yechilishi lozim boʻlgan masalalar ham yetarlicha. Shuning uchun partiyadoshlarimizning ushbu sohada xalqimiz sogʻligʻi uchun zarur boʻlgan har qanday islohotni amalga oshirishda koʻzi botir, qoʻli jasur, yuragi jasoratli boʻlishi lozim va shart.

Bashariyat tarixida Renessans – uygʻonish davrida ulkan kashfiyotlar, misli koʻrilmagan qurilishlar, global oʻzgarishlar yuz bergan, daholar yetishib chiqqan. Oʻzbekistonda bashorat qilinayotgan yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davri yurtimiz tarixi zarvaraqlarida yorqin sahifa boʻlib qolishi, maqsadli, tizimli olib borilgan tarbiya, taʼlim natijasida kelgusi avlod vakillaridan Ulugʻbeklar, Ibn Sinolar yetishib chiqishi ishonsa boʻladigan amaliy voqelikdir.

Gulruh AGZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi