Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustaqillikni mustahkamlash yo‘lida xalqimiz mashaqqatli va ulkan yaratuvchilik yo‘lini bosib o‘tdi
14:12 / 2024-08-28

Yurtimizda ajoyib tarixiy sanalar, bayramlar ko‘p, biroq ular orasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan kun o‘zining xalqimiz tarixi va taqdiri, yorqin kelajagi va misli ko‘rilmagan darajada erishayotgan yutuqlari bilan ajralib turadi. Shu bois, mamlakatimizda mustaqillik bayrami o‘zgacha, chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida keng nishonlanadi.

Bunga har tomonlama asoslar bor. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning g‘ayrat va shijoati, zo‘r lider – yetakchiligi xalqimiz hayotini nafaqat moddiy jihatdan ta’minladi, balki har birimizning ma’naviy-ruhiy dunyomiz, ichki g‘ururimiz, qaddimiz va qadrimizni tog‘day o‘stirdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yaqinda Parijda bo‘lib o‘tgan Yozgi Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan ulkan g‘alaba – sakkizta oltin medal yoki iqtidorli yoshlarimizning ilm-fanda erishayotgan yutuqlari, iqtisodiy yutuqlar, xalq bilan ochiq muloqot, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistonni dunyo allaqachon tan olgan ochiqlik siyosati –  global va mintaqaviy muammolar yechimida O‘zbekistonning o‘rni, ko‘rsatayotgan tashabbuslari, tinchlik- totuvlik, jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarini qamrab olgan demokratik islohotlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Bular bizni mustaqil davlat bo‘lib, dunyoga ochilib yashash, erkin va ozod xalqlar oilasida munosib o‘rin egallab, zamonaviy taraqqiyotga erishish naqadar ulug‘ baxt va sharaf, shu bilan birga, ulkan mas’uliyat ekanini yanada chuqur his etishga undamoqda.

Yuqoridagi tizimli va izchil, jo‘shqin institutsional o‘zgarishlar qatorida har bir demokratik davlatdagidek O‘zbekiston Respublikasi mustaqil va xalqchil davlatchiligining rivojida juda muhim bo‘lgan yana bir jihat – konstitutsiyaviy davlatchilik asoslarining mamlakatimizda tobora mustahkamlanib borayotganligi to‘g‘risida so‘z yuritmoqchiman.

Shu qutlug‘ ayyom arafasida Vatanimizning ozodligiga erishish, hech kimga tobe va qaram bo‘lmasdan, o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olib, yurtimiz boyliklariga, uning tabiiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatiga ega bo‘lish, bir so‘z bilan aytganda, ham siyosiy, ham iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash yo‘lida xalqimiz og‘ir va mashaqqatli, ayni paytda, ulkan yaratuvchilik yo‘lini bosib o‘tganini alohida e’tirof etamiz.

Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-264-son qarorida aytilganidek “Bundan o‘ttiz uch yil oldin o‘ta og‘ir va murakkab tarixiy vaziyatda qo‘lga kiritilgan milliy istiqlolimiz bugungi kunda ko‘p millatli butun xalqimizni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad yo‘lida birlashtirib, yangi yutuq va marralar sari ilhomlantirmoqda. Aynan mustaqillik tufayli mamlakatimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatga, xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ektiga aylandi. Dunyo bizni yangitdan tanidi va tan oldi. Yer yuzidagi turli davlatlar va xalqlar bilan do‘stlik hamda hamkorlik aloqalarimiz tobora kengayib, yurtimizning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi ortib bormoqda”.

Yuqorida e’tirof etilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Yangi O‘zbekistonning yangilangan huquqiy poydevori vujudga keldi. Jumladan, 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

2023 yilda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar umume’tirof etilgan konstitutsiyaviy davlatchilik konsepsiyasining diqqat markazida turadigan “konstitutsiyaviy davlatda inson huquqlari qadriyatlarning bosh maqsadi va yo‘nalishi, uning tizim yaratuvchi va ta’sis etuvchi poydevori”dir degan degan nazariy qoidani bekamu-ko‘st ro‘yobga chiqarish yo‘lida qo‘yilgan ulkan qadamdir. Aslida, konstitutsiyaviy davlat, birinchi navbatda, davlatning qonunga bo‘ysunishini ta’minlashi bilan tavsiflanadi. Lekin konstitutsiyaviy qonun ijodkorlari yanada ilgari qadam tashlab, “har bir davlat huquqqa bo‘ysunadi, bir vaqtning o‘zida ham huquq sub’ekti, ham huquqni shakllantirish omili hisoblanadi”, degan postulatni davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan “Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan norma va prinsiplarga qat’iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir” degan muhim qoida bilan boyitishga erishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida “Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi”, deb ta’kidlaganligini, shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanishini, har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligi ta’minlanishi bilan bevosita bog‘liqligini, qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq bo‘lishi shart”, deganini alohida ko‘rsatib o‘tgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi “to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi” degan normasining ma’nosi, uning qoidalarini o‘zida aniqlashtiradigan hamda rivojlantiradigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan yoki yo‘qligidan qat’i nazar, hech qanday shartlarsiz amalga oshirilishi zarurligini anglatadi. 

2023 yilning 23 iyun kuni sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishi orqali inson huquqlariga oid kafolatlarni to‘laqonli ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi tomonidan “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida” 16-son Qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi haqidagi qoida uning normalari barcha qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustun turishini anglatadi. Shunga ko‘ra, sudlar ko‘rib chiqilayotgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatning mazmunini baholashi va Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ-huquqiy asos sifatida qo‘llashi lozimligi belgilandi. 

Davlat ishlarini qonunlar asosida tashkil etish, adolatli siyosat yuritish hamda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish har doim mamlakatimizda davlatchilik qurilishining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib kelgan.

Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilinishini ta’minlash tizimining muhim elementlari sifatida uchta omilni ko‘rsatish mumkin. Birinchidan – sub’ektlar tomonidan Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish majburiyatini aniq anglash. Ikkinchidan – Konstitutsiya va qonunlarga rioya etmaslik holatlarini aniqlashga mutasaddi organlarning mavjudligi hamda ularning samarali faoliyati va qonuniylikni tiklash yuzasidan tegishli choralar ko‘rish. Uchinchidan – Konstitutsiya va qonunlarga rioya etmaslik uchun javobgarlikni belgilovchi huquqiy normalarning samaradorligi.

Darhaqiqat, bundan bir necha yil avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga berilgan quyidagi savol va unga berilgan javobdan islohotlarning asl mohiyati va maqsadini anglash mumkin. 

Savol: “Siz davlat boshlig‘i, ana shu ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning tashabbuskori va ularning markazida turgan islohotchi rahbar sifatida bu yangilanishlarning mazmun-mohiyatini birinchi navbatda nimalarda ko‘rasiz?    

Javob: “Bunday xolis baholar barchamizni quvontiradi. Ayni vaqtda shuni ta’kidlashni istardimki, biz bu demokratik o‘zgarishlarni kimlargadir yoqish, maqtanish, turli reytinglarga kirish uchun emas, aksincha, demokratik jarayonlar o‘zimizga suv bilan havodek zarur bo‘lgani uchun, xalqimiz, avvalambor, yosh avlodimizning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini o‘ylab, milliy manfaatlarimiz yo‘lida amalga oshirmoqdamiz.

Biz – O‘zbekiston fuqarolari jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o‘zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham ko‘proq his etmoqdamiz. Ayniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “din va e’tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko‘nikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani e’tiborlidir.

Go‘zal va betakror yurtimizning buyuk ayyomi Mustaqilligimizning o‘ttiz uch yilligini nishonlashga ham oz fursatlar qoldi. Xalqimiz asrlar davomida orziqib kutgan o‘z milliy mustaqillik bayramini baland ruh va xursandchilik ­bilan kutib olish uchun qizg‘in tayyorgarlik ishlari boshlanib ketdi. Prezident qarorida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, shuningdek, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturi bilan uyg‘un holda ro‘yobga chiqayotgan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan dastur bugun biz yagona xalq, yagona millat bo‘lib, ko‘zlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil borayotganimizni ko‘rsatdi. 

Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat jo‘sh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz bo‘lmish yangi O‘zbekistonni albatta bunyod etamiz. O‘zbekiston har tomonlama obod va farovon, erkin demokratik mamlakatga aylanadi.

Dunyodagi har bir jamiyat, har bir davlatning o‘ziga xos, o‘ziga mos keladigan, uning yuksalishi uchun xizmat qiladigan g‘oyasi, mafkurasi mavjud bo‘ladi. Odamlar qaysi bir jamiyatda yashamasin nimagadir ishonishi, e’tiqod qilishi, qandaydir bir g‘oyaga, ta’limotga asoslanib ish ko‘rishi, faoliyat yuritishi, ko‘rsatishi lozim. G‘oyaning, mafkuraning ahamiyati, u jamiyatning rivojlanishi, olg‘a tomon harakat qilishini asoslashtiradi, millatni, barcha fuqarolarni umumiy maqsad yo‘lida birlashtiradi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugun “Inson qadri uchun” degan tamoyil barcha islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda. “Inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida O‘zbekiston oldinga qarab intilmoqda. Inson qadri ulug‘lanib, “davlat – inson uchun” degan ezgu g‘oya hayotga joriy etilmoqda.  Konstitutsiyamizda oldingidan farqli, yangi tahrirning bosh g‘oyasi sifatida shaxsning huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatlarini, inson sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlashning yangicha “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirilishining o‘zi bugun davlatimizning butun ichki va tashqi siyosatining tamal toshiga, Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlarning eng muhim harakatlantiruvchi kuchiga hamda ushbu ezgu sa’y-harakatlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi muhim omilga aylandi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida davlat va jamiyat samarali boshqaruv, sud-huquq tizimini takomillashtirish, mamlakatimizning mudofaa qudratini mustahkamlash, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Shu sababdan barchamiz davlatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘z ongimizdan o‘tkazib, ushbu jarayonlarning passiv kuzatuvchisi emas, balki aktiv ishtirokchisiga aylanmog‘imiz lozim. Shu orqali mustaqilligimiz yanada mustahkamlanib, Yangi O‘zbekistonda konstitutsiyaviy davlatchilikning pishiq binosi barpo etiladi.

Akmal Raxmanov, 

O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, 

yuridik fanlar nomzodi.

O‘zA