Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g‘oyasi asosida yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Bu jarayonda ortga bir nazar tashlab, mustaqillik yillarida xalqimiz erishgan yutuqlar ham sarhisob qilinmoqda.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov mustaqillik yillarida mamlakatimiz xavfsizligi, xalqimiz osoyishtaligini saqlashda muhim o‘rin tutayotgan milliy armiyaning mustahkamlangani haqida so‘z berdi:
– O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan kun o‘zining qadri, qiymati bilan boshqa bayramlardan ajralib turadi. Zero, dunyoda 7 mingga yaqin millat va elat istiqomat qiladi. O‘z davlat ramzlariga ega suveren davlatlar soni esa bor-yo‘g‘i 200 ta atrofida. Ana shu davlatlar qatorida O‘zbekistonning borligi katta iftixordir.

Albatta, bunga erishish oson bo‘lmagan. Asrlar davomida ozodlik uchun kechgan kurashlarda elimiz ko‘plab farzandlaridan judo bo‘lgan. Nihoyat, xalqimizning matonati va qat’iyati samarasi o‘laroq qo‘lga kiritilgan mustaqillik 1991 yilning 31 avgustida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan jahon hamjamiyatiga e’lon qilindi.
Vatan ozodligiga erishish, o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olib, ham siyosiy, ham iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash yo‘lida xalqimiz og‘ir va mashaqqatli, ayni paytda, ulkan yaratuvchilik yo‘lini bosib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, bugun bir haqiqatni katta g‘urur va iftixor bilan aytishga to‘la asosimiz bor: mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va og‘ir sinovlarga duch kelmasin, o‘zining mustahkam irodasini namoyon etib, o‘zi tanlab olgan mustaqillik yo‘liga doimo sodiq bo‘lib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan va O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi sifatida dunyo miqyosida tan olinayotgan hozirgi davr mustaqillikni mustahkamlash sari qo‘yilgan eng ulkan qadamlar davridir. Zotan, bu davr O‘zbekistonni butunlay o‘zgartirdi, mamlakatimizni yangi, demokratik qiyofada jahonga tanitdi.
Eng muhimi, ushbu davrda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi tamoyili hayotga tatbiq etildi. Aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash davlat siyosatining bosh mezoni etib belgilandi.
Davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi, siyosiy irodasi tufayli qisqa muddatda O‘zbekiston chegaralari yopiq davlatdan mintaqa integratsiyasining eng ilg‘or tashabbuskor davlatiga aylandi.
O‘zbekistonni tamomila o‘zgartirgan taraqqiyotning yangi bosqichiga Prezidentimiz tomonidan bundan qariyb sakkiz yil avval asos solindi.
Dunyoda ro‘y berayotgan qurolli to‘qnashuvlarni tahlil qilgan holda qo‘shinlarni tayyorlashning eng maqbul yo‘nalishlari va mazmuni belgilanib, Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini tashkil etish, harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi, jangovar ruhini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi. Shu sababli, eng murakkab sharoitlarda qo‘shinlarni jangovar harakatlarga samarali va qisqa muddatlarda tayyorlashning yangi shakl hamda uslublari ustida fundamental ishlar olib borilmoqda.
Mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yil avgust oyida Qurolli Kuchlar Akademiyasi isloh qilinib, uning negizida O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.
Mudofaa vazirligining barcha harbiy ta’lim muassasalari, Serjantlar tayyorlash oliy maktabi hamda Aviatsiya va uchuvchisiz uchish apparatlari mutaxassislarini tayyorlash markazi mazkur universitet tarkibiga o‘tkazildi. Bu markazlashgan vertikal tizimni hosil qilib, qo‘shinlarning jangovar salohiyatini oshirish, dual ta’limni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Global va mintaqaviy xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda O‘zbekiston milliy xavfsizlik strategiyasini zamon talablariga mos ravishda yangilab bormoqda.
Terrorizm, ekstremizm, kiberxavfsizlik, noqonuniy migratsiya va transmilliy jinoyatchilik kabi muammolarga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmat organlari faoliyati uzviy ravishda muvofiqlashtirilmoqda.
Jumladan, dunyoda kun sayin ortib borayotgan tahdid va xatarlar sharoitida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan samarali foydalanish xavfsizlikni ta’minlashning muhim strategik yo‘nalishlardan biri ekanini inobatga olib, joriy yilda Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlardan birida yuqori texnologiyalarga asoslangan uchuvchisiz uchish aviatsiya tizimlari majmuasi foydalanishga topshirildi.
Uchuvchisiz uchish aviatsiya tizimlaridan mamlakatimizda samarali foydalanish nafaqat milliy xavfsizlikni, balki jamiyatning barqaror rivojlanishida ham dasturiamal bo‘lib xizmat qiladi
Qayd etish lozimki, O‘zbekistonning neytral va tinchliksevar tashqi siyosati, barcha qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi harakatlari mamlakat xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, SHHT, MDH va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlik aloqalari yanada kengaymoqda.
Bugungi xalqaro munosabatlarda mamlakatning rivojlanishi va uning taraqqiyoti mamlakatda o‘rnatilgan tinchlik va osoyishtalikka bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Zotan, qaysi davlatda notinchlik, ommaviy tartibsizlik, qurolli mojarolar, harbiy to‘qnashuvlar yuz beradigan bo‘lsa, shu davlatda iqtisod, sanoat, ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi tarmoqlar sezilarli darajada zaiflashadi. Shu bois, har bir davlatning xavfsizligi, fuqarolarning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashda Qurolli Kuchlarning ahamiyati yuqori hisoblanadi.
Milliy armiyamiz har qanday xavf-xatarlarga munosib javob qaytara oladigan mustahkam kuchga ega bo‘ldiki, bu, avvalo, tinchliksevar xalqimizning yuksak matonati, vatanparvar o‘g‘lonlarimizning birligi, harbiy xizmatchilarimizning jamiyat hayotidagi faol ishtirokida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Minglab yoshlar ko‘z o‘ngida qo‘shinlarning jangovar salohiyati, harbiy qudrati, zamonaviy texnika, qurol-yarog‘lardan yuqori saviyada foydalana olish ko‘nikmalari namoyon etilishi natijasida ertamiz egalari qalbida qat’iy ishonch, so‘nmas shijoat, g‘urur va iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urdi. “Xalq va armiya – bir tanu bir jon”ga aylandi.
Bir so‘z bilan aytganda, milliy armiyamiz tarkibida qisqa yillarda amalga oshirilgan islohotlar va keng ko‘lamli o‘zgarishlar, xalqimizning o‘z himoyachilariga ishonchini oshirish bilan birga, armiyamiz nufuzini dunyo reytingida yuqori pog‘onalarga ko‘tardi. Qisqacha aytganda, Yangi O‘zbekistonning Yangi armiyasi chinakam mardlik, fidoyilik, haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylandi.
Xulosa sifatida aytib o‘tish kerakki, mustaqillikni asrash, uni yanada mustahkamlashda milliy armiyamiz muhim va hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Faqat shuni unutmaslik kerakki, bu nafaqat milliy armiyaning yoki huquq-tartibot organlarining, balki yurtimizda yashayotgan har bir insonning muqaddas burchidir.
Norgul Abduraimova, O‘zA