O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash tadbirlari doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandumning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini samarali ta’minlash, mahallalardagi iste’dod egalari faolligini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni yuksak badiiy asarlar yaratishga rag‘batlantirishdan iborat.

Hamkorlik doirasida mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtimizdagi tub o‘zgarishlar, xalqimizning fidokorona mehnati va shukronalik tuyg‘ularini teran va ta’sirchan ifoda etuvchi badiiy hamda tasviriy san’at asarlari yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Memorandum doirasida mahallalarda iste’dodli yozuvchilarni aniqlash va ularning ro‘yxatini shakllantirish, yaratilgan asarlarni belgilangan tartibda baholash va saralash, eng yaxshi badiiy asar mualliflarini rag‘batlantirish, jumladan, “eng yaxshi kitob” muallifini avtomobil bilan taqdirlash, har bir hududda amalga oshirilayotgan islohotlar va real yutuqlar haqida alohida kitoblar tayyorlash, tasviriy san’at asarlari yaratish va sara ishlar katalogi nashr etish, yoshlar qalbida islohotlarga daxldorlik, milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan manzilli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, badiiy asarlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligini ta’minlash, jamiyatda loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga qarshi ma’naviy immunitetni kuchaytirish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Tadbirda hamkor tashkilotlar rahbarlari, hududiy studiyalar vakillari, “mahalla yettiligi” mas’ullari, yurtimiz mahallalarining 8 ming 992 nafar raislari, yoshlar yetakchilari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda islohotlar mazmunini aholiga yetkazish, jamiyatda shukronalik, vatanparvarlik va daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlash ustuvor vazifa ekani alohida ta’kidlandi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida “Yangi O‘zbekiston shukronaligi” mavzusida tanlovlar o‘tkazish, har bir mahalla haqida kitob va kataloglar yaratish, 208 ta tuman va shahar hamda 14 ta hududda “Shukronalik” nomli kitoblarni chop etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahallalarda har faslda bittadan badiiy asar tanlab borilib, 208 asardan iborat umumiy katalog va fotoko‘rgazmalar tashkil etiladi, eng munosib ishtirokchilar munosib sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Mazkur memorandum mahalla instituti va ijodiy jamoatchilik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqib, joylarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, yurtimizdagi yangilanish va taraqqiyot jarayonlarini badiiy ifoda orqali keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Tomonlar kelishuviga ko‘ra, memorandumda belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ham amalga oshiriladi.
N.Usmonova, O‘zA