French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustaqillik xalq hokimiyatini shakllantirdi
11:14 / 2020-08-28

Mustaqillikka erishganimizga koʻp boʻlgani yoʻq.


Mustaqillikka erishganimizga koʻp boʻlgani yoʻq. Biroq shu qisqa davr insonlarning oʻz qoʻllariga erkinlik tutqichini bera oldi. Fuqarolik jamiyati shakllandi. Oʻz navbatida shakllanish bosqichi hamon davom etmoqda. Shuningdek, mamlakatimiz dunyo yuzida oʻz mavqe va eʼtiboriga ega boʻldi. Oʻzbekiston degan yurtni dunyo hamjamiyati koʻrsatayotgan ishlari va mamlakatlararo hamkorlik aloqalari tufayli eʼtirof etadigan boʻldi. Nufuzli xalqaro anjumanlarda oʻz nomidan ishtirok etadigan, koʻplab davlatlar bilan erkin savdo iqtisodiy, madaniy-gumanitar va koʻplab sohalarda bitim va shartnomalar tuzadigan boʻldi. Tom maʼnoda Oʻzbekiston oʻz oʻrniga ega mamlakat sifatida jahon maydoniga chiqdi. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq oʻz yoʻnalishini belgilab oldi va bu yoʻldan ogʻishmay borish uchun izchil harakatlarni olib bordi. Natijada bugungi qisqa fursatga kelib juda koʻp olamshumul ishlarni amalga oshirdi. Tubdan burilish yasaydigan islohotlar roʻy berdi.

Bundan oʻttiz yil ilgarigi holat bilan taqqoslansa mamlakat har tomonlama yuksaldi, desam mubolagʻa qilmagan boʻlaman. Shu jumladan, bu siyosiy partiyalar hayotida ham oʻz aksini topdi. Yaʼni mamlakatimiz haqiqiy demokratik yoʻldan borib, koʻppartiyaviylik tizimini oʻrnatdi. Raqobatlashgan muhitda siyosiy partiyalarning soni koʻpligi va xilma-xilligi ommada fikrlar kengligini shakllantiribgina qolmay fuqarolik jamiyatining yuqori shakllanishiga ham hissa qoʻshdi.

1995-yilda tuzilgan Oʻzbekiston “Adolat” SDP (sotsial-demokratik partiyasi) ayni Mustaqillikning sharofatidan xalq hokimiyatining ifodasi sifatida maydonga chiqdi. Ijtimoiy tenglik, birodarlik sifatlarini oʻzida mujassam etgan partiyaning ulugʻvor gʻoyalari ortidan ming-minglab fuqarolar ergashdi. Xalq tomonidan saylangan deputatlar esa ushbu gʻoyalarning chin maʼnoda tashabbuskori boʻlishdi. Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashga, uni yana-da rivojlantirishga hissa qoʻshadigan qonunlar ishlab chiqib, uni amaliy hayotga xalq hokimiyatining asosi boʻlgan odamlar manfaatlari uchun tatbiq etishdi. Koʻplab loyihalarni ishlab chiqib, ular asosida turli sohalar rivojiga hissa boʻlib qoʻshiladigan, kamchiliklarni bartaraf etadigan ishlarni amalga oshirishdi. Toʻgʻri, bularga erishish oson boʻlgani yoʻq. Yillar davomida yaratilgan hayotbaxsh gʻoyalarning xalq orasida taniluvchanligi va yashovchanligi bunga asosiy omil boʻldi, desak yanglishmaymiz.

Demokratik rivojlanishlarning oʻsishi ayniqsa, oxirgi 3 yilda jadallashdi. Ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga amal qilinib, odamlarda fuqarolik pozitsiyasi shakllanishiga yoʻl ochildi. Buni oʻtgan yili Parlament hamda mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovlar jarayonlarida kuzatilgan oʻzgarishlarda ham yaqqol payqash mumkin. Yaʼni saylov jarayonlari shaffoflik tizimida oʻtdiki, buni dunyoning turi burchaklaridan kelgan kuzatuvchilar eʼtirofidan anglash mumkin. Toʻgʻri tanlangan yoʻl tufayli munosib nomzodlargina deputatlik maqomiga ega boʻlishdi. Aynan mustaqillik sharofati tufayli bu ishlarni amalga oshirish mumkinligini yaxshi bilamiz. Uning qadriga yetmoq, koʻz qorachigʻidek asrab-avaylamoq esa har birimizning oliy fuqarolik burchimizdir. “Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq”, - deganlaridek baʼzi bir insonlarning notoʻgʻri tushunchasi tufayli jamiyatga zarar yetmasligi zarur. Hech bir ish osonlikcha boʻlib qolmasligini, rivojlangan davlatlar ham hozirgi holatiga yetishi uchun hatto, asrlar kerak boʻlganligini yaxshi tushunib yetganimizdagina vatanparvarlik tuygʻusini dilimizda jo qilib birdamlikda yurtimiz rivojiga oʻz hissamizni qoʻshishimizga imkon boʻladi. Aks holda hamjihatsizlik oʻzgalar tarafidan oson yengilishimizga sabab boʻlishi mumkin. Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun yurakdan ona vatanga sadoqatimizni kuchaytirib, Mustaqilligimizni asrashimiz kerak. Insonlar ongidagi gʻoyaviy boʻshliq qachonlardir yoʻqoladi. Ammo uning oʻrnida yuksak intellektual dunyoqarash paydo boʻlishi uchun harakat qilishimiz zarur.

Bahrom VALIYEV,

Oʻzbekiston “Adolat” SDP

Toshkent shahar Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati