Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustaqillik ulug‘ saodatdir
12:58 / 2020-12-18

Biz ko‘nikib qolgan Vatan erkinligi, mustaqilligi, yurt taraqqiyotini ma’rifatparvar bobolarimiz orzu qilib, ammo unga erisholmay o‘tib ketdilar.

O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida bir paytlari atak-chechak qilib katta yo‘lda tetapoya qadam tashlayotganiga ham hademay o‘ttiz yil to‘ladi. Aslida istiqlol yo‘lidagi uning har bir odimi bir, o‘n, yuz maqola emas, qalin kitoblarga, necha-necha badiiy asarlarga arzigulikdir. Katta yo‘lga chiqqan bu mamlakat qancha qiyinchiliklar, mashaqqatlarni, og‘ir sinovu imtihonlarni boshdan kechirmadi, deysiz.

Bugun Vatanimiz jahon ko‘z o‘ngida yangilanayotgan, barcha sifatlari boricha ko‘zga tashlanayotgan, milliy yuksalish sari dadil intilayotgan O‘zbekiston tarzida bo‘y ko‘rsatmoqda. Darhaqiqat, jamiyat, hayot yangilanmoqda. Odamlarning fikr tarzi, o‘y-xayollari, orzu-intilishi, maqsad-muddaolari o‘zgacha. Endi ular o‘z haq-huquqlarini teranroq anglamoqda. Kamchiliklar, muammolar, qalqib turgan o‘tkir masalalarning xaspo‘shlanishi barham topdi. O‘zbekiston o‘zining ochiqlik, shaffoflikka intilayotgan siyosati tufayli ham jahonda obro‘ orttirayapti.

Odatda, eng ulug‘, eng aziz bayramimizni nishonlashga oid hujjat yoz faslida, Mustaqillik bayramiga aqalli ikki-uch oy qolganida e’lon qilinardi. Prezidentimizning kuni kecha 2020 yil 17 dekabrda qabul qilgan "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori, ehtimolki, ko‘plarimizni bosib o‘tilgan yillar, boshdan o‘tkazilgan mashaqqatli, sinovli kunlar, erishilgan marralar, galdagi vazifalar haqida teranroq o‘ylashga undagani rost. Qutlug‘ sana "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu shior ostida nishonlanishida ulkan ma’no bor. Zero, yangilanishlarsiz erkin hamda to‘kin hayotni tasavvur etish mushkul.

"Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari" degan g‘oya hayotimizning asosiy mazmun-maqsadiga aylangan bir davrda kamchiliklar, muammolardan yuz o‘girilmayapti. Ular boricha aytilayapti, maqbul yechim ham tinimsiz izlanayapti.

Mamlakat rivojidagi sa’y-harakatlar balandparvoz, tagi puch gaplar, maqtovu keraksiz tadbirbozlik bilan emas, amaliy ishlar, zahmatli mehnat bilangina natija berishidek hayotiy haqiqatni davlat rahbari takror-takror aytmoqda. Yurtdagi ma’murlik, oddiy fuqarolarning hayotdan rozi ekaniga asosiy mezon sifatida qaralmoqda. Adashganga, chorasizga, muhtojga rostmana ko‘mak qo‘li uzatilyapti. Odamlar o‘z haq-huquqini, g‘urur-sha’nini teran tanigani sayin erkinlik, oshkoralikni, yurtda kechayotgan o‘zgarishlarni o‘z bilganicha, o‘ziga qulay, mos tarzda talqin etayotganlarni ham xalqimiz ko‘rib, bilib turibdi.

Mustamlakachilikning qonli yo‘llarida xalqning eng ilg‘or, ziyoli, hur fikrli qatlami – ma’rifatparvar bobolarimizning mavh etilishi qanday oqibatlarga olib kelgani haqida teranroq fikrlayapmiz. Qatag‘on qurbonlari merosini chuqur o‘rganishdan avval ularning pok nomlarini tiklash, sha’niga aytilgan nohaq ayblovlarni olib tashlash, xotirasini e’zozlash yo‘lida mamlakat miqyosida salmoqli ishlar boshlangan.

Adabiyot, san’at, ilm-ma’rifatsiz milliy yuksalishni tasavvur etish qiyin. Ijod ahli uchun imkonsizdek ko‘ringan imkoniyatlar yaratilayapti. Ijodkor ziyolilar faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ustoz adib va shoirlar xotirasi ardoqlanib, merosi o‘rganilmoqda.

Bobolarimizning dunyoga aql bergan merosining aqalli changini ham ko‘zlarimizga to‘tiyo bilyapmiz. Turli sabablar bilan jahonning turli burchaklariga chiqib ketgan ma’naviy-madaniy xazinamizni o‘rganishga oid tashabbus turli ilmiy loyihalar ko‘rinishida amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Hayot ekan, kamchiligu muammo degani yuzaga qalqib chiqaveradi. Ta’lim-tarbiya, ona tilimiz mavqe-maqomini tiklashga jiddiy kirishdik. Tarixu taqdiri mushtarak bo‘lgan, biroq nedir sabablar bilan yuzko‘rmasga aylangan qo‘shnilar bilan yana inoqmiz endi. Egasi borligi unutilgan olis qishloqlar endi mamlakatning eng obod, fayzli go‘shalariga aylanmoqda. Dunyoni esankiratib qo‘ygan pandemiya sharoitida mamlakatimizdagi ezgu ishlar ko‘lami bir lahzada bo‘lsa-da to‘xtab qolmadi. Ha, aytsak, jild-jild kitoblarga mavzu bo‘lishga arzigulik ishlar bor!

Yuqorida nomi keltirilgan qaror bilan poytaxtimizda “Istiqlol” majmuasini tashkil etilib, u yerda mustaqilligimizning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan yodgorlik kompozitsiyasi barpo etiladi. Toshkent shahrida barpo etilayotgan yer usti metro halqa yo‘lini “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi” deb nomlanadi.

“O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtiriladi. O‘tgan davrda erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston” kitob-albomi, har bir sohada amalga oshirilgan islohotlar natijalarini yoritib beruvchi kitob-albom va to‘plamlar yuzaga keladi. Bularning bari istiqlol qadr-qimmatini yurakdan anglashga qaratilgan sa’y-harakatlarning rejasidir.

Mustaqillik quruq va balandparvoz tushuncha emas, balki hozirgi yosh avlod hali dunyoga kelmagan murakkab bir davrda ne mashaqqatlar, sinov va zahmatlar evaziga qo‘lga kiritilgan ne’mat ekanini anglash qanchalar oliy baxt!

Nazokat Usmonova,  O‘zA