“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” bosh g‘oyasini mujassam etgan bu yilgi tantanalar viloyat markazi Qarshi shahridagi amfiteatrda nishonlandi.
Mustaqillik – har kuni asrab-avaylashni talab qiladigan, xalqimizni yildan-yilga toblab, yangi marralarga yetaklashga safarbar etadigan muqaddas qadriyat. Mustaqillik – bu shunchaki rasmiy maqom emas, balki har bir fuqaroga taqdirini o‘zi belgilash imkonini beradigan buyuk ne’mat.
Bugun mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida inson qadrini yuksakka ko‘taradigan ulug‘vor o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Yurtdoshlarimizning ertangi kunga ishonchi kun sayin mustahkamlanmoqda. Bu ishonch qashqadaryoliklarning ham yuz-ko‘zlarida porlab turibdi.
[gallery-25060]
Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov bayram bilan barchani samimiy tabriklar ekan, so‘nggi yillarda viloyat hayotida yuz bergan o‘zgarishlarga ham to‘xtaldi.
– So‘nggi 8 yilda viloyatimiz iqtisodiyoti qariyb 4 karraga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan hududiy mahsulot 3 karraga oshdi, – dedi viloyat rahbari. – Ishbilarmonlik va investitsiya muhitining yaxshilanishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlari va sanoat korxonalari 2 baravarga ko‘paydi. Tasavvur ham qilmaganmiz, Qashqadaryoda elektrotexnika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, mebelchilik sanoatning asosiy drayveriga aylandi. Qashqadaryo brendi asosida ishlab chiqarish mahsulotlar eksport geografiyasi 15 tadan 55 ta davlatga kengaydi. Xorijiy korxonalar soni 6 baravarga ko‘payib, 300 tadan ortdi. Iqtisodiyotimizga 15 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Fidoyi tadbirkorlarimiz kuchi, salohiyati bilan hududiy sanoat hajmi 15 karra o‘sdi, ishsizlik va kambag‘allik kamaydi. Yaratilayotgan har bir ish o‘rni, qad ko‘tarayotgan har bir korxona, halqimiz og‘irini yengil qilayotgan har bir xizmat, eksport bo‘layotgan har bir mahsulot tadbirkorlarimizning jasorat bilan qilayotgan mehnati, tashabbusi va izlanishlari mahsulidir.
Ta’kidlash lozimki, viloyatda oxirgi yillarda 750 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 27 mingta oila xonadonli bo‘ldi. Paxta, g‘alla va meva-sabzavot hosildorligi oshdi. Birgina, Ko‘kdala tarvuzi dunyoning 10 dan ortiq mamlakatiga kirib bordi.
Qariyb 10 ming kilometrlik yo‘l ta’mirlandi, 320 ming xonadonning elektr ta’minoti yaxshilandi. Ichimlik suvi ta’minoti 37 foizdan 62 foizga yetkazildi. Ilk bora 300 mingta oilaga toza suv kirib bordi.
– Mustaqillik tom ma’noda bugun xalqimizning qadriyatiga aylandi, – deydi faxriy jurnalist Bo‘ri Norqobilov. – Bugun dunyoda kechayotgan ziddiyatli vaziyatda uning qadri kun sayin oshaveradi. Shukrki, yurtimiz tinch, turmushimiz farovon. Qarang, barchaning yuzida tabassum, hursandchilik. Necha kundan buyon mustaqillik arafasida foydalanishga topshirilayotgan ijtimoiy ob’ektlar haqida eshityapmiz, joylarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarining guvohi bo‘lyapmiz. Albatta, bularning barchasi mustaqillik bergan ne’matning samarasidir. Tinchligimizga ko‘z tegmasin.
Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan Miraki turizm zonasining tashkil etilishi mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini, turizm eksportini 2 karraga oshirdi.
2017 yilda viloyatda 326 ta bog‘cha bo‘lib, qamrovi atigi 13 foiz edi. Sohaga davlat ahamiyati darajasida e’tibor qaratilishi sabab bog‘chalar soni qariyb 4,5 mingtaga, qamrov 70 foizga, bog‘cha o‘rni 6 karraga oshib, 40 mingdan 240 mingga yetdi. Birgina, joriy yilning o‘zida 22 ming o‘rinli 502 ta bog‘cha ochildi.
Ta’limga investitsiya kiritayotgan, ayniqsa, xususiy maktab ochib, sifatli ta’limni yo‘lga qo‘yayotgan tadbirkorlar soni ko‘paymoqda. Mustaqillik bayrami arafasida qiymati 150 milliard so‘mlik 21 ta xususiy maktab ochildi. Natijada nodavlat maktablar soni 53 taga yetib, 10 mingdan ortiq o‘quvchi qamrab olindi. Hududlarda 600 dan ortiq yangidan maktab qurildi, rekonstruksiya qilindi. Ularda 150 mingga yaqin o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Bayram shodiyonalari el suygan san’atkorlarning chiqishlari bilan o‘zgacha shukuh oldi.
Ko‘kda porlagan mushakbozlik barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari