French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustaqillik nodavlat notijorat tashkilotlari nigohida
15:02 / 2020-08-30

Yurtimizda istiqlol yillarida mana shunday muassasalarga ham yoʻl ochildi. Partiyalar, harakatlar qatorida turli uyushmalar, jamoat va nodavlat tashkilotlari yuzaga keldi.


Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli, ijtimoiy faolligini oshirish, aholini jamoat va davlat ishlarini boshqarishga faol jalb etish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, tegishli sohalarda davlat siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etish va amalga oshirishda samarali qarorlar qabul qilishning gʻoyat muhim sharti hisoblanadi.

Bugun dunyoda fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz faoliyatlariga koʻngillilarni jalb etishi, maʼlum masalalarni hal qilishda aholini birlashtira olishi, eng muhimi, mahalliy muammolarni yechishda davlatga suyanch boʻla olishi bilan ham katta kuchdir.

Yurtimizda istiqlol yillarida mana shunday muassasalarga ham yoʻl ochildi. Partiyalar, harakatlar qatorida turli uyushmalar, jamoat va nodavlat tashkilotlari yuzaga keldi. Bugun birgina NNTning soni oʻn mingdan oshishi ham ularning nechogʻli salmoqli kuchga aylanganidan darak berib turibdi.

Albatta, gap nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari xususida ketsa, ular faoliyatining huquqiy asoslarini tilga olish joiz. Zero, Oʻzbekistonda bu institut ishini toʻla tartibga soladigan, qoʻllab-quvvatlaydigan qonunchilik asoslari yaratilgan. “Jamoat fondlari toʻgʻrisida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi, “Homiylik toʻgʻrisida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunlar bugun fuqarolik jamiyatining ushbu yoʻnalishini tom maʼnoda qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Amaldagi qonunlarga binoan NNTlarni davlat oʻzining grantlari, ijtimoiy buyurtmalari va subsidiyalari bilan moliyalashtirib kelmoqda.

Davlat byudjetidan nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash uchun mablagʻ ajratish yoʻlga qoʻyilgan. 2020-yilgi Davlat byudjetida ushbu sohaga 38 mlrd. soʻm ajratilgan. Albatta, istiqbolda bu boradagi ishlar yana-da takomillashadi. Davlat fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi. Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, shuningdek, Fond mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi tuzilgan. Fond va Parlament komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarning NNT, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga taqsimlash hamda ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Bunday ishlar NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari talabnomalari va Parlament komissiyasi qarorlariga muvofiq subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtma tarzida amalga oshiriladi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish orqali demokratik islohotlarni amalga oshirish hamda undan koʻzlangan maqsadga erishish mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining, shuningdek, Fond mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining faoliyati davlat va jamiyat, keng jamoatchilik oʻrtasidagi munosabatlarni yana-da liberallashtirishga hamda boshqaruv samaradorligini va taʼsirchanligini oshirishga xizmat qiladi.

Bunyodkor xalqimiz ertangi kunga yangi orzu-rejalar, ezgu niyat va yorugʻ umidlar bilan boqmoqdalar. Kelajagi buyuk Vatan fuqarolarining orzu-intilishlari esa hech shubhasiz oʻz samarasini berishi turgan gap.

Xalqimizning eng ulugʻ, eng aziz bayrami hisoblangan mustaqillik ayyomi barchamizga qutlugʻ boʻlsin!

Nasimjon ALIMOV,
Oʻzbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi.