Ular bu sovrinni 6-urinishda qo‘lga kiritishdi
Xalqimizning eng ulug‘ va eng aziz bayrami - O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi nafaqat jonajon yurtimiz, balki uzoq xorijdagi vatandoshlarimiz orasida ham keng nishonlandi. Xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida ikki haftadan ziyod davom etayotgan bayram tadbirlari doirasida futbol bo‘yicha o‘zbekistonliklar va dunyo o‘zbeklari o‘rtasida 9-shtatlararo “Mustaqillik kubogi” turniri bo‘lib o‘tdi.
"Mahalla USA" jamiyati tomonidan tashkil etib kelinayotgan bu turnirga qiziqish tobora ortib borayotir. Buni joriy yilgi musobaqalarda AQShning 10dan ortiq shtatidan jami 18ta xavaskorlar jamoasi g‘oliblik uchun kurashga kirishganidan ham bilish mumkin. Bir nechta jamoa arizalarni kech topshirgani yoki talabnomani to‘ldirishda xatolarga yo‘l qo‘yganligi bois musobaqaga qo‘yilmadi. Shu tariqa 18ta jamoa 3ta guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishdi.
"A" guruhi
"Lochin" (Kanzas)
"Uz-Galaxy" (Kaliforniya)
"O‘zbegim" (Nyu Jersi)
"Semurg‘" (Delaver)
"Samarqand" (Nyu York)
"Vodiy" (Ohayo)
"B" guruhi
"Hamkor-Uz" (Ohayo)
"Turon" (Pensilvaniya)
"Barlos-Chikago" (Illinois)
"Atl Uzbeks" (Kaliforniya)
"Do‘stlik" (Nyu York)
"New England" (Massachusets)
"C" guruhi
"Inter" (Florida)
"Uzb FC" (Nyu Jersi)
"Paxtakor" (Nyu York)
"Asaka" (Tennessi)
"Dinamo" (Nyu Jersi)
"Uzbek Chicago" (Illinois)
Har bir guruhdan dastlabki 2 o‘rinni egallagan jamoalar va 3-o‘rin sohiblaridan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 2ta jamoa pley-off bosqichida kurashni davom ettirishdi.
Chorak final
"Lochin" - "Barlos-Chikago" - 1:0
"Inter" - "Turon" - 2:0
"Uz-Galaxy" - "Uzb FC" - 1:0
"Hamkor-Uz" - "O‘zbegim" - 2:0
Yarim final
"Lochin" - "Inter" - 3:2
Uz-Galaxy" - "Hamkor-Uz" - 2:1
3-o‘rin uchun
"Hamkor-Uz" - "Inter" - 3:1
Final
"Uz-Galaxy" - "Lochin" - 2:1
Ta‘kidlash kerak, tashkilotchilar yosh avlod orasida musobaqaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish maqsadida har safar turnirga taniqli futbolchilar yoki futbol jamoatchiligi vakillarini taklif qilishadi. Birodar Abduraimov, Ravshan Ermatov, Server Jeparov, Odiljon Ahmedov va boshqalar shular jumlasidan. Bu galgi musobaqaga o‘zbek futboli yulduzlari, milliy terma jamoaning sobiq sardori, hozirda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Odiljon Ahmedov, O‘zbekistonning 2012-yilgi eng yaxshi futbolchisi Sanjar Tursunov, O‘zbekiston futbolchilar kasaba uyushmasi raisi Kamoliddin Murzoyev kabi yaqin o‘tmish yulduzlari tashrif buyurishdi. Darvoqe, Odiljon Ahmedov "Mustaqillik kubogi" turniriga ikkinchi bor kelishi.
- Mazkur musobaqaga 2023-yilda ham kelgan edim. Bu safargi turnirda tashkiliy jihatdan o‘sish ko‘zga tashlandi. Qolaversa ishtirokchi jamoalar soni ham o‘sayotgani quvonarli hol. Bundan anglash mumkinki, Amerikadagi yish vatandoshlarimiz orasida futbol ommalashmoqda. Qayerdaki ommaviylik oshsa, o‘sha yerda o‘sish, rivojlanish kuzatiladi. O‘tgan yildan e‘tiboran AQShda "Odil Junior" futbol maktabining filialini ochganmiz. Bugun maktabimiz tarbiyalanuvchilari bilan ham ko‘rishdik, muloqot qildik. "Odil Junior"da o‘zimizning namanganlik murabbiylar yoshlarga futbolning sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda. Umid qilamanki, kelajakda ular orasidan O‘zbekiston o‘smirlar, yoshlar, qolaversa milliy terma jamoasida to‘p tepadigan futbolchilar yetishib chiqadi, - dedi biz bilan suhbatda Odiljon Ahmedov.
Musobaqa yakunida go‘lib va sovrindorlar, shu bilan birga turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshilar tashkilotchilar tomonidan diplom, kubok va pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Ishtirokchilar esa turnir yakunida bir-biriga xayr deyishmadi, aksincha ko‘rishguncha deb tarqalishdi. Zotan bu musobaqa Amerikadagi vatandoshlarimizni bir maqsad atrofida birlashtirdi, zotan o‘zbek jamiyatlarining maqsadi ham shu emasmi aslida?!