Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Mustaqillik bayrami yurtimiz uchun eng ulug‘ va eng aziz ayyomlardan biri hisoblanadi. Chunki aynan shu kunda xalqimiz asriy orzu-umidlariga yetishib, o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy qadriyat va an’analarini asrab-avaylash hamda mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mustaqillik xalqimizga ozod va obod hayot qurish, yurt ravnaqi va kelajak avlodlar farovonligi yo‘lida buyuk marralarni ko‘zlash borasida beqiyos kuch-quvvat baxsh etdi. Shu bois, mazkur bayram har yili mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanib, xalqimiz qalbida yuksak g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Bugun “O‘zbekgidroenergo” AJ ma’muriy binosi hududida mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g‘oyasi asosida tashkil etilgan bayram tadbiri ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Unda “O‘zbekgidroenergo” AJ Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Inoyat Sunnatov so‘zga chiqib, tashkilot jamoasini ushbu qutlug‘ bayram bilan tabrikladi.
Mutaxassis ta’kidlaganidek, keyingi yillarda energetika sohasi jadal rivojlanmoqda. Bu jarayonda “O‘zbekgidroenergo” AJ amalga oshirayotgan ishlari va korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan “yashil” energiya muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Jamiyatimiz tashkil topgan 2017 yildan bugungi kunga qadar 450 megavattlik qo‘shimcha quvvatlar ishga tushirildi. Bugungi kunda korxona tarkibidagi umumiy gidroelektr stansiyalari sonini 100 dan oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu borada yangi qurilayotgan kichik, mikro va mobil GESlar muhim hisoblanadi. Aytish joizki, “O‘zbekgidroenergo” bir qator investitsiya loyihalari uchun moliya resurslarini jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Jumladan, “Zarchob-3” GES va Katta Andijon kanalida kichik GESlar kaskadi qurilishi uchun 5 million yevro va 122 million yuan miqdorida davlat kafolatisiz kreditlar jalb qilingan. 160 megavattli “Yuqori Pskem” GES loyihasi uchun AQSH moliya institutidan 70 million yevro, Xitoy moliya muassasalaridan esa 285 million dollar mablag‘ ajratish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Tashkilotimiz bugungi kunda mustaqil kredit reytingi bo‘yicha O‘zbekistondagi top-3 kompaniyalar qatoriga kirgani quvonarli. Bu yutuq esa kompaniyaning korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, xarajatlarni optimallashtirish, xatarlarni samarali boshqarish va energiya ishlab chiqarish samaradorligini oshirish borasida amalga oshirgan ishlari samarasidir, – dedi I.Sunnatov.

Tashkilotning bu yilgi rejalari yanada ulkan. 2025 yilda jamiyat tomonidan 405 million dollarlik va yillik ishlab chiqarish quvvati 912 million kilovatt-soatga teng 32 ta loyihani ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Bayram tadbirida milliy kuy-qo‘shiqlar ijrosi ishtirokchilarga xushnudlik bag‘ishladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA