French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustaqillik deklaratsiyasi – milliy manfaatlar tantanasi
14:22 / 2021-06-26

Bundan 31 yil muqaddam – 1990 yilning 20 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilindi.

Mazkur hujjat zamonaviy o‘zbek davlatchiligini barpo etish, uni mustahkamlash jarayonini boshlab berdi.

Bu hujjatning tarixiy ahamiyati shundan iboratki, unda o‘zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va asrlar davomida shakllangan boy an’analari, millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi, shuningdek, har bir insonning farovon hayot kechirishini ta’minlashdan iborat oliy maqsadi aks ettirilgan. Hujjat O‘zbekiston xalqining kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni chuqur his etgan holda qabul qilingan va u xalqaro huquq qoidalariga, milliy va umumbashariy qadriyatlar hamda demokratiya prinsiplariga tayanadi. 

Ushbu hujjatning o‘tgan asrning 90-yillaridagi o‘ta murakkab sharoitlarda qabul qilinishi O‘zbekiston xalqining mustaqillikka erishish yo‘lida har qanday qiyinchiliklarga qaramasdan dadil qadam tashlay olishining, mamlakat milliy manfaatlari ustuvor ahamiyatga ega ekanligining isboti deyish mumkin.

Mustaqillik deklaratsiyasi amalda 1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi Qonunini qabul qilishga, mamlakatimizning mustaqil rivojlanish yo‘lini tanlashiga asos yaratdi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqining o‘z tarixi va buyuk merosi bilan faxrlanishi, jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallashi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qildi.

Shu bilan birga, mazkur deklaratsiya nafaqat bugungi kunda mamlakatimizni boshqa davlatlar bilan o‘zining siyosiy, iqtisodiy madaniy va boshqa munosabatlarini amalga oshirishga, balki madaniyat va fanimizning o‘tmishdagi buyuk mutafakkirlari — Bahouddin Naqshband, Abu Rayhon Beruniy, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Najmiddin Kubro, Xoja Ahmad Yassaviy, Imom Abu Mansur Moturudiy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Ahmad Farg‘oniy, Hakim Termiziy, Xoja Ahror Valiy kabi ko‘plab nomlarni tiklashga xizmat qildi. 

Mustaqillikning o‘tgan davrida mamlakatimizning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalarida tub islohotlar amalga oshirildi. Ushbu islohotlar ko‘lami O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017 yil 7 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-sonli Farmoni asosida yangi tarixiy davrini boshlab berdi. Harakatlar strategiyasi mamlakatni yangi siyosiy sharoitlarda taraqqiy ettirishning beshta ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. bugungi kunda mazkur dasturiy hujjat doirasida amalga oshirilgan dolzarb vazifalar o‘z natijasini bermoqda.

Mazkur Farmon mamlakatimizning so‘nggi 4 yillik hayotida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishda, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga, iqtisodiyotni liberallashtirishda, ijtimoiy sohani rivojlantirish hamda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishda muhim dasturilamal hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan va davom etayotgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlashga, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Shu o‘rinda, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lishi, xalqimizning turmush farovonligi yanada yuksalishi, davlatimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini mustahkamlash, rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi uchun qator qonun hujjatlarini qabul qildi. 

Jumladan, 1991-2021 yillar mobaynida jamiyatimizdagi barcha sohalar faoliyatini tartibga solish uchun jami 762 ta qonun, Oliy Majlis palatalarining 1 526 ta qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 740 ta Farmoni va 3002 ta Qarori, Vazirlar Mahkamasining 11 228 ta qarori qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etilgan. Mazkur qabul qilingan jami 19 258 ta qonun hujjatlarini tahlil qilish natijalari shuni ko‘rsatadiki, ularning:

12 420 tasi 1991-2016 yillar oralig‘idagi davrga to‘g‘ri kelib, 
bu jarayonda 593 ta qonun, Oliy Majlis palatalarining 619 ta qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2144 ta Farmoni va 1335 ta Qarori, 7729 ta Hukumat qarorlari qabul qilingan;

6 838 tasi 2017 yildan 2021 yilning o‘tgan davri oralig‘iga to‘g‘ri kelib, ushbu jarayonda 169 ta qonun, Oliy Majlis palatalarining 907 ta qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 596 ta Farmoni va 1667 ta Qarori, Vazirlar Mahkamasining 3499 ta qarori qabul qilingan va amaliyotga tatbiq etilgan.

E’tibor qaratadigan bo‘lsak, qonun hujjatlarining 64,5 foizi mustaqillikning 25 yillik davri mobaynida qabul qilingan bo‘lsa, 
35,5 foizi oxirgi 5 yilga to‘g‘ri keladi. Bundan esa, Shavkat Mirziyoyevning Prezident etib saylangan kundan boshlab yurtimiz taraqqiyotining barcha sohalarida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishda, yangi O‘zbekistonni barpo etish sari dadil qadamlar tashlashda qanday natijalar ko‘zlanganligi va qanday marralarga erishilganligidan dalolat beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizning barcha sohalarida milliy manfaatlarning ta’minlanishi uchun, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud. Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatini rivojlantirish uchun ham keng ko‘lamli imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bu orqali O‘zbekiston iqtisodiyoti jahon bozori kon’yunkturasiga jadal moslashmoqda. Zero, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuvni taqozo etmoqda.

Darhaqiqat, o‘tgan tarixan qisqa davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay o‘zgardi. 

Bu borada mamlakatimizda inson manfaatlari, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash muhim o‘rin tutganini alohida qayd etish joiz. Shuningdek, gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat’iy davom ettirilayotgani diqqatga sazovor.

Ayni vaqtda, mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan yoshlar manfaatlarini himoya qilish doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelayotgani,majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berishkabi faoliyatlar asosiy ustivor vazifalar etib belgilanganligidan dalolat beradi. 

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirlayotgan o‘zgarish va yangilanishlar markazida yoshlar turibdi. Xususan, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish bugungi kunda mamlakatimizda umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratilayotganidan bilishimiz mumkin.

Xususan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilgan. Jumladan: 

birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish doirasida yurtimizdagi mavjud 800 dan ortiq madaniyat markazlarida 4 ming 522 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularga 1 ming 762 ta musiqa jihozi yetkazib berilgan. Umumta’lim maktablarida tashkil etilgan 36 ming 503 ta to‘garakka qariyb 1 million 100 ming o‘g‘il-qizlar qamrab olingan.

Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratib berish doirasida umumta’lim maktablarida 7 ming 64 sport to‘garagi tashkil etilgan. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan 7 ming 151 to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilib, mazkur yo‘nalishga 24,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar orasida kompyuter texnologiyalari va internetdan foydalanishni tashkil etish doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 52 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochilgan. Umumta’lim maktablaridagi kompyuter sinfxonalari soni 14 ming 940 ta. Axborot texnologiyalari yo‘nalishida tashkil etilgan 14 ming 972 ta to‘garakka 510 ming 340 nafar o‘quvchi qamrab olingan.

To‘rtinchi tashabbus – aholi, ayniqsa, yoshlar madaniyatini yuksaltirish, ular orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish masalasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 201 ta axborot-kutubxona markazidagi jami kitoblar soni 16 million 319 ming 587 tani tashkil qiladi. Ushbu axborot-kutubxonalar a’zolari soni 1 million 196 ming 233 nafardan iborat. 2020 yilda kutubxonalarga 150 ming 724 ta kitob yetkazib berilgan.

Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash doirasida ham e’tiborga loyiq chora-tadbirlar amalga oshirilgan. bugungi kunda yurtimizda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar soni 3 million 596 ming 406 nafarni tashkil qiladi. Joriy yilda 76 ming 198 yosh xotin-qiz ish bilan ta’minlangan, 15 ming 935 nafari kasb-hunarga o‘qitilgan. Mazkur maqsadlar uchun 76,2 milliard so‘m sarflangan. 

Ushbu islohotlarni davomchisi sifatida Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2020 yil 30 oktyabrda “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga ko‘ra mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha oilalar, sinflar, mehnat jamoalari va hududlar o‘rtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda o‘tkazish, har bir tuman (shahar)da turli sport tanlovlarini tashkil etish, barcha davlat organlari va tashkilotlarida rahbar va xodimlarning jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishini ta’minlash, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish belgilab berildi. 

Mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida, 2021 yildan boshlab mamlakatimizning 9 ming 146 ta mahallalarida 18 ming 292 ta jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport maydonchasi, 204 tuman (shahar)larida salomatlik va velosiped yo‘laklari bunyod etilishi rejalashtirilgan.

Albatta, ushbu islohotlar ham o‘z navbatida davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi»degan g‘oyasi mamlakatimizda Uchinchi Renessans – milliy taraqqiyotimizning yangi davri poydevorini yaratishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston bugungi kunda dunyo davlatlarining xalqaro anjumanlari, yirik forumlari o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy markazga aylanib bormoqda. Bunga shubhasiz, O‘zbekistonning tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish, jahonda o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashda quyidagi tamoyillar sabab bo‘layotganini ko‘rish mumkin: 

  • o‘zaro manfaaatlarni har tomonlama hisobga olgan holda, munosabatlarni teng sheriklikka asoslangan holda rivojlantirish; 
  • teng huquqlik va o‘zaro manfaatdorlik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
  • hamkorlik uchun ochiqlik, umuminsoniy qadriyatlarga, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga sodiqlik;
  • xalqaro huquq normalariga asoslanish;
  • tashqi aloqalarni ham ichki tomonlama ham ko‘p tomonlama kelishuvlar asosida rivojlantirish.

Ushbu tamoyillar O‘zbekistonni ko‘plab muhim xalqaro konvensiyalarga qo‘shilishiga, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning teng va to‘la huquqli a’zosiga aylanishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, hozirda O‘zbekiston BMT, SHHT, MDH, YeHXT va IHT kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgani hech kimga sir emas. 

Umuman olganda, Mustaqillik deklaratsiyasi xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik sifatida mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida muhim kafolat bo‘lib xizmat qilmoqda.

Aynan ushbu dasturilamal hujjat asosida mamlakatimizda milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibot, chegaralar daxlsizligi, jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhiti, iqtisodiy barqarorlik ta’minlab kelinmoqda.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, Mustaqillik deklaratsiyasi mamlakatimiz har bir fuqarosining hayotida muhim o‘rin egallaydi. Shu nuqtai nazardan, uning tarixiy ahamiyatini tinch va farovon mustaqil diyorimizda unib-o‘sayotgan har bir yosh avlod bilishi lozimdir.

Dilmurod Maxmudov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

huzuridagi Strategik va mintaqalararo

tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi