Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustaqillik bergan imkoniyat bilan zamonaviylik sari: milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari!
08:03 / 2021-08-06

«Yoshlarni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim».

Sh. Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgan dastlabki kunlardanoq erkin demokratik davlat barpo etish, xalqning ma’naviy boy va munosib hayotini ta’minlashdek ezgu maqsadni amalga oshirishga kirishdi. Biz tanlagan rivojlanish yo‘li jahon tajribalarini, shuningdek, asrlarga tengdosh milliy an’analar, urf-odatlarni, an’anaviy turmush tarzini har tomonlama hisobga olib, davlat va jamiyatni yangilash hamda taraqqiy ettirishga yo‘naltirilgan.

Istiqlolimizning qisqa davri mobaynida mamlakatda ijtimoiy, madaniy va halqaro hayotning deyarli barcha tomonlariga taalluqli ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga qo‘shilishi bobida faol va samarali qadamlar qo‘yildiki, bu ko‘p jihatdan mamlakat fuqarolariga axborotdan erkin foydalanish imkoniyatlarini yaratish darajasi bilan bog‘liqdir.

Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yuksaltirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Prezidentimizning «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risidagi»gi PQ-3271- sonli qarori dasturilamal bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, Prezidentimizning ushbu qarorida belgilangan vazifalar, bir tomondan, azaldan kitobsevar xalqimiz, shu jumladan yoshlarimizning kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yuzasidan hozirgi zamon talablari darajasida juda keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yaqin vaqt oralig‘ida O‘zbekistonimizning tom ma’noda kitobxonlar yurtiga aylanishiga xizmat qilmoqda.

Aholining axborot olishga, axborot-kutubxona muassasalari faoliyatidan erkin, tez va sifatli foydalanishga bo‘lgan imkoniyatlari qay darajada rivoj topganiga bir nazar tashlagan inson albatta faxr va iftixor tuyg‘usini his etadi.

Muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual ehtiyojlarini qondirishga, madaniy-ma’rifiy qadriyatlarni saqlashga qaratilgan mutlaqo yangi, zamonaviy ko‘rinishdagi axborot-kutubxona tizimini yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada, ayniqsa, axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini rivojlantirishning qonunchilik asoslarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2011 yilda qabul qilingan «Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona resurslarini shakllantirish hamda aholiga sifatli axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni tashkil etish borasida davlat organlari va axborot-kutubxona muassasalarining vakolat va vazifalarini belgilab berdi. Ushbu qonunning ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosida axborot kutubxona muassasalarining samarali faoliyatini ta’minlash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni intellektual ehtiyojlarini qondirishga, madaniy-ma’rifiy qadriyatlarni saqlashga qaratilgan mutlaqo yangi tipdagi axborot kutubxona tizimini yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Barchaga ayonki, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan XXI asrda axborot siyosati madaniy siyosatning bir bo‘lagi hisoblanadi. Shu ma’noda, Yurtboshimizning qator qarorlari va sohaga oid qonunning qabul qilinishi kutubxonachilik ishida tarixiy voqea bo‘lib, an’anaviy kutubxona xizmati ko‘rsatishdan zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishga asos solindi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: «Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda» mujassamdir.

Ayniqsa, yoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan ko‘plab ma’rifat maskanlari barpo etilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi uchun yangi binoning qurilishi, ana shunday zamonaviy koshonaga joylashtirilganligi ham mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifat rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlik va e’tiborning davomi hamda yana bir namoyishi bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Faxr bilan aytish joizki, mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifat, ilm-fan va madaniyat hamisha yuksak qadrlangan.

Azim poytaxtimiz chiroyiga chiroy qo‘shgan «Ma’rifat markazi» va Milliy kutubxona o‘zbek milliy shaharsozlik maktabining yana bir yorqin namunasi ekanligini bir bor tashrif buyurgan kishigina aniq tasavvur etadi. Zero, u buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan boqiy obidalar singari Vatanimiz shuhratini olamga yoyishga, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarimiz hech kimdan kam bo‘lmagan shart-sharoitlarda o‘qib izlanishi va kamolga yetishiga xizmat qilishi shubhasiz.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mamlakatimizda milliy va jahon madaniyatini, fan va ta’limni rivojlantirish yo‘lida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etuvchi va amalga oshiruvchi universal axborot-kutubxona muassasasi hisoblanadi. Uning boy va nodir axborot-kutubxona fondi ma’naviy merosimiz va milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismidir. Shu ma’noda, ushbu ziyo maskani avvalambor yoshlarimizni yuksak siyosiy bilimli, yetuk intellektual bilim va salohiyatga ega, erkin fikrlovchi insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilishi tabiiy.

Islohotlarning taqdiri, samarali natijalar berishi va istiqboli aholining ayniqsa, yoshlarning faolligiga, ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokiga bog‘liq. Chunki davlatning ijtimoiy-siyosiy salohiyatini belgilovchi omillardan biri mamlakat yoshlarining faolligi, aql-zakovati va fidoyiligidir.

Mamlakat hayotida sodir bo‘layotgan ijtimoiy o‘zgarishlar axborot-kutubxona muassasalarining faoliyati, yosh avlodning jamiyatdagi o‘rni masalasiga yangicha yondashishni taqozo etmoqda. Shunday ekan, hozirda eng dolzarb vazifalardan biri, yoshlarni huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy dunyoqarashini shakllantirish, ta’lim-tarbiya berish jarayonida yangi usul va uslublarni yaratishdan iboratdir. Ularda siyosiy yetuklik, bag‘rikenglik, tashabbuskorlik, intiluvchanlik kabi insoniy fazilatlar mukammal shakllanishi kerak. Qachonki, barkamol avlodning siyosiy, ma’naviy yetuklik darajasi yuqori bo‘lgan taqdirdagina ular ijtimoiy hayotning taraqqiyot qonunlarini, huquqiy davlat mohiyatini va uning insoniyatga adolatli hayot kechirishda yagona kafolat ekanligini chuqur idrok etishi mumkin.

Ana shunday ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun mustaqil mamlakatimizda barcha shart-sharoitlar, keng imkoniyatlar, yetarli huquqiy mexanizmlar bisyor.

Hozirgi kunga kelib, mamlakatimizning eng yirik ziyo maskanida xalqaro tajribani va kutubxona foydalanuvchilarining, eng avvalo, yoshlarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda, qiroatxona zallarining ixtisoslashuvi va joylashishi takomillashtirildi. Ixtisoslashtirilgan elektron kutubxona zali, multimedia texnologiyalari zali tashkil etildi, barcha zallarda Internet tarmog‘idan foydalanish ta’minlandi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiya texnologiyalari agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tasarrufidagi tasarrufidagi 14 ta Axborot-kutubxona markazlari avtomatlashtirilgan mahalliy kompyuter tarmoqlari bilan jihozlanib, Internet tarmog‘iga ulanganligi foydalanuvchilarga yanada qulaylik yaratadi. Bir so‘z bilan aytganda, asosiy maqsad yoshlarda mustaqil ravishda axborot olishga bo‘lgan intilish va qiziqishni kuchaytirish, ularni yangi chop etilgan ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy, o‘quv-badiiy adabiyot bilan batafsil tanishtirish bilan birga kitob mutolaasini ommalashtirish, axborot madaniyati darajasini oshirish, internet tarmog‘ida milliy kontentni rivojlantirishga hissa qo‘shish va internetni axborot-kutubxona xizmatidagi imkoniyatlarini yanada oshirishga qaratilgan. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini integratsiyalashtirish nafaqat kitobxonlar foydalanadigan kitoblar sonini ko‘paytirish, balki mamlakatimizda madaniyat va ilm-fanning yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi.

Bevosita islohotlarning davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Olmazor tumanida A.Qodiriy va A.Cho‘lpon nomli kutubxonalar binosi qurib bitkazildi. Asosiy maqsad kutubxonalarning poytaxt maktablari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon ijodini yoshlarga chuqurroq o‘rgatish zarurligi, aholining dam olishi uchun qulayliklarni zamon talablari darajasiga oshirish, bir so‘z bilan aytganda, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishdan iboratdir. 2019 yil 13 yanvarda Bosh vazir A.Aripov tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilish qarorining 31 bandiga asosan ushbu kutubxonalar Toshkent shahar «Bilim» Axborot-kutubxona markazi tasarrufiga berilganligi poytaxt aholisiga va ayniqsa yoshlarga berilayotgan yuksak imkoniyatlar eshigini ochdi.

Jahonda keng tarqab borayotgan koronavirus pandemiyasi nafaqat insonlar sog‘lig‘iga xavf solmoqda, balki, davlat boshqaruvi, mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayoti uchun ham jiddiy sinov bo‘lmoqda. Bunday murakkab vaziyatda, davlat boshqaruvida to‘g‘ri qaror qabul qilish, barcha yo‘nalishda ishlarni to‘g‘ri tashkil qilish va jamiyatda hamjihatlikni ta’minlash muhim va dolzarb vazifadir. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonini qabul qilinishi ushbu illat tarqalishining oldini olish, ehtiyot choralarini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Farmonda koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurashish masalasiga kompleks yondashilganligi, mamlakatimizda vujudga kelgan murakkab vaziyatda, davlatimiz rahbari tomonidan to‘g‘ri qaror qabul qilinishi natijasida, barcha yo‘nalishda ishlar to‘g‘ri tashkil qilinmoqda, minglab mas’ul xodimlar kechayu-kunduz fidokorona mehnat qilmoqda, fuqarolarimiz o‘rtasida mehr-oqibat kuchaymoqda. Ishonchimiz komilki, ushbu murakkab vaziyat xalqimizni yanada jipslashtiradi. Maxsus komissiya tomonidan ham kechiktirib bo‘lmas ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni kunda butun dunyo ahli tahlikali vaziyat, og‘ir va sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Bunga barchamiz jiddiy holat sifatida qarashimiz va koronavirus degan baloyi qazoni daf qilishda bir tanu jon bo‘lib, birgalikda harakat qilishimiz davr taqozosidir. Dunyo mutaxassislari tomonidan tavsiya etilayotgan, talab etilayotgan tartib va qoidalarga har bir O‘zbekiston fuqarosining amal qilishini ta’minlashda biz har birimiz mas’uldirmiz. Boshga sinov tushganda kimning kimligi, qanday inson ekanligi bilinadi, odamlar yaxshi yomonga ajraladi, yaxshilar jipslashadi, ezgulik, yaxshilik yo‘lida birlashadi, bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbek xalqi azaldan «bir mayizni qirqqa bo‘lib yegan xalq» ekanligi barchamizga ma’lum. Demak biz hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib vatanimiz tinchligi, yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib yashashga tayyormiz!

Mamlakatimizda ogohlik, har qanday sharoitga tayyor turishdek oqilona, odilona olib borilayotgan siyosat darajasidagi chora-tadbirlarning ko‘rilishi natijasida pandemiya hamda karantin bilan bog‘liq mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, xalqimiz tushkunlik va sarosimaga tushgani yo‘q. O‘z yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan biron-bir tizim to‘xtab qolmadi. Chunki, yurtboshimiz vaziyatdan kelib chiqib, xalqimizning sog‘lig‘ini o‘ylab, har bir sohaning ishini boshqa shaklda tashkil etish orqali belgilangan tartiblar asosida yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni, «Aqliy mehnat, ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq faoliyat turlari masofadan turib, «onlayn» rejimda olib borilmoqda».

Islohotlarning davomi sifatida axborot-kutubxona sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi bir qator ustuvorliklar belgilanishiga olib keldi. Prezidentimiz tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusdan biri – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng taratib berilganligi ham biz mutaxassislarga dasturilamal hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, oxirgi besh yil davomida mamlakatimizda yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan kitob targ‘iboti, kutubxonalar faoliyati, kitobxonlik, mutolaa madaniyatini oshirishga qaratilgan masalalar davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, bir so‘z bilan aytganda olib borilayotgan islohotlar bizga tom ma’nodagi 3 ta muqaddas tushunchalarni ya’ni, kitob, kutubxona va kitobxonlikni qaytarib berdi.

Ma’lumki, har bir davlatning taraqqiyoti, uning yanada ravnaq topishi ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashi yuksak insonlar bilan bog‘liq. Albatta mazkur omillarning tub zamirida bevosita kitob turadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi va ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yuksaltirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahar «Bilim» axborot kutubxona markazi tomonidan keng aholi qatlamlari va ayniqsa yoshlarimizning uyda qolishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida maxsus ishlab chiqilgan chora tadbirlar asosida faoliyat olib bormoqdalar. Aholining ijtimoiy huquqlari, ya’ni aholining zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda muntazam bilim ta’lim va mustaqil ravishda bilim olishiga ko‘maklashish, milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni keng ko‘lamda targ‘ib qilish, xalqning madaniy-tarixiy merosidan bahramand bo‘lishni ta’minlash, ma’naviy boy va uyg‘un kamol topgan shaxsning ijodiy o‘sishiga imkoniyat yaratib berish maqsadida Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi, Uchtepa, Sergeli, Yashnobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek, Yakkasaroy, Shayxontohur, Mirobod, Yunusobod va Bektemir tumanlarida yaratilgan ijtimoiy tarmoqlar: har bir AKMning telegram kanallari, «Uyda qoling!» shiori ostida yaratilgan “Bilim kitoblar”, “Bilim Aksiya», «Bilim jonli ensiklopediya», «Detskiy mir», «Audio bilim», “Bilim kutubxonasi», «Aqlli karantin», «Ajdodlar merosi - ilm yog‘dusi» kabi onlayn yaratilgan ta’sirchan sahifalar faoliyatida o‘z aksini topmoqda.

Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek: Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish – buyuk maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir.

Orzular ro‘yobi: «Kutubxonachilar kuni» belgilandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyunda «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida» qarori qabul qilinishi sohaning yanada taraqqiyotga yuz tutishiga asos soldi.

Qarorda Respublikada ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilishning hozirgi bosqichida axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishning maqsadi va vazifalari jumladan, mamlakatimiz mustaqilligining ulkan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini aholiga keng va yoshlarga keng sarhibot qilish, mamlakatimizda «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasi asosida Yangi O‘zbekistonni bunyod etish borasida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan salmoqli yutuqlar, davlatimiz va jamiyatimizning bugungi taraqqiyot darajasi, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, harbiy-vatanparvarlik, ta’lim-tarbiya, yoshlar kamoloti, ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirish, milliy madaniyatimiz va san’atimizning betakror namunalari, qadriyatlarni ulug‘lash, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik muhitini mustahkamlashni tarannum etuvchi yangi uslubdagi qiziqarli, mazmunli va ta’sirchan ommaviy tadbirlar o‘tkazishga asoslangan yo‘nalishlarni belgilab berilganligi bilan yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur qarorda 2019-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish konsepsiyasi, sohani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga tegishli vazirlik, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Milliy kutubxona qoshida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazini tashkil etish, aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatish uchun sifat jihatidan yangi va qulay shart-sharoit yaratish, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida ularning ilmiy, ta’lim, axborot va madaniy ehtiyojlarini qondirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya, mustaqil ta’lim olish va muloqot doirasini kengaytirish usuli sifatida axborotdan foydalanish imkoniyatlarini yaratish, foydalanuvchilarga har qanday tashuvchilarda (bosma, multimedia va raqamli), shu jumladan Internet tarmog‘i yordamida sifatli axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish, o‘zining axborot-resurslarini yaratish va ularni doimiy to‘ldirib borish orqali kitobxonlarga an’anaviy xizmat ko‘rsatish usulidan ularni zamonaviy axborot-kutubxona xizmatlari bilan ta’minlashga o‘tish va aholiga masofadan axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirish va modernizatsiya qilish asosiy vazifa etib belgilandi.

Mazkur qarorga muvofiq kutubxona sohasida mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish asosida turdosh oliy o‘quv yurtlariga «Kutubxona-axborot faoliyati» yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul kvotalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish yuklatilganligi kelajakda sohamizdagi kadrlar qo‘nimsizligi muammosini bartaraf etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan, vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda, shu jumladan harbiy qismlarda idoraviy kutubxonalarni tashkil qilish (takomillashtirish), idoraviy kutubxonalarning kitob fondini va moddiy texnika bazasini yaratish, yangilash va to‘ldirish uchun davlat byudjeti, byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish belgilandi. Idoraviy kutubxonalarning kitob fondini yangilash va to‘ldirish uchun zarur nashrlar ro‘yxatini har yili shakllantirish mexanizmining belgilanganligi ham albatta o‘zining ijobiy samarasini beradi.

Ayniqsa, ushbu qarorda ko‘p minglab kutubxonachilarning azaliy orzusi ushlandi, «Kutubxonachilar kuni» belgilanishi bilan respublikamizdagi kutubxonachilarga Prezidentimiz katta e’tibor qaratdilar. Ya’ni, har yili 21 may Kutubxonachilar kuni deb belgilanib, bunda kutubxonachilarni ko‘p yillik halol mehnati va axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlash va rag‘batlantirish o‘z aksini topganligini o‘qib boshimiz osmonga yetdi. Albatta bu biz sohamiz vakillari uchun katta e’tibor, ulkan rag‘bat, e’tirof bo‘libgina qolmasdan, balki yuksak mas’uliyatdir. Mamlakatimizda «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» shiori ostida kitobxonlik madaniyatini oshirish, kitob mutolaasini yanada takomillashtirish orqali aholimiz va ayniqsa yoshlarimizni yuksak ma’naviyatli shaxslar qilib tarbiyalashda kuchli bilim, malakali tajribamiz va mavjud imkoniyatlarni safarbar etishga tayyormiz.

Mustaqillik yillarida sohamizga berilayotgan e’tibor va mutaxassislar faoliyatining yana bir e’tirofini joriy yilning 19 may kuni “Central Asia – 2021: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari» XIV Xalqaro konferensiyasi va «Kitob va mutolaa – jamiyat taraqqiyotining strategik resursi» Hamdo‘stlik Forumi doirasida axborot-kutubxona sohasi rivojiga, aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishning yangi tizimini yaratishga, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish ishlariga munosib hissa qo‘shgan, jamiyatda mutolaa madaniyati, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va yosh mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan hamda bu yo‘nalishda yuqori natijalarga erishgan soha mutaxassislarini «Axborot-kutubxona a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tganligida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

«Axborot-kutubxona a’lochisi» ko‘krak nishoni ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida tilga olingan qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 dekabrdagi 803-son qaroriga ko‘ra ta’sis etilganligi ham biz kutubxona mutaxassislari uchun juda muhim va quvonarli voqeadir.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta kutubxonachilik sohasida ilk marotaba ko‘p yillik vijdonli, kamtarona mehnati va axborot-kutubxona sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun 126 nafar kutubxonachi «Axborot-kutubxona a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Ha, bularning barchasi eng oliy ne’mat mustaqilligimiz tufaylidir.

Zero, Yurtboshimiz so‘zi bilan aytganda «Biz ma’naviyat va ma’rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz». Xalqimizning ma’naviyatini yanada yuksaltirish uchun amalga oshirayotgan ishlarimiz o‘z hosilini berib, bu sohada erishgan marralarimiz bilan biz hech kimdan kam bo‘lmasdan, eng rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishimizda muhim omil hisoblanadi. Mustaqil diyorimiz ko‘pgina manaman degan davlatlardan ma’naviy nuqtai nazardan, eng yengilmas kuchga ega bo‘ldi. Albatta, Yuksak ma’naviyatli xalqni hech kim yenga olmaydi.

Hurriyatparvar ajdodlarimizning asriy orzusini, xalqimizning tenglar ichra teng bo‘lish huquqini yuzaga chiqargan, milliy o‘zligimiz, qaddimiz va qadrimizni tiklagan, mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlayotgan, farzandlarimiz kelajagiga mustahkam zamin yaratayotgan aziz va mukarram – Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Hafiza KARIMOVA,

Toshkent shahar «Bilim»

axborot-kutubxona markazi direktori,

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi