Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustaqillik bayramida MIB xodimlari bellashdi
09:22 / 2022-09-03

Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi bayrami munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” bosh g‘oyasini o‘zida mujassam etgan sport musobaqalari o‘tkazildi.

Davlatobod tumanidagi 1-sonli Bolalar-o‘smirlar sport maktabida bo‘lib o‘tgan musobaqada Byuroning viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar bo‘limlari xodimlari stol tennisi, shaxmat bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Musobaqa nizomiga asosan stol tennisi bo‘yicha dastlab ishtirokchilar qur’a natijalariga ko‘ra, guruhlarga bo‘lingan holda kuch sinashdi. Guruh o‘yinlarida yuqori o‘rinlarni egallagan xodimlar g‘oliblik borasidagi kurashni davom ettirdi. Musobaqaning hal qiluvchi final uchrashuvida MIB inspektori Abdulbosit Hamroyevni yengan Byuroning viloyat boshqarmasi moliya-xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i Bahromjon Qo‘ziyev birinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda qo‘li ustun kelgan Yangi Namangan tumani bo‘limi davlat ijrochisi Oybek No‘’monov ham sovrindorlar qatoridan joy oldi.

“Aql gimnastikasi”, deya ta’rif beriladigan shaxmat musobaqasi ham qizg‘in kechdi. Unda sakkiz nafar ishtirokchi o‘z iqtidorini namoyish etdi. Final “jangi”da Javlon Kattaxo‘jayevni mot qilgan Murodjon Mullaxov muvaffaqiyatga erishdi. Kuchli uchlik esa Bekzod Mirzayevga nasib qildi. 

Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA