Prezidentimizning tegishli qaroriga ko‘ra, Mustaqillik bayrami munosabati bilan 1-4 sentyabr ketma-ket dam olish kuni sifatida belgilangan. Ana shu davrda xalqimiz salomatligini ta’minlash, xususan, bayram va qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarda mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida shtab tashkil etildi.
SSV matbuot xizmatiga ko‘ra, 1-4 sentyabr kunlarida quyidagi davolash-profilaktika muassasalarida 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimi qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi:
– 1028 ta oilaviy poliklinika,
– 956 ta oilaviy shifokor punkti,
– tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar,
– ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari,
– tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari.
Shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 182 ta aholi punktida joylashgan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yaratilgan.
Mamlakatimiz bo‘ylab 2 ming 724 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.
Bundan tashqari, 227 ta tug‘uruq, 245 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi.
Respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollaringizga malakali mutaxassislardan tunu kun javob olishingiz mumkin.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan bo‘limlarida ham 24 soat davomida 200 nafardan ziyod navbatchi shifokor, qariyb 200 nafarga yaqin vrach-laborant va yordamchi xodimlar o‘z faoliyatini davom ettiradi.
O‘zA