Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustaqillik bayrami katta shodiyona bilan nishonlandi
09:35 / 2025-08-31

Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘i amfiteatrida Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan badiiy-musiqiy, teatrlashtirilgan bayram tadbiri O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi sadolari bilan boshlandi.  

Viloyatning barcha tuman va shaharlaridan taklif etilgan davlat, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan andijonliklar, mehnat faxriylari, harbiylar, faol yoshlar ishtirokida o‘tgan bayram tadbirida so‘z olgan Andijon viloyati hokim Shuhratbek Abdurahmonov barcha andijonliklarni mustaqillikning o‘ttiz to‘rt yillik bayrami bilan muborakbod etib, mustaqillik yillarida mamlakatimizda, xususan, viloyatda qurilish, bunyodkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.  

- Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda hayotimizda, shuurimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar andijonliklarni yanada yuksak marralar sari ilhomlantirmoqda, - deydi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Bu mehnatlarimiz, erishayotgan natijalarimizda o‘z aksini topmoqda.  

Xususan, viloyatimizda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 2016 yilda 16 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, keyingi yillarda olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning boshiga kelib, hududiy mahsulot ishlab chiqarish xajmi 90 trillion so‘mga yetdi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmat ko‘rsatish sohalaridagi o‘sish uch barobarga ortdi.  Ta’kidlash joizki, ulkan qurilish maydoniga aylangan viloyatda yangi-yangi korxona, turar-joylar, yo‘l va ko‘priklar, infratuzilma ob’ektlari, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari barpo etildi.  

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda umumiy qiymati 9 trillion so‘mlik 1 ming 637 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada 25 mingta doimiy yangi ish o‘rni yaratildi.  

Ayniqsa, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish borasida salmoqli ishlar olib borildi. Jumladan 2020 yilda viloyatda ishsizlar soni 150 ming nafarni, ishsizlik darajasi 11 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ishsizlar soni 71 ming nafarga, ishsizlik darajasi esa 5 foizga tushirildi. Joriy yilning o‘tgan davrida 260 ming yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Birgina Mustaqillik bayrami munosabati bilan viloyatda qiymati 2,5 trillion so‘mlik 46 ta ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirilib, 5,5 mingta  yangi ish o‘rinlari yaratildi.  

Kambag‘allikni qisqartirish borasida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2021-2025 yillarda aholining kambag‘allik darajasi 21 foizdan 9,5 foizga tushirilib, kambag‘allik ikki barobarga qisqardi. Joriy yilning oxiriga qadar 33 ming oilaning 150 ming nafar a’zosini kambag‘allikdan chiqarish hisobiga kambag‘allik darajasini 5 foizga tushirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi ishlarni olib borishda tadbirkorlikni, xususan, kichik va xususiy biznesni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Mamlakatning iqtisodiy rivojida xorijiy investitsiyalarning o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etadi. Viloyatda bu borada ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Keyingi 3 yil ichida qariyb 2,4 milliard dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida 3,1 milliard dollar qiymatdagi xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.  

Viloyatdagi eksporter korxonalar tomonidan keyingi ikki yil ichida 2,2 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, eksport hajmi ikki barobarga oshdi. Joriy yilda eksport hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish belgilangan.  

Olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari natijasida Andijon respublikamizning eng obod, ko‘rkam hududlarida biriga aylanmoqda, ko‘plab yangi-yangi ob’ektlar barpo etilmoqda.

Viloyat hokimi viloyatda juda ko‘p sohalarda e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligi, umuman, andijonliklar mustaqillikning o‘ttiz to‘rt yillik to‘yini munosib yutuqlar bilan nishonlayotganligini ta’kidladi.  

[gallery-25069]

Shundan so‘ng Prezidentimiz farmoniga asosan, turli davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh andijonliklarga  unvon, orden va medallar topshirildi.  

Tadbirning badiiy qismida bolajonlar, sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, badiiy jamoalar, milliy-madaniy markazlar vakillari, taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari tomonidan ijro etilgan raqs, kuy va qo‘shiqlar barchaga hush va bayramona kayfiyat ulashdi.  

Yurtdoshlarimizga bayram shukuhini hadya etayotgan bu kabi tantanalar viloyatning barcha tuman va shaharlari, mahallalari, mehnat jamoalarida bo‘lib o‘tmoqda.  

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari