Prezidentimizning 2025 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bayramga bag‘ishlangan tadbirlar bu yil “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya ostida o‘tkaziladi.
Poytaxtimiz aholisi, yoshlari va mehmonlar uchun Milliy gvardiya qo‘mondonligi tashabbusi bilan Yakkasaroy tumanida joylashgan “Moviy gumbazlar” sayilgohida tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi, deyiladi Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazi ma’lumotida.

Tadbir davomida markazning Ashula va raqs ansambli hamda tuman madaniyat saroyi yosh iste’dodli xonandalari tomonidan konsert dasturi havola qilindi. Harbiy orkestr jamoasining musiqiy va kinologlarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Shuningdek, “Toshkent zebolari” raqs dastasi repertuarlaridan tomoshabinlar bahramand bo‘lishdi.

O‘zbek jang san’ati sportchi o‘g‘il qizlari tomonidan ko‘rgazmali harakatlar, yutuqli o‘yinlar, ertak qahramonlarining chiqishlari tashkil etildi.


Joylarda bayramni munosib qarshi olish uchun qator ko‘rik-tanlovlar, konsert dasturi uyushtirilmoqda. Bularning barchasi yurtimiz aholisi va yoshlarimiz ongida yurtga sadoqat, bugungi kunlarga shukronalik tuyg‘ularini yuksaltirib boraveradi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA