FOTOREPORTAJ
Andijon viloyati Asaka tumanidagi 36-umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi “Kelajak soati” darsi tashkil etildi. Dars maktabning 2- va 10-sinflarida “O‘zbekiston bayrog‘i” mavzusida ochiq dars shaklida o‘tkazildi.
Bugungi kunda mazkur ta’lim maskanida 1210 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ularga 107 nafar malakali o‘qituvchi va murabbiy ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ochiq darsning asosiy maqsadi o‘quvchilarga O‘zbekiston bayrog‘ining tarixi, undagi ramzlar mazmuni va davlat ramzlariga hurmat tushunchasi haqida asosiy ma’lumotlarni berish, yoshlarda milliy va umummadaniy qadriyatlarga hurmat, mas’uliyat va hamjihatlik tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Dars davomida o‘quvchilarga bayroqning qabul qilinishi, undagi ranglar va belgi-nishonlarning tarixi haqida multimedia vositalari asosida tushunchalar berildi. Interaktiv savol-javoblar, fikr almashish va amaliy topshiriqlar yordamida o‘quvchilarning mavzuga bo‘lgan qiziqishi yanada oshirildi.
[gallery-26314]
- Bugungi darsning asosiy maqsadi — bolalar ongiga bayrog‘imizga hurmat tuyg‘usini chuqur singdirish, - deydi xalq ta’limi alochisi, o‘qituvchi Orzigul Abdurahimova. - Bayroq — bizning mustaqilligimiz, tinchligimiz va istiqlol timsolidir. Dars davomida o‘quvchilar ranglar va ramzlarning ma’nosini bilibgina qolmay, davlat ramzlarining xalqimiz hayotida tutgan o‘rnini ham anglab oldilar. Bunday darslar yosh avlod ongida milliy g‘urur va Vatanga sadoqat tuyg‘usini kuchaytiradi.
Tadbir yakunida o‘quvchilar o‘rgangan bilimlarini umumlashtirib, davlat ramzlarini ardoqlash va ularga hurmat har bir fuqaroning burchi ekanini ta’kidladilar. Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy darslar yoshlarni vatanparvarlik, mas’uliyat va faol fuqarolik pozitsiyasi ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zA fotomuxbiri
Zuhriddin UMURZOQOV olgan suratlar.