Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustamlakachilar xalqimizni turkiy ildizdan uzish va “tarixi yo‘q olomon”ga aylantirish uchun qanday siyosiy nomni o‘ylab topgan edilar?
08:43 / 2025-11-29

Tasavvur qiling, butun bir xalqni aslida mavjud bo‘lmagan, kamsituvchi va ilmiy asoslanmagan nom bilan atashsa, bu qanday oqibatlarga olib keladi? XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston aholisi, xususan, o‘zbeklar ana shunday g‘alati vaziyatga tushib qolgan edi.

Rossiya imperiyasi ma’muriyati mahalliy o‘troq aholini “sart” deb atashni odat qilgan, bu so‘z rasmiy hujjatlardan tortib, pasportlargacha kirib borgandi. Biroq, bu nom ostida qandaydir etnik birlik yashiringanmidi yoki bu shunchaki mustamlakachilarning “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” siyosatining lingvistik qurolimidi? Jadidchilik harakatining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy 1914 yilda “Oyina” jurnalida e’lon qilingan turkum maqolalari orqali bu masalaga xuddi zamonaviy elshunos va tarixchi kabi yondashdi. U shunchaki hissiyotga berilmadi, balki tarixiy manbalar, jug‘rofiya va xalq og‘zaki ijodini “guvohlikka” chaqirib, “sart” so‘zining soxta va tahqirlovchi yorliq ekanini ilmiy isbotlab berdi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zining “Sart so‘zi majhuldur” (noma’lumdir) deb nomlangan tadqiqotida avvalo muammoning ildiziga e’tibor qaratadi. U rus missioneri va sharqshunosi N.P.Ostroumovning “Sartlar” kitobidagi da’volarga keskin, ammo asosli raddiya beradi. Behbudiyning ta’kidlashicha, “Sart” so‘zi na lug‘aviy, na etnik jihatdan biror bir urug‘ yoki millatni anglatmaydi. U o‘z davri uchun yangilik bo‘lgan usul – “dala tadqiqoti”ni qo‘llaydi. Behbudiy 20 yil davomida Samarqand qozixonasida faoliyat yuritib, minglab odamlar bilan muloqot qilganini, ammo biror marta biror kishi o‘zini “Men sartman” deb tanishtirganini eshitmaganini dalil qiladi. Bu oddiy kuzatuv emas, balki ijtimoiy-psixologik tahlil edi: xalq o‘zini urug‘-aymog‘i (o‘zbek, qipchoq, nayman, qo‘ng‘irot) yoki yashash joyi (toshkentlik, samarqandlik) bilan tanishtirgan, ammo “sart” so‘zini faqat chetdan kelganlar yoki ko‘chmanchi qo‘shnilar haqorat va kamsitish ma’nosida ishlatganlar.

Behbudiyning argumentlari zanjiri po‘latdek mustahkam mantiqqa qurilgan. U tarixiy manbalarni “so‘roqqa tutadi”. Agar butun boshli “Sart” degan xalq mavjud bo‘lsa, nega tariximizning eng ishonchli hujjatlarida ularning nomi yo‘q? Behbudiy Alisher Navoiy asarlari, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si, Abulg‘ozixonning asarlari va “Shayboniynoma” kabi kitoblarga murojaat qiladi. Ushbu manbalarning birortasida Turkiston aholisi “sart” deb atalmaganini, aksincha, aniq nomlar bilan zikr etilganini isbotlaydi. Bu bilan Behbudiy “Sart” atamasining sun’iyligini va uning tarixiy ildizga ega emasligini ko‘rsatib berdi. Uning yozishicha, hatto Amir Temur davridagi 92 o‘zbek urug‘i ro‘yxatida ham bu nom uchramaydi. Demak, bu so‘z mustamlaka ma’muriyati tomonidan mahalliy aholini yagona turkiy ildizdan uzish va ularni mavhum, tarixi yo‘q olomonga aylantirish uchun qo‘llanilgan siyosiy atama edi.

Maqolaning eng qiziqarli qismlaridan biri – Behbudiyning toponimik (joy nomlari) tahlilidir. U Samarqand viloyatida yuzlab qishloqlar “Nayman”, “Do‘rmon”, “Xitoy”, “Mang‘it” kabi urug‘ nomlari bilan atalishini, ammo birorta ham “Sart” qishlog‘i yo‘qligini aytadi. Agar bu xalq bor bo‘lsa, nega ularning vatani, qishlog‘i, yeri yo‘q? Behbudiyning bu savoli o‘sha davrdagi rus etnografiyasining soxta nazariyalarini chippakka chiqardi. U hatto oddiy xalq orasidagi naqllarni ham esdan chiqarmaydi, ya’ni bu atama etnik emas, balki maishiy, savdo-sotiqdagi salbiy munosabatlardan kelib chiqqan laqab ekanini ochib beradi.

Behbudiyning bu kurashi shunchaki atamashunoslik bahsi emasdi. U millatning g‘ururini himoya qildi. Rus ma’muriyati rasmiy hujjatlarida, pasportlarda “sart” deb yozilishiga qaramay, aholi bundan or qilishini, o‘zini bunday atamasligini ta’kidladi. U “Oyina” jurnali sahifalarida ochiqchasiga bu atamaning naqadar begona ekanini ko‘rsatib berdi. Uning maqsadi aniq edi: millatni “noma’lum olomon” maqomidan chiqarib, uning tarixiy, madaniy va etnik ildizlariga ega bo‘lgan “Turkiston turklari” yoki “O‘zbeklar” ekanini ilmiy asoslash. Bu jadid bobomizning kelajak avlodga – bizga qoldirgan eng katta vasiyatlaridan biri edi: “O‘zligingni birovlar qo‘ygan laqabdan emas, ajdodlaring yozgan tarixdan izla”.

Bugungi kunda biz pasportimizda g‘urur bilan “o‘zbek” deb yozdira olayotganimiz zamirida, bundan bir asr muqaddam Behbudiy kabi ma’rifatparvarlarning qalami bilan olib borgan “janglari” yotibdi. Ular so‘z uchun, nom uchun kurashdilar, chunki bilardilarki, nomi yo‘qolgan millatning jismi ham yo‘qolishga mahkumdir. Behbudiyning bu tadqiqoti nafaqat elshunoslik, balki milliy g‘urur masalasi sifatida qadrlidir.

Alisher Egamberdiyev, O‘zA