2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” munosabati bilan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Sog‘lom fikr – sog‘lom jamiyat” loyihasiga start berildi.
Mazkur loyiha yangi oila qurgan hamda oila qurish arafasida bo‘lgan yoshlar o‘rtasida partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni, xususan, milliy qadriyatlarni asrash, mustahkam oila institutini rivojlantirish va ma’naviy barqaror jamiyatni shakllantirish g‘oyalarini keng targ‘ib etishni maqsad qilgan.

Loyiha doirasida Navoiy garnizonida joylashgan harbiy qism hamda Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda partiya viloyat Kengashi xodimlari, partiyadan saylangan mahalliy Kengash deputatlari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan partiya faollari jamiyatda oilaviy ajrimlar va nosog‘lom munosabatlarning ortib borishiga olib kelayotgan omillar haqida so‘z yuritib, oilada erkak kishining mas’uliyati, uning oila posboni sifatidagi o‘rni, shuningdek, farzandlar tarbiyasidagi o‘rni va rolini alohida ta’kidladi.

– Ayolga faqat uy-ro‘zg‘or yumushlarini bajaruvchi shaxs sifatida emas, balki sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalovchi, jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadigan inson sifatida munosabatda bo‘lish zarur, – deydi partiya viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Ochilova. – Oilada ayolning o‘rni va mavqei qanchalik yuksak qadrlansa, farzandlar tarbiyasi ham shunchalik mustahkam bo‘ladi. Zero, onaning ma’naviy salohiyati, bilim darajasi va dunyoqarashi kelajak avlodning shakllanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois, ayollarning zamonaviy bilimlarni egallashi, o‘z ustida ishlashi hamda ma’naviy kamol topishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish nafaqat oila barqarorligi, balki jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. Ayolning jamiyatdagi faolligi, ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishi esa sog‘lom fikr va yuksak ma’naviyatga ega avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida mazkur yo‘nalishdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi, keng jamoatchilikni qamrab olgan holda tashkil etilishi belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri