English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mustahkam hamkorlik ish samaradorligini oshiradi
20:58 / 2023-04-04

Buxoroda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) AQSH Kongressi huzuridagi Xalqaro Respublika Instituti (IRI) bilan hamkorlikda “Mahalliy davlat xokimiyati organlari bilan hamkorlikni mustahkamlashda Ombudsman va fuqarolik jamiyati institutlarining roli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati mudiri Saidbek Azimov kirish so‘zi bilan ochdi.  

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga berilayotgan e’tibor o‘z navbatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha joylardagi vakillari (ombudsman) faoliyatida ham o‘z aksini topmoqda. Buni Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakili faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.  

Ushbu mintaqaviy vakil, senator Abira Huseynovaning ta’kidlashicha, aholi tomonidan yuborilayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda mahalliy hokimlik organlari, Xalq deputatlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari va OAVlari bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan. Bu esa o‘z navbatida yechimini kutib qolgan muammolarni belgilangan muddatlarda hal qilish, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi farmoni ushbu muhim masalaga yanada jiddiy yondashish zarurligini talab etmoqda. Buxorodagi 3 ta jazoni o‘tash muassasasi, 1 ta tergov hibsxonasida vaqti-vaqti bilan olib borilayotgan o‘rganishlar chog‘ida huquqbuzarlik holatlari aniqlanmoqda. Mahkumlar bilan yuzma-yuz suhbatlarda O‘zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinganligi yangilanayotgan Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilganligi mamlakatimizda inson hayoti oliy qadriyat ekanligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilmoqda.  

[gallery-11271]

Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakili tomonidan 156 nafar mahkum bilan muloqotga kirishilgan. Ular uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib mavjud kamchiliklar bartaraf etilgan. Viloyatda inson huquq va manfaatlari himoyasi hududdagi jazoni o‘tash muassasalarida talab darajasida ekanligi e’tiborlidir.  

Davra suhbatida Yangilanayotgan Konstitutsiyaning inson huquq va manfaatlari himoyasiga qaratilgan 12-bob 69-75-moddalari yuzasidan batafsil so‘z yuritildi. Xalqaro tashkilotlarning bir qator istiqbolli va insonparvar loyihalarida buxorolik soha xodimlari ham faol ishtirok etayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan “Ombudsman qutilari” dagi mahkumlarning murojaatlariga ham alohida e’tibor qaratilayotgani, ushbu murojaatlar bilan tanishib chiqish va ijobiy hal etish vakolati faqat mintaqaviy vakil vakolatiga taalluqli ekanligi qayd etildi.  

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi targ‘ibot tadbirlari endilikda o‘z samarasini berayotgani buning natijasi o‘laroq aholining huquqiy savodxonligi tobora oshib borayotganligi bo‘yicha ham mutasaddilar tomonidan tegishli fikr-mulohazalar bayon etildi. Ayniqsa “Inson huquqlari oliy qadriyat” mavzusida Buxoro davlat universiteti talaba-yoshlari, shuningdek, viloyatdagi bir qator mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan davra suhbatlari, seminar-trening va boshqa tadbirlar chog‘ida inson huquqlarini himoya qilishda Ombudsman institutining roli hamda uning yurtdoshlarimiz roziligiga erishish borasidagi faoliyati va o‘rni yuzasidan asoslantirilgan dalil va raqamlarga tayangan holda fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Davra suhbatida “Gumanitar huquqiy markaz” direktori Sh.G‘aniyev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimi, podpolkovnik R.Sunnatov, viloyat prokuraturasi mas’ul xodimi H.Yo‘ldoshev,  Yoshlar ishlar agentligi viloyat boshqarmasi xodimi Sh.Obidov, “Madad” muassasa shaklidagi NNT viloyat bo‘limi huquqshunosi N.Samadova va boshqalar muhokama etilgan masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalarini bayon etdi. O‘z vakolatlari doirasida bundan keyin ham tashabbus ko‘rsatib, faoliyat olib borishlarini va hech shubhasiz, shu yilning 30 aprelida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Referendumida inson huquq va manfaatlari to‘la-to‘kis himoya qilinadigan Yangilanayotgan Konstitutsiya uchun yakdillik bilan ovoz berishlarini ma’lum qildi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA