Joriy yilning fevral oyida Prezidentimiz rahbarligida Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida o‘zbek sportining yangi avlodini kamolga yetkazish maqsadida mutasaddilar zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan edi.
Yig‘ilishda 15-17 yoshli navqiron avlod vakillari sportning boks, dzyudo, taekvondo WT, og‘ir atletika, yunon-rum va erkin kurash, yengil atletika, stol tennisi, badiiy gimnastika, basketbol sport turlari bo‘yicha uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarini tashkil etish belgilab berilgan edi.

Davlatimiz rahbarining ana shu topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatida “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining taekvondo WT hamda yengil atletika sport turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan mintaqaviy bahslari keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tmoqda.
Jumladan, viloyat markazida tashkil etilgan taekvondo WT bahslarida Jizzax shahri, Baxmal, G‘allaorol va Forish tumanlaridan kelgan jami 243 nafar yosh sportchi g‘oliblik uchun bahs olib borgan bo‘lsa, Zomin tumanida o‘tgan bellashuvlarda maydon egalaridan tashqari, Zarbdor va Yangiobod tumanlaridan jami 200 nafarga yaqin yosh taekvondochilar 10 vazn toifasida g‘oliblik uchun tatamiga chiqishdi.

Sharof Rashidov tumanida esa sportning yengil atletika turi bo‘yicha o‘tgan “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarida Sharof Rashidov, Paxtakor hamda Zafarobod tumanlaridan jami 1000 nafardan ortiq yoshlar g‘oliblik uchun bahslashdi.
Ushbu bahslarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh sportchilar “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqasining ikkinchi, ya’ni viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishmoqda. Viloyat bosqichi g‘oliblari esa joriy yilning dekabr oyida Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarida ishtirok etadi. Shu sababdan ham hududlardagi barcha bellashuvlar keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tmoqda.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari