Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Musobaqa tahlili: Qit’a chempionatidagi natijalar kutilganidan yomon
13:10 / 2022-04-28

Joriy yilning 19-24 aprel kunlari Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionati terma jamoalarning umumiy holatini ko‘rsatib berdi.

Murabbiylar, mutaxassislar uchun qit’a va Olimpiya o‘yinlari uchun tarkibni belgilash, shogirdlarining imkoniyat darajasini, qaysi yo‘nalishlarda ishlash lozimligini aniqlashda o‘ziga xos mahorat maydoni bo‘ldi. 

Xo‘sh, mazkur nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik kurashchilar ko‘zlangan natijalarga erisha oldimi? 

Sportni rivojlantirish vazirligida ushbu masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda vazirlik, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi mutaxassislari, erkin, yunon-rum va ayollar kurashlari bo‘yicha mamlakat terma jamoasining bosh murabbiylari ishtirok etib, erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar, Osiyo va Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning borishi kabi qator masalalar xususida atroflicha so‘z yuritishdi. Mo‘g‘ulistonda o‘tgan qit’a chempionatida ishtirok etgan terma jamoaning umumiy natijalari tahlil qilindi. 

Xalqaro maydonda sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilayotgan har bir sovrinli o‘rin O‘zbekistonning xalqaro obro‘si uchun juda muhim bo‘lgan holda, boy berilgan kichik imkoniyat, saralashdagi mag‘lubiyat buning aksi ekanligini ham unutmaslik lozim. 

Zotan, har bir sportchining jahon musobaqalarida qatnashishi, tayyorgarlik ko‘rishi uchun davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilayotganligi, tizimli tarzda mablag‘lar ajratilayotganligi Vatanni ulug‘lash ne chog‘li ahamiyatli ekanligidan dalolat. 

Shu ma’noda, mamlakatimiz sportchilarining Ulan-Batordagi qit’a chempionatida 2 ta kumush va 6 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishi na qadar e’tiborli bo‘lganligini e’tirof etish asnosida, boy berilgan oltin medallar anduhi ham kam emas. 

Yunon-rum kurashchilarimiz Muhammadqodir Rasulov ilk bor qit’a chempionatida qatnashib, bronza medaliga ega chiqishi, Jalgasboy Berdimuratovning yangi vaznda kumush medal bilan kifoyalanishi shuningdek, Jasurbek Ortiqboyev, Mo‘minjon Abdullayev, erkin kurashchilarimiz Abbos Rahmonov va Bobur Islomovning bronzali bo‘lishi  kelgusi natijalar uchun umid. Lekin, polvonlarimizda bundan ham yaxshi natijalarni qayd etishi uchun texnik-taktik, ruhiy tayyorgarlik maromiga yetmaganligi bellashuvlarda ko‘rinib turdi.  

Mo‘g‘uliston gilamlaridagi bellashuvlar o‘tgan yillardagi Osiyo chempionatlariga nisbatan past natija qayd etilgani bilan tarixdan joy oldi. Muhokamalar jarayonida ko‘rsatkichlarning pastligi tahlil qilindi. 

Mamlakatimiz sport kurashchilari o‘tgan yili Qozog‘istonda o‘tgan qit’a chempionatida 19 davlat orasida umumjamoa hisobida 2 ta oltin, 4 tadan kumush va bronza bilan 7-o‘rinni egallagan edi. 2019 yili Xitoyda o‘tgan chempionatda 2 oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza bilan umum jamoada 4-o‘rinni, 2018 yili Bishkekda tashkillashtirilgan chempionatda 5 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza evaziga 20 ta davlat terma jamoalari orasida Xitoydan keyingi 2-o‘rindan joy olgan edi. 

Ko‘rinib turibdiki, 2018 yilgi yuksalishdan keyin qit’a chempionatlari natijalarida bir oz pasayish kuzatildi. 

Tahlillar davomida erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Olim Hikmatov, yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Ro‘ziqulov va ayollar kurashi bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi Adham Ochilov qit’a chempionati natijalari xususida to‘xtalib, ko‘zlangan natijalarga erishilmaganligining ob’ektiv va sub’ektiv sabablarini keltirishdi. Terma jamoalarimiz uchun yarim yildan beri xorijiy o‘quv-yig‘inlar o‘tkazilmaganligi, boshqa davlat terma jamoalari bu borada ancha ilgarilab ketganligini bildirishdi. 

Sport yakkakurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Muzaffarxo‘ja Raxmatxo‘jayev muhokamalar davomida birgina O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi emas, boshqalar ham xat-xujjatlar bilan ishlash tartibi, manitoringini to‘g‘ri olib borish, seleksiya masalalariga jiddiy e’tibor qaratishi lozimligini aytdi. 

Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov qit’a chempionatida qatnashgan har bir sportchi ishtirokini alohida tahlil qilish jarayonida qit’a o‘yinlari va Olimpiadada qatnashadigan asosiy tarkibni shakllantirish muhim masala ekanligini, murabbiylar kengashi va federatsiya mutasaddilari bu borada aniq tayyorgarlik dasturini ishlab chiqishi lozimligini ta’kidladi. 

Yig‘ilish yakunida Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrulla Mahmudov davlatimiz tomonidan terma jamoalarning nufuzli musobaqalarga tayyorgarligiga katta e’tibor qaratilayotgan, qo‘llab-quvvatlanilayotgan bir paytda kerakli yutuqlar qo‘lga kiritilmayotganligi federatsiyalarda bugungi kun talabidan kelib chiqib, menejerlik ishlari xalqaro darajada olib borilmayotganligidan, murabbiylar texnik-taktik mashg‘ulotlarda xalqaro tajribani belgilangan tartibda qo‘llamayotganligidan dalolat ekanligini bildirib o‘tdi. 

Yutuqlar o‘zimizniki. Bu bilan qancha faxrlansak arziydi. Ammo xatolar ustida ishlash, kamchiliklarni bartaraf etish bugungi kunning muhim vazifasidir. 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA