Musobaqa qatnashchilari Farg‘onaga yetib keldi
“Universiada – 2016” musobaqalarining final bosqichi ishtirokchilari Farg‘ona shahridagi xalqaro aeroportda tantanali kutib olindi.
“Universiada – 2016” musobaqalarining final bosqichi ishtirokchilari Farg‘ona shahridagi xalqaro aeroportda tantanali kutib olindi.Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada sport musobaqalari yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzining qaror topishi, ularning sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi, iqtidor va iste’dodini yuzaga chiqarishida, ularda mardlik, jasorat, bag‘rikenglik, birdamlik fazilatlarini shakllantirish, xalqaro maydonlarda Vatan sha’nini munosib himoya qilishga qodir malakali sportchi bo‘lib tarbiyalanishida muhim omil bo‘lmoqda
“Universiada – 2016” sport o‘yinlarida talaba-yoshlar 15 sport turi – basketbol, boks, voleybol, gandbol, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), tennis, futbol, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha bahslashadi.
– Universiada sport o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rdik, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Farrux Asatullayev. – Musobaqa ishtirokchilarining tantanali kutib olinishi bizni g‘oyat ruhlantirdi. Men mamlakatimizda o‘tkaziladigan uch bosqichli sport tizimining barcha bo‘g‘inlarida ishtirok etayotganimdan xursandman. Bu sport tizimi biz, yoshlarning katta sportda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishimizda o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi.
– Universiadaning taekvondo bo‘yicha o‘tkaziladigan bellashuvlarida qatnashaman, – deydi Buxoro davlat universiteti talabasi Farangiz Ismoilova. – Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari, jumladan, taekvondoning uch bosqichli uzluksiz sport tizimiga kiritilishi biz, yosh sportchilarning xalqaro maydondagi nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishimizga katta zamin yaratadi.
– Talaba-yoshlarning sport bayrami arafasida Farg‘ona shahri go‘zal qiyofa kasb etdi, – deydi Farg‘ona politexnika instituti talabasi Sitora Qo‘ziyeva. – Institutimizda ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Yangi sport zali qurildi. Bunday keng imkoniyatlar biz, yoshlarni yangi marralar sari ruhlantiradi. Musobaqa ishtirokchilari – yurtimizning turli hududlaridan kelgan tengdoshlarimga havasim keldi. Ularga “Farg‘onaga xush kelibsiz!” deymiz.